Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasining “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-son va “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2024-yil 9-oktabrdagi OʻRQ-973-son qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-son Farmoni bilan 2024-yil 1-martdan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda boshqa shaxsga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berilganligi;
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarorida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasini qayta ijaraga berish (boshqa shaxsga oʻtkazish) koʻchmas mulkka oid bitimlarni rasmiylashtirish tartibida amalga oshirilishi va notarial tartibda tasdiqlanishi belgilaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasining ijarachisi yerni ijaraga olish shartnomasi boʻyicha oʻz huquqlari va majburiyatlarini yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda, boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) boʻyicha bitimni rasmiylashtirish uchun notarial idoraga oʻzi kelib murojaat qilishi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasi boshqa shaxsga faqat toʻliq hajmda qayta ijaraga berilishi hamda yerni ijaraga olish shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlar ijara muddatining qolgan davriga rasmiylashtirilishi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, yer uchastkasidan foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasining bir qismiga nisbatan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-yanvar,
6-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-yanvardagi 6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Quyidagi mazmundagi 34-band bilan toʻldirilsin:
“34. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasini yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha notarial idoraga murojaat qilish, bitimni rasmiylashtirish, yer uchastkasini boshqa shaxsga faqat toʻliq hajmda qayta ijaraga berish hamda yerni ijaraga olish shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlarni ijara muddatining qolgan davriga rasmiylashtirish tartibini nazarda tutuvchi Yer uchastkasiga boʻlgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) tartibi toʻgʻrisidagi nizom 33-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
2. Quyidagi mazmundagi 33-ilova bilan toʻldirilsin:
“Yer uchastkasiga boʻlgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yer uchastkasiga boʻlgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) tartibini belgilaydi.
2. Ushbu nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega boʻlgan qismi;
ijaraga oluvchi — yer oʻziga ijara huquqi asosida biriktirilgan va yer uchastkasi mavjud boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs (fermer xoʻjaligi, agroklaster, kooperatsiya, dehqon xoʻjaligi va boshqa tadbirkorlik subyektlari);
qayta ijaraga oluvchi — amaldagi ijaraga oluvchidan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini oluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs (fermer xoʻjaligi, agroklaster, kooperatsiya, dehqon xoʻjaligi va boshqa tadbirkorlik subyektlari);
UZKAD tizimi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazishning integratsiyalashgan axborot tizimi.
3. Yer uchastkasi qayta ijaraga oluvchiga koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni rasmiylashtirish tartibida oʻtkaziladi (qayta ijaraga beriladi).
2-bob. Yer uchastkasining ijara huquqini boshqa shaxsga oʻtkazishga doir asosiy talablar
4. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasi qayta ijaraga oluvchiga quyidagi talab asosida oʻtkaziladi (qayta ijaraga beriladi):
ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil davomida, ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda esa, kamida besh yil davomida oʻzi foydalangan boʻlishi shart. Ushbu muddat ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab hisoblanadi;
yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov oʻtkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berilgan yer uchastkalarini qayta ijaraga oluvchiga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab besh yildan keyin yoʻl qoʻyiladi;
ijaraga oluvchi ochiq elektron tanlov natijalariga koʻra yer uchastkasini ijara muddati boʻyicha teng taqsimlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarni yoki elektron onlayn-auksion savdolari natijalariga koʻra boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan toʻlovlarni bir yoʻla toʻliq toʻlashi shart;
yer uchastkasi hamda ushbu yer uchastkasi boʻyicha ijaraga oluvchining oʻz huquq va majburiyatlari yer uchastkasidan foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda toʻliq qayta ijaraga oluvchiga oʻtkaziladi;
ijaraga oluvchi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini qayta ijaraga oluvchiga oʻtkazishda (qayta ijaraga berishda), qayta ijaraga oluvchi yuridik shaxs boʻlishi talab etiladi, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ajratilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar bundan mustasno.
