O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrug‘i
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 25-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2565-13]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 9-oktabrdagi 23-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3686, 09.10.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 28-fevraldagi 53-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2565, 2014-yil 28-fevral) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 10-son, 110-modda) bilan tasdiqlangan Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-dekabr,
31-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-dekabrdagi 31-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar vazirliklar va idoralar tomonidan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, rasmiylashtirish, kelishish, qabul qilish, shuningdek qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularning kuchga kirish tartibini belgilaydi.”.
2. 1-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“idoraviy normativ-huquqiy hujjat — qonunchilikka muvofiq vazirlik va idora tomonidan qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat;”;
to‘rtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishli ravishda to‘rtinchi hamda beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
beshinchi xatboshidagi “qonunchilik hujjatlariga, mamlakatda olib borilayotgan” degan so‘zlar “normativ-huquqiy hujjatlarga, mamlakatda amalga oshirilayotgan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
“2. Vazirlik va idoralar O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son “Vazirliklar va idoralar me’yoriy hujjatlarining qonuniyligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlari, shu jumladan mazkur Qoidalarga muvofiq idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladilar.
Mazkur Qoidalarda idoralar deganda tegishli idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish yoki ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha vakolatlar berilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari (vazirlik tizimi yoki tashkiliy bo‘ysunuviga kiradigan ijro etuvchi hokimiyat organlari bundan mustasno) yoxud maxsus vakolatli davlat organlari tushuniladi.
3. Vazirlik va idoralar idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida va ularni ijro etish uchun qabul qiladi. Vazirlik va idoralar, agar ularga qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish yoki ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha vakolatlar berilgan bo‘lsa, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin.
Vazirlik va idoralarning tizimi yoki tashkiliy bo‘ysunuviga kiradigan ijro etuvchi hokimiyat organlari, tarkibiy bo‘linmalari va hududiy organlari idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli emas. Vazirlik va idoralar idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha berilgan vakolatni boshqa organlarga, shuningdek o‘zlarining tizimi yoki tashkiliy bo‘ysunuviga kiradigan ijro etuvchi hokimiyat organlari, tarkibiy bo‘linmalari hamda hududiy organlariga berishga haqli emas.”.
4. 4-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarini bajarish yuzasidan idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilish muddati, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, bir oydan oshmasligi lozim.”.
5. 5-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Huquqiy normalarni idoraviy normativ-huquqiy hujjat bo‘lmagan hujjatlarga (shaharsozlik normalari va qoidalari, fitosanitariya talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, ekologik normalar va qoidalar, veterinariya hamda veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari, xatlar, telefonogrammalar, xususiy masalalar bo‘yicha tushuntirishlar, yakka tartibdagi xususiyatga ega hujjatlar va boshqalar) kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Umum majburiy tusga ega bo‘lmagan, lekin umum majburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni o‘z ichiga olgan hujjatlar bekor qilinishi lozim va qo‘llanilmaydi.”.
6. 8-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Qarorlar idoralar nomidan qaror qabul qilish kollegial organlari tomonidan amalga oshiriladigan idoralar tomonidan qabul qilinadi.”.
7. 10-bandning ikkinchi xatboshisidagi “yoki boshqa hujjatlar tasdiqlashga” degan so‘zlar “tasdiqlanishiga” degan so‘z bilan almashtirilsin.
8. 13-banddagi “qo‘llash tartibini” degan so‘zlar “qo‘llashning aniqlashtiruvchi jihatlarini” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
9. 14-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Idoraviy normativ-huquqiy hujjatning amal qilish muddati butun hujjat yoki uning bir qismi uchun belgilanishi mumkin. Bunday holda idoraviy normativ-huquqiy hujjat yoxud uning bir qismi qaysi muddatga yoki qanday hodisa yuz berguniga qadar o‘z kuchini saqlab qolishi ko‘rsatilishi kerak.”
10. 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar unga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa qonunchilik hujjatlariga, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, shuningdek qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiq bo‘lishi shart.”.
11. 21-bandning ikkinchi xatboshisi qo‘yidagi tahrirda bayon etilsin:
“korrupsiya ko‘rinishlari va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan;”.
12. 2-bobning nomidagi “hujjat” degan so‘z “hujjatning” degan so‘z bilan almashtirilsin.
13. 22-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“22. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatning tuzilishi huquqiy tartibga solish predmetining izchil, mantiqan rivojlanib borishi va yoritilishini, shuningdek bo‘lajak hujjat bir xilda tushunilishi va qo‘llanilishini ta’minlashi lozim.”.
14. 24-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Muqaddimada idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishning sabablari, maqsadlari va vazifalari ko‘rsatiladi, shuningdek qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlarini (ularning moddalari yoki bandlarini) bajarish yuzasidan yoki ular asosida qabul qilinayotganligi ko‘rsatilishi shart. Bunda normativ-huquqiy hujjatlar turlari ularning yuridik kuchiga nisbatan ko‘rsatilishi kerak.”.
15. 27-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27. Hajmiga ko‘ra idoraviy normativ-huquqiy hujjat kamayib boruvchi quyidagicha tuzilmaviy birliklarga bo‘linadi:
bo‘limlar;
boblar;
paragraflar;
bandlar;
kichik bandlar;
xatboshilar. Ikkinchi va keyingi xatboshilarni bo‘lishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bo‘limlar rim, boblar esa arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega bo‘ladi. Paragraflar “§” belgisi bilan belgilanadi, arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega bo‘ladi.”.
16. 662-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“662. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni va Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash uslubiyatida (ro‘yxat raqami 3470, 2023-yil 31-oktabr) belgilangan tartibda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash bo‘yicha cheklist to‘ldiriladi va loyihani ishlab chiquvchining birinchi rahbari (istisno hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) imzosi bilan rasmiylashtiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga idoraviy normativ-huquqiy hujjat bilan birga taqdim qilinadi.”.
17. 68-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“68. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan;
fuqarolarning mehnat huquqlariga taalluqli masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan;
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan;
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan;
advokatlik faoliyati va sud ishini yuritish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiladigan masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan;
nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan;
fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishilishi lozim.”.
18. 70-banddagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi” degan so‘zlar “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
19. 91-bandning o‘n beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur bandning “d” va “e” kichik bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik normalari va qoidalari, fitosanitariya talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, ekologik normalar va qoidalar, veterinariya hamda veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari Shaharsozlik normalari va qoidalari, fitosanitariya talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, ekologik normalar va qoidalar, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini tayyorlash, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va hisobga olish qoidalariga (ro‘yxat raqami 3545, 2024-yil 6-avgust) muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi va hisobga qo‘yiladi.”.
20. 94-bandning “b” kichik bandidan “, davlat qo‘mitalari” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
21. 101-bandning ikkinchi xatboshisidan “, davlat qo‘mitalari” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 10/24/2565-13/1075-son)