Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 23-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 21-sentabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2024-yil 21-sentabrda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida davlat xaridlari sohasini tartibga soluvchi qonunchilik bazasi takomillashtirildi, shuningdek davlat xaridlarining shaffofligini taʼminlovchi va ularga doir maʼlumotlardan erkin foydalanish imkonini beruvchi elektron davlat xaridlari tizimi amaliyotga joriy etildi.
Shu bilan birga, davlat xaridlari jarayonini yanada soddalashtirish va ularni toʻliq raqamlashtirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratini hamda raqobat muhitini yanada kuchaytirish orqali tadbirkorlik subyektlarining ishtirokini kengaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga kichik qiymatli xarid uchun soddalashtirilgan tartib-taomil va ikki bosqichli davlat xaridlari kabi xarid qilish tartib-taomillarining yangi turlari joriy etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Shu bilan birga, barqarorlik prinsipi, markazlashgan davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmi, hadli kelishuvni tuzish va amalga oshirish tartibi, shuningdek davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish chogʻidagi manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha choralar hamda boshqa masalalar belgilanmoqda.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi davlat xaridlari sohasida shaffoflikni taʼminlashga va raqobat muhitini kengaytirishga, xarid qilish tartib-taomillarini xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasi asosida yanada takomillashtirishga, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini davlat xaridlarida yanada faol ishtirok etishga keng jalb qilish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 22-aprelda qabul qilingan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-684-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 289-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 4-modda:
quyidagi mazmundagi oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“ikki bosqichli davlat xaridlari — texnik jihatdan murakkab boʻlgan muayyan qiymatli tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) bir shartnoma boʻyicha ikki oʻzaro bogʻliq bosqichda oʻtkaziladigan davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli usuli;
kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili — davlat xaridlarini xarid qilish tartib-taomillarining ochiq axborot manbalaridan olingan narxlarni solishtirish yoʻli bilan yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) kamida uchta potensial yetkazib beruvchisidan narxlarni soʻrash orqali amalga oshirishning raqobatli usuli”;
oʻninchi — oʻn sakkizinchi xatboshilari tegishincha oʻn ikkinchi — yigirmanchi xatboshilar deb hisoblansin;
2) 5-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“barqarorlik”;
sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilari tegishincha toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;
3) quyidagi mazmundagi 111-modda bilan toʻldirilsin:
“111-modda. Barqarorlik prinsipi
Davlat xaridlaridagi barqarorlik davlat buyurtmachisining ehtiyojlarni aniqlash, xaridlarni amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrish, xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish, gʻolibni aniqlash, shartnomalar tuzish, shuningdek tovarlar oʻz isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotganidan keyin hosil boʻladigan chiqindilarning zararli taʼsiridan fuqarolarning sogʻligʻini va atrof-muhitni himoya qilish maqsadida mazkur tovarlarni yoʻq qilish (utilizatsiya qilish), shuningdek pirovard natijalarni baholash kabi jarayonlarning qisqa muddatli, oʻrta muddatli va uzoq muddatli iqtisodiy, ekologik hamda ijtimoiy oqibatlarini hisobga olgan holda davlat xaridlarini amalga oshirishga asoslanadi.