5. Jismoniy va yuridik shaxslar elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga olgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni ijara muddatining qolgan muddatiga qayta ijaraga oluvchiga oʻtkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin.
6. Ijaraga oluvchi tomonidan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar notarial idoraga (notariusga) taqdim etiladi.
7. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini qayta ijaraga berishda notarial idoraga (notariusga) yer uchastkasiga doir quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
yer uchastkasining ijaraga olish shartnomasi;
yer uchastkasining ijaraga olish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat (reyestrdan koʻchirma, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi guvohnoma);
yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi tuzilishiga asos boʻlgan ochiq elektron tanlov yoki elektron-onlayn auksion savdolari natijasida tuzilgan bayonnoma yoxud vakolatli davlat organlarining qarorlari;
yer uchastkasi qayta oʻlchovdan oʻtkazilib, oʻlchov natijasiga koʻra vakolatli organning ijobiy xulosasi (agar mavjud boʻlsa).
8. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini qayta ijaraga berishda, notarius tomonidan qayta ijaraga oluvchiga yer uchastkasini qayta oʻlchovdan oʻtkazish yuzasidan davlat xizmatidan foydalanish hamda vakolatli organning ijobiy xulosasini olish tavsiya etiladi.
Bunda qayta ijaraga oluvchi ushbu taklifni rad etgan taqdirda, yer uchastkasini boshqa shaxsga oʻtkazishga doir notarial tasdiqlanadigan bitimga yer uchastkasining ijara shartnomasida koʻrsatilgan yer uchastkasi maydoni va amaldagi maydonidan farq qilgan hamda ushbu yer uchastkasida noqonuniy qurilma (lar) qurilgan hollarda, javobgarlikni qayta ijaraga oluvchi oʻz zimmasiga olishi yuzasidan tegishli band kiritiladi.
9. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasini qayta ijaraga berishda, notarial idoraga (notariusga) yer uchastkasiga doir quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
yer uchastkasining ijaraga olish shartnomasi;
yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat (reyestrdan koʻchirma, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi guvohnoma);
yer uchastkasining ijaraga olish shartnomasi tuzilishiga asos boʻlgan elektron-onlayn auksion savdolari natijasida tuzilgan bayonnoma.
3-bob. Qayta ijaraga oluvchining yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
10. Yer uchastkasini qayta ijaraga oluvchiga oʻtkazishda (qayta ijaraga berishda) yer uchastkasining ijara shartnomasi davlat roʻyxatidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibida oʻtkaziladi.
11. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasini qayta ijaraga oluvchiga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) yuzasidan notarial tasdiqlangan bitimga muvofiq qayta ijaraga oluvchi jismoniy shaxs boʻlsa, u shartnoma imzolash uchun berilgan oʻn ish kuni ichida oʻzining yagona taʼsischiligida tashkil etilgan fermer xoʻjaligi yoki boshqa yuridik shaxs toʻgʻrisidagi axborotni yoxud dehqon xoʻjaligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestridan koʻchirmani davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi tegishli kadastr organiga bevosita yoki elektron shaklda yuboradi.
12. Qayta ijaraga oluvchi tomonidan mazkur Nizomning 11-bandiga muvofiq yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi axborot yoki dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reyestridan koʻchirmani taqdim etgandan soʻng kadastr organlari tomonidan qayta ijaraga oluvchining qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi uch ish kuni ichida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Bunda qayta ijaraga oluvchi tomonidan mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan talablar bajarilmagan taqdirda, kadastr organlari tomonidan qayta ijaraga oluvchining qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishga asos hisoblanadi.
13. Kadastr organlari tomonidan qayta ijaraga oluvchining qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng yer uchastkasining ijaraga oluvchisi oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi axborot (huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjat ilova qilingan holda) tegishli tuman (shahar) hokimligiga elektron shaklda yuboriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
15. Mazkur nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 09/25/6/0023-son)