Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy asoslanganlik darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ““Oʻzbekiston-2030” strategiyasini Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son hamda “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-son farmonlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy asoslanganlik darajasini oshirish orqali sifatini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ““Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmonida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda manfaatdor shaxslar takliflarini oʻrganish mexanizmlarini joriy qilish belgilanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-son Farmonida:
davlat organlari tomonidan qonun loyihalari boʻyicha ushbu sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari xulosalari olinishi;
davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari xulosalari va muhokama natijalari boʻyicha materiallar loyihani Adliya vazirligi hamda hujjatni qabul qiluvchi organlarga kiritishda ilova qilinishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
a) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari:
qonun loyihalari boʻyicha — tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan begʻaraz asosda;
qonunosti hujjatlari loyihalari boʻyicha — tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy taʼlim muassasalari tomonidan kelishuv asosida ilmiy ekspertizadan oʻtkaziladi;
b) normativ-huquqiy hujjat loyihasini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha xulosa tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlib, xulosa loyihani ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan koʻrib chiqiladi;
v) loyihani ishlab chiquvchi tashkilot ilmiy ekspertiza xulosasida koʻrsatilgan taklif, eʼtiroz va fikr-mulohazalar yoki ularning bir qismini inobatga olmagan taqdirda, ular yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan holda kelishmovchiliklar jadvalini tayyorlaydi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Adliya vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy taʼlim muassasalarining elektron reyestri yuritiladi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy ekspertizasi natijalari boʻyicha xulosa Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali taqdim etiladi.
Adliya vazirligi ikki oy muddatda elektron reyestrni yuritish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etish va natijalari boʻyicha xulosa taqdim qilishni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida joriy etish choralarini koʻrsin.
4. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda manfaatdor shaxslar takliflarini oʻrganish mexanizmlarini joriy qilish maqsadida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bir oy muddatda:
ishlab chiqilayotgan yoki ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, loyiha boʻyicha takliflarni yuborish manzili, muddatlarini, olingan takliflar yuzasidan toʻldirilgan jadvalni oʻzlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borsin (davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek, xizmat doirasida foydalanish uchun grifiga ega loyihalar bundan mustasno);
zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini manfaatdor tomonlarni taklif etgan holda, ular ishtirokida muhokama qilish hamda ularning taklif va tavsiyalarini koʻrib chiqish amaliyotini joriy etsin.
Bunda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritishda loyiha ishlab chiquvchilarining rasmiy veb-saytlarida rasmiy eʼlon qilinganligi, manfaatdor tomonlar ishtirokida muhokama qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda olingan takliflar yuzasidan tegishli tahliliy jadvallar taqdim qilinadi.
5. Adliya vazirligi:
uch oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha namunaviy uslubiyotni tasdiqlasin;
vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilmiy ekspertiza institutini rivojlantirish, faol ilmiy ekspertlarni ragʻbatlantirish boʻyicha choralarni koʻrsin hamda loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha amaliy seminarlarni muntazam tashkil etsin.
6. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-yanvar,
29-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-yanvardagi 29-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini (keyingi oʻrinlarda — loyihalar) ilmiy ekspertizadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Loyihalarning ilmiy ekspertizasi quyidagi maqsadlarda oʻtkaziladi:
ijtimoiy munosabatlarni belgilashga, oʻzgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan normalarni normativ-huquqiy hujjatda belgilash zarurati, uning samaradorligi, atrof-muhit, inson hayoti, huquq va erkinliklariga taʼsirini zamonaviy ilm-fan yutuqlari nuqtai nazaridan ilmiy asoslanganligini oʻrganish;
ijtimoiy munosabatlardan kelib chiqayotgan muammolarga loyihada taklif etilayotgan yechimlarning shaklan va mazmunan ilmiy uslublarga muvofiq ishlab chiqilganligini atroflicha baholash;
qonun ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti, islohotlarni huquqiy taʼminlash jarayonlarining samaradorligini oshirish va ilmiy jihatdan asoslanganligini taʼminlash.
3. Loyihalarning ilmiy ekspertizasi qonuniylik, mustaqillik, xolislik va komplekslik kabi asosiy prinsiplarni hisobga olgan holda oʻtkaziladi.
4. Loyihalarni ilmiy ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlash loyihani ishlab chiquvchi tashkilotga (keyingi oʻrinlarda — ishlab chiquvchi) yuklanadi.
2-bob. Loyihalarni ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilotlar va ularning elektron reyestri
5. Loyihalarni ilmiy ekspertizadan oʻtkazish:
qonun loyihalari boʻyicha — tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan begʻaraz asosda;
qonunosti hujjatlari loyihalari boʻyicha — tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy taʼlim muassasalari tomonidan kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Adliya vazirligi tomonidan loyihalarni ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy taʼlim muassasalarining elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda — reyestr) yuritiladi.
Reyestr Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimiga (keyingi oʻrinlarda — elektron tizim) integratsiya qilinadi.
7. Loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilotlar arizasiga (soʻroviga) koʻra Adliya vazirligi tomonidan reyestrga kiritiladi.
Arizada (soʻrovda) loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilotning asosiy ilmiy faoliyat yoʻnalishi, tashkilot tarkibidagi ekspertlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ismi, familiyasi, otasining ismi, maʼlumot darajasi, ilmiy faoliyatdagi staji, ilmiy-publitsistik faoliyati natijalari) koʻrsatiladi.