Barqarorlik prinsipini qoʻllashda davlat buyurtmachilari quyidagilarni eʼtiborga olishi kerak:
bozordagi qulay innovatsion yechimlarni, shuningdek barqarorlik talablariga toʻliqroq javob beradigan yangi, zamonaviy yondashuvlarni ragʻbatlantirishga boʻlgan ehtiyojlarni va imkoniyatlarni;
xarid qilinayotgan tovarlarning butun hayotiy davri davomidagi funksiyaviy va ekspluatatsiyaviy xususiyatlariga doir afzalliklarini hisobga olgan holda, ularni xarid qilish, ulardan foydalanish, ularga texnik xizmat koʻrsatish va ularni utilizatsiya qilish xarajatlarini;
xarid qilinayotgan tovarlarni ishlab chiqarish, yetkazib berish, ishga tushirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan energiya, suv, xomashyo, sarflash materiallari, ehtiyot qismlari sarf-xarajatlari, shuningdek ishlar yoki xizmatlar boʻyicha shartnomalarni bajarish, obyektni foydalanishdan chiqarish, obyektni tiklash yoki shartnomani bekor qilish hamda xarid qilinayotgan tovarning hayotiy davri davomida talab qilinishi mumkin boʻlgan boshqa chora-tadbirlar natijasida atrof-muhitga nisbatan taʼsirni, shu jumladan iqlim oʻzgarishini;
ijtimoiy oqibatlarni, shu jumladan amaldagi ijtimoiy rivojlanish siyosatiga muvofiq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarini yoki toifalarini qoʻllab-quvvatlashni, shuningdek taʼlim sifatini, kasbiy tayyorgarlik darajasini, fuqarolarning farovonligini hamda iqtisodiyotning raqobatbardoshliligini oshirishga nisbatan taʼsirini;
buyurtmalarni shakllantirishda va tovarlarni yetkazib beruvchilarni aniqlashda ekologik talablarni belgilashni, atrof-muhit ifloslanishining oldi olinishini hamda ekologik toza mahsulotlar xarid qilinishini ragʻbatlantirishni yoki milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga ikkilamchi xomashyodan va chiqindilardan tayyorlangan tovarlarni yetkazib beruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali koʻmaklashishni”;
4) 17-modda:
oltinchi xatboshisidagi “va tenderda” degan soʻzlar “tenderda va ikki bosqichli davlat xaridlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi yettinchi, sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“malakali ishtirokchilar oʻrtasida dastlabki malaka tanlovini va xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish tartibini belgilaydi;
markazlashgan davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini va markazlashgan xarid organini belgilaydi;
hadli kelishuv tuzish tartibini belgilaydi”;
yettinchi xatboshisi oʻninchi xatboshi deb hisoblansin;
oʻninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tarkibini tasdiqlaydi, shuningdek kelib tushgan shikoyatlarni u tomonidan koʻrib chiqish tartibini belgilaydi”;
quyidagi mazmundagi oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“davlat xaridlari sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi”;
5) 18-moddaning:
nomidagi “Moliya vazirligining” degan soʻzlar “Iqtisodiyot va moliya vazirligining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi qismidagi “Moliya vazirligi” degan soʻzlar “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“davlat xaridlari elektron tizimining operatori faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik shaxslarga ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qonunchilikda belgilangan tartibda beradi”;
beshinchi — oʻn uchinchi xatboshilari tegishincha oltinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
6) 20-moddaning oʻninchi qismidagi “va tenderni” degan soʻzlar “tenderni va ikki bosqichli davlat xaridlarini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 23-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ishtirokchi va uning affillangan shaxsi elektron doʻkon, kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili, auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash, tender va ikki bosqichli davlat xaridlari boʻyicha ayni bitta lotda ishtirok etish huquqiga ega emas”;
8) 25-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat xaridlari elektron tizimining operatori qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli organ tomonidan beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga asosan davlat xaridlarining subyektlariga davlat xaridlarining elektron tizimlarida xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatadigan yuridik shaxsdir”;
9) 27-moddaning toʻrtinchi qismidagi “Moliya vazirligining Gʻaznachiligi” degan soʻzlar “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
10) 30-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari quyidagilardan iborat:
elektron doʻkon;
kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili;
boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion;
eng yaxshi takliflarni tanlash;
tender;
ikki bosqichli davlat xaridlari;
toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha amalga oshiriladigan davlat xaridlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan ruxsat etilgan xaridlarning boshqa raqobatli turlari”;
11) 33-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davlat buyurtmachisi har bir davlat xaridini amalga oshirishda xarid predmetining narxini oʻrganishi shart”;
12) 34-moddaning:
uchinchi qismidagi “bundan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi xususiyatlarini taʼriflashning boshqa yetarlicha aniq usuli mavjud boʻlmagan hollar mustasno” degan soʻzlar “bundan elektron doʻkon vositasida amalga oshiriladigan xaridlar hamda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi xususiyatlarini taʼriflashning boshqa yetarlicha aniq usuli mavjud boʻlmagan hollar mustasno” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻninchi qismining ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin;
13) 36-modda:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining maʼlumotlar bazalarida ishtirokchining sud qarorlari boʻyicha bajarilmagan majburiyatlari mavjud emasligi”;
beshinchi va oltinchi xatboshilari tegishincha oltinchi va yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
14) 37-modda quyidagi mazmundagi beshinchi — toʻqqizinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Davlat buyurtmachilari tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ayrim toifalarini yetkazib berishga doir dastlabki malaka tanlovidan oʻtgan malakali ishtirokchilarning roʻyxatini yuritishi mumkin.
Eng yaxshi takliflarni tanlash, tender va ikki bosqichli davlat xaridlari jarayonida xarid qilish hujjatlarida nazarda tutilgan dastlabki malaka tanlovidan oʻtish toʻgʻrisidagi talab mazkur roʻyxatga kiritilgan ishtirokchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Davlat buyurtmachilari tomonidan ushbu roʻyxat yuritilishi toʻgʻrisidagi axborot maxsus axborot portalida eʼlon qilinadi va har olti oyda kamida bir marta yangilanadi.
Mazkur roʻyxatga kiritish talablariga yoki shartlariga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi axborot bunday oʻzgartirishlar kiritilgan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirilishi hamda ushbu roʻyxatga kiritilgan barcha ishtirokchilarga yetkazilishi kerak.
Malakali ishtirokchilar oʻrtasida dastlabki malaka tanlovini va xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
15) 38-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Birgalikdagi davlat xaridlari natijalari boʻyicha tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi axborot davlat buyurtmachilari tomonidan maxsus axborot portaliga shartnomalar tuzilgan sanadan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay joylashtiriladi”;
16) quyidagi mazmundagi 381 va 382-moddalar bilan toʻldirilsin:
“381-modda. Markazlashgan davlat xaridlari
Davlat xaridlari uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish maqsadida bir nechta davlat buyurtmachisi ayni bir turdagi tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) markazlashgan xaridini markazlashgan xarid organi orqali amalga oshirishi mumkin.
Markazlashgan xarid organi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, shu jumladan davlat buyurtmachisining tarkibidagi tashkilotlardan belgilanadigan yuridik shaxsdir.
Davlat buyurtmachilari markazlashgan xarid organi tomonidan xarid qilingan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) qabul qilib olgan taqdirda, davlat buyurtmachilari ushbu Qonunda nazarda tutilgan xarid qilish tartib-taomillariga rioya etgan deb hisoblanadi.
Markazlashgan xarid organi tomonidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati maxsus axborot portalida yuritiladi.
Davlat xaridlarini amalga oshirishda ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari markazlashgan xarid organi tomonidan buzilgan taqdirda javobgarlik markazlashgan xarid organining zimmasiga yuklatiladi.
Markazlashgan davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
382-modda. Hadli kelishuv
Davlat buyurtmachisi eng yaxshi takliflarni tanlash yoki tender natijalari boʻyicha aniqlanadigan bir nechta gʻolib bilan bir yildan uch yilgacha boʻlgan muddatga hadli kelishuv tuzishi mumkin.
Davlat buyurtmachisi xarid qilish hujjatlarida hadli kelishuvni tuzish shartlarini, shuningdek hadli kelishuvning amal qilish muddati davomida davlat buyurtmachisining kutilayotgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) umumiy hajmini koʻrsatadi. Bunda davlat buyurtmachisi hadli kelishuvda koʻrsatilgan toʻliq summa uchun shartnoma tuzishga majbur emas.
Hadli kelishuvni tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
17) 51-moddaning:
uchinchi qismidagi “qirq sakkiz soat” degan soʻzlar “ikki ish kuni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻn ikkinchi qismidagi “boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion yoki eng yaxshi takliflarni tanlash” degan soʻzlar “kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili yoki boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion yoxud eng yaxshi takliflarni tanlash” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi oʻn beshinchi va oʻn oltinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Savdolar yakunlariga koʻra shartnoma majburiyatlarini bajarish xarid qilish tartib-taomili ishtirokchisi tomonidan rad etilgan taqdirda davlat xaridlarining elektron tizimi gʻolibdan keyingi eng past narxni taklif etgan boshqa ishtirokchini gʻolib deb belgilaydi, bunda mazkur ishtirokchiga gʻolib tomonidan taklif etilgan narx asosida shartnoma tuzish taklif qilinadi.
Agar gʻolibdan keyingi eng past narxni taklif qilgan ishtirokchi shartnoma tuzishni rad etsa, davlat buyurtmachisi xaridni ushbu Qonun talablariga muvofiq kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili (ushbu Qonunning 511-moddasida belgilangan mezonlar doirasida) yoki boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion yoxud eng yaxshi takliflarni tanlash orqali amalga oshirishi mumkin”;
18) quyidagi mazmundagi 51-bob bilan toʻldirilsin:
“51-bob. Kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili
511-modda. Kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomilini amalga oshirish mezonlari
Summasi bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdoridan oshmaydigan (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdoridan oshmaydigan) davlat xaridlari xarid komissiyasining ishtirokisiz oʻtkazilishi mumkin, biroq bir moliya yilida bir korporativ buyurtmachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir ming baravari miqdoridan oshmasligi va bir moliya yilida bir budjet buyurtmachisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravari miqdoridan oshmasligi kerak.
Bunda gʻolib davlat xaridlari oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon joylashtirilmagan holda, ochiq axborot manbalaridan olingan narxlarni solishtirish yoʻli bilan yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) kamida uchta potensial yetkazib beruvchilaridan narxlarni soʻrash yoʻli bilan davlat buyurtmachisi tomonidan aniqlanadi.
512-modda. Kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomilini amalga oshirish natijalari boʻyicha shartnoma tuzish
Davlat buyurtmachisi kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomilini amalga oshirish asoslarini, shuningdek tuzilgan shartnomalar va ularga doir qoʻshimcha kelishuvlar toʻgʻrisidagi axborotni ular tuzilgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay maxsus axborot portaliga joylashtiradi.
Kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomilini amalga oshirish natijalari boʻyicha shartnoma davlat buyurtmachisi tomonidan tanlangan ishtirokchining taklifida koʻrsatilgan shartlar asosida hamda ishtirokchilar tomonidan taklif etilgan eng past narx boʻyicha tuziladi”;
19) 54-modda quyidagi mazmundagi oltinchi va yettinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Auksion yakunlariga koʻra, shartnoma majburiyatlarini bajarish xarid qilish tartib-taomilining ishtirokchisi tomonidan rad etilgan taqdirda, davlat xaridlarining elektron tizimi gʻolibdan keyingi eng past narxni taklif qilgan ishtirokchini gʻolib deb belgilaydi, bunda mazkur ishtirokchiga gʻolib tomonidan taklif etilgan narx asosida shartnoma tuzish taklif qilinadi.
Agar gʻolibdan keyingi eng past narxni taklif qilgan ishtirokchi shartnoma tuzishni rad etsa, davlat buyurtmachisi xaridni ushbu Qonun talablariga muvofiq elektron doʻkon vositasida (ushbu Qonunning 49-moddasida belgilangan mezonlar doirasida) yoki kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili (ushbu Qonunning 511-moddasida belgilangan mezonlar doirasida) yoxud eng yaxshi takliflarni tanlash orqali amalga oshirishi mumkin”;
20) 55-moddaning birinchi qismidagi “yoki eng yaxshi takliflarni tanlash” degan soʻzlar “yoki kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili (ushbu Qonunning 511-moddasida belgilangan mezonlar doirasida) yoxud eng yaxshi takliflarni tanlash” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
21) 56-moddaning ikkinchi qismidagi “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi” degan soʻzlar “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
22) 60-moddaning:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tanlash ishtirokchilarining takliflari eʼlonda va tanlash boʻyicha xarid qilish hujjatlarida belgilangan tartibda ularning davlat xaridlari elektron tizimidagi shaxsiy kabinetlari orqali, eʼlonda koʻrsatilgan muddatdan kechiktirmay elektron shaklda taqdim etiladi”;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Taklifda davlat xaridi obyekti boʻlgan tovar eskizining, rasmining, chizmasining, fotosuratining va boshqa materiallarning elektron shakli boʻlishi mumkin”;
23) 61-moddaning:
birinchi qismidagi “yoki auksion” degan soʻzlar “yoki kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili (ushbu Qonunning 511-moddasida belgilangan mezonlar doirasida) yoxud auksion” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Eʼlonda tanlash oʻtkaziladigan vaqt sifatida koʻrsatilgan vaqtda davlat xaridlarining elektron tizimi avtomatik ravishda ishtirokchilar tomonidan joylashtirilgan va ularning tanlash takliflarini tashkil etadigan elektron hujjatlarni koʻrish imkoniyatini beradi. Davlat xaridlarining elektron tizimi ishtirokchi taklif etgan narxning boshlangʻich narxga muvofiqligini va elektron maydonlarning toʻldirilganligini tekshiradi. Agar ishtirokchi tomonidan taklif etilgan narx boshlangʻich narxdan yuqori boʻlsa, shuningdek biriktirilishi zarur boʻlgan hujjatlarni toʻldirish va joylashtirish uchun majburiy boʻlgan boʻsh maydonlar mavjud boʻlsa, davlat xaridlarining elektron tizimi aniq sababni koʻrsatgan holda, ishtirokchining taklifini rad etadi. Biriktirilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning tanlash ishtirokchisining taklifida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish xarid komissiyasining masʼul kotibi tomonidan amalga oshiriladi”;
yettinchi qismi chiqarib tashlansin;
24) 62-moddaning sakkizinchi qismidagi “uch” degan soʻz “besh” degan soʻz bilan almashtirilsin;
25) quyidagi mazmundagi 621-modda bilan toʻldirilsin:
“621-modda. Malakali ishtirokchilar oʻrtasida tanlash oʻtkazish
Malakali ishtirokchilar oʻrtasidagi tanlash ushbu Qonunning 37-moddasiga muvofiq dastlabki malaka tanlovidan oʻtgan ishtirokchilar oʻrtasida oʻtkazilishi mumkin.
Davlat buyurtmachisi dastlabki malaka tanlovidan oʻtgan barcha ishtirokchilarni tanlashda ishtirok etishga taklif qiladi yoxud xarid qilinayotgan tovar (ish, xizmat) xususiyatlarining murakkabligidan, ishtirokchilarning oʻz vaqtida sifatli mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish borasidagi salohiyati hamda ish tajribasidan kelib chiqqan holda, ularning orasidan ishtirokchilarning cheklangan sonini hamda malakali ishtirokchilar roʻyxatini belgilashi mumkin.