Ariza (soʻrov) Adliya vazirligi tomonidan yetti kun ichida koʻrib chiqiladi.
8. Mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar taqdim etilmagan taqdirda, ariza (soʻrov) rad qilinadi. Loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilotlar zarur maʼlumotlarni arizada (soʻrovda) koʻrsatgan holda qayta murojaat qilish huquqiga ega.
3-bob. Loyihalarni ilmiy ekspertizadan oʻtkazish
9. Loyihaning ilmiy ekspertizasi qoida tariqasida loyiha ishlab chiquvchi tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgandan va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilgandan soʻng amalga oshiriladi.
10. Ishlab chiquvchi loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazish maqsadida reyestrga kiritilgan tashkilotga elektron tizim orqali yuboradi.
11. Loyihaning huquqiy jihatdan tartibga solish predmeti bittadan ortiq sohalarni qamrab olgan taqdirda, loyiha unda belgilanayotgan asosiy sohaga mos yoʻnalishda ilmiy faoliyat olib boradigan tashkilotga ilmiy ekspertizadan oʻtkazish uchun yuboriladi.
Ishlab chiquvchi loyihaning murakkabligi va kompleksligini inobatga olib, bir nechta ilmiy tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzgan holda ilmiy ekspertizani tashkil etishi mumkin.
12. Loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilot loyiha kelib tushgan kundan boshlab yetti kun ichida loyiha yuzasidan ilmiy asoslangan xulosasini ishlab chiquvchiga elektron tizim orqali taqdim etadi.
13. Loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilot:
loyihani zamonaviy, innovatsion ilmiy uslublar va yondashuvga asoslangan holda, betaraflik asosida ilmiy ekspertizadan oʻtkazadi;
ilmiy ekspertiza natijalari boʻyicha loyiha yuzasidan toʻliq, xolis va ilmiy jihatdan asoslangan xulosa beradi;
loyihani oʻz fikr-mulohazalari asosida ishlab chiquvchi bilan birgalikda maromiga yetkazish choralarini koʻradi;
ilmiy ekspertizani oʻtkazish davomida oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotning oshkor etilmasligini taʼminlaydi.
14. Loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
ishlab chiquvchidan ilmiy ekspertizani oʻtkazish uchun barcha zarur axborot va materiallarni, shu jumladan, ilmiy ekspertizani oʻtkazish jarayonida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha materiallarni soʻrab olish;
ilmiy ekspertiza obyekti boʻlgan loyiha boʻyicha ilmiy ekspertiza buyurtmachisi boʻlgan davlat organidan maslahatlar va zarur uslubiy yordam olish;
loyihaning sifatli ilmiy ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida zarur hollarda ilmiy ekspertizani oʻtkazish davomida uchinchi shaxslarni jalb etish.
15. Ilmiy ekspertiza natijalari boʻyicha xulosa ilmiy ekspertizani oʻtkazgan tashkilotning rasmiy blankasida rasmiylashtiriladi.
16. Ilmiy ekspertiza natijalari boʻyicha xulosada quyidagilar aks ettiriladi:
loyihada keltirilgan masalalarning nazariy va ilmiy asoslarga muvofiqligini oʻrganish natijalari;
loyihada nazarda tutilayotgan masalalarning tegishli sohada mamlakatni rivojlantirish konsepsiya va strategiyalari, zamonaviy yondashuvlarga mosligini oʻrganish natijalari;
loyihani takomillashtirish boʻyicha takliflar;
loyihani koʻrib chiqish davomida aniqlangan muammolar hamda ularning yechimlarini aniqlash uchun qoʻllanilgan ilmiy uslub, yondashuv va mexanizmlar;
ilmiy ekspertizani oʻtkazgan, shu jumladan, qoʻshimcha jalb etilgan ekspertlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
xulosa berishda foydalanilgan manbalar;
ilmiy ekspertizani oʻtkazish davomida aniqlangan, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan boshqa masalalar tahlili.
17. Ilmiy ekspertiza natijalariga koʻra quyidagi xulosalardan biri tayyorlanadi:
loyiha ilmiy asoslangan;
loyiha yetarli darajada ilmiy asoslanmagan;
loyiha ilmiy asoslanmagan.
18. Ilmiy ekspertiza natijalari boʻyicha xulosa ekspertizani oʻtkazgan tashkilot rahbari (istisno hollarda — uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
19. Loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha xulosa tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlib, xulosa ishlab chiquvchi tomonidan koʻrib chiqiladi.
20. Ishlab chiquvchi tomonidan ilmiy ekspertiza xulosasida koʻrsatilgan taklif, eʼtiroz va fikr-mulohazalar yoki ularning bir qismi inobatga olinmagan taqdirda, ular yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan holda kelishmovchiliklar jadvali tayyorlanadi.
21. Qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasasining xulosasi loyihani Adliya vazirligi hamda hujjatni qabul qiluvchi organlarga kiritishda majburiy tartibda ilova qilinadi.
22. Normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra loyiha qayta yoki qoʻshimcha ilmiy ekspertizadan oʻtkazilishi mumkin.
23. Adliya vazirligi yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organ ilmiy ekspertizani oʻtkazgan tashkilotga xulosada berilgan taklif, eʼtiroz, fikr-mulohazalarga aniqlik kiritish maqsadida soʻrov yuborishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoida
24. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2025-y., 09/25/29/0060-son; 01.07.2026-y., 09/26/350/0667-son)