Ishtirokchilarning cheklangan sonini va malakali ishtirokchilar roʻyxatini belgilashda davlat buyurtmachisi ishtirokchilarning saviyasini xolisona va davlat xaridlarining asosiy prinsiplariga muvofiq aniqlaydi hamda ularga tanlashda ishtirok etish toʻgʻrisidagi takliflarni yuboradi”;
26) 63-moddaning:
birinchi qismidagi “tuziladi” degan soʻz “davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi qismidagi “yoki auksion” degan soʻzlar “yoki kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili yoxud auksion” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
27) 68-moddaning:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tender ishtirokchilarining takliflari eʼlonda va tender boʻyicha xarid qilish hujjatlarida belgilangan tartibda ularning davlat xaridlari elektron tizimidagi shaxsiy kabinetlari orqali, eʼlonda koʻrsatilgan muddatdan kechiktirmay elektron shaklda taqdim etiladi”;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Taklifda davlat xaridi obyekti boʻlgan tovar eskizining, rasmining, chizmasining, fotosuratining va boshqa materiallarining elektron shakli boʻlishi mumkin”;
28) 69-moddaning:
toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlari quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan almashtirilsin:
“Eʼlonda tender oʻtkaziladigan vaqt sifatida koʻrsatilgan vaqtda davlat xaridlarining elektron tizimi avtomatik ravishda ishtirokchilar tomonidan joylashtirilgan va ularning tender takliflarini tashkil etadigan elektron hujjatlarni koʻrish imkoniyatini beradi. Davlat xaridlarining elektron tizimi ishtirokchi taklif etgan narxning boshlangʻich narxga muvofiqligini va elektron maydonlarning toʻldirilganligini tekshiradi. Agar ishtirokchi tomonidan taklif etilgan narx boshlangʻich narxdan yuqori boʻlsa, shuningdek biriktirilishi zarur boʻlgan hujjatlarni toʻldirish va joylashtirish uchun majburiy boʻlgan boʻsh maydonlar mavjud boʻlsa, davlat xaridlarining elektron tizimi aniq sababni koʻrsatgan holda ishtirokchining tender taklifini rad etadi. Biriktirilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning ishtirokchining tender taklifida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish xarid komissiyasining masʼul kotibi tomonidan amalga oshiriladi”;
yettinchi — yigirma ikkinchi qismlari tegishincha beshinchi — yigirmanchi qismlar deb hisoblansin;
sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tender taklifining miqdoriy koʻrsatkichlarini, shu jumladan narx qismini baholash davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan avtomatik ravishda amalga oshiriladi”;
toʻqqizinchi qismi chiqarib tashlansin;
oʻninchi — yigirmanchi qismlari tegishincha toʻqqizinchi — oʻn toʻqqizinchi qismlar deb hisoblansin;
oʻn yettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xarid komissiyasi aʼzolari majlisning davlat xaridlarining elektron tizimida avtomatik ravishda shakllantiriladigan elektron bayonnomasini elektron raqamli imzodan foydalangan holda tasdiqlaydi. Elektron bayonnoma davlat xaridlarining elektron tizimida avtomatik ravishda eʼlon qilinadi”;
29) 70-moddaning:
birinchi qismidagi “tuziladi” degan soʻz “davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismidagi “uch” degan soʻz “besh” degan soʻz bilan almashtirilsin;
30) quyidagi mazmundagi 701-modda bilan toʻldirilsin:
“701-modda. Malakali ishtirokchilar oʻrtasida tender oʻtkazish
Malakali ishtirokchilar oʻrtasidagi tender ushbu Qonunning 37-moddasiga muvofiq dastlabki malaka tanlovidan oʻtgan ishtirokchilar oʻrtasida oʻtkazilishi mumkin.
Davlat buyurtmachisi dastlabki malaka tanlovidan oʻtgan barcha ishtirokchilarni tenderda ishtirok etishga taklif qiladi yoxud xarid qilinayotgan tovar (ish, xizmat) xususiyatlarining murakkabligidan, ishtirokchilarning oʻz vaqtida sifatli mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish borasidagi salohiyati hamda ish tajribasidan kelib chiqqan holda, ularning orasidan ishtirokchilarning cheklangan sonini hamda malakali ishtirokchilar roʻyxatini belgilashi mumkin.
Ishtirokchilarning cheklangan sonini va malakali ishtirokchilar roʻyxatini belgilashda davlat buyurtmachisi ishtirokchilarning saviyasini xolisona va davlat xaridlarining asosiy prinsiplariga muvofiq aniqlaydi hamda ularga tenderda ishtirok etish toʻgʻrisidagi takliflarni yuboradi”;
31) quyidagi mazmundagi 81-bob bilan toʻldirilsin:
“81-bob. Ikki bosqichli davlat xaridlari
702-modda. Ikki bosqichli davlat xaridlarini oʻtkazish mezonlari
Ikki bosqichli davlat xaridlari quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:
gʻolibni aniqlash mezonlari tovarning (ishning, xizmatning) nafaqat pul bilan baholanishini, balki texnik, ekspluatatsiya qilinish xususiyatlarini va boshqa xususiyatlarini aniqlash imkoniyati mavjud boʻlmagan texnik jihatdan murakkab tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) miqdoriy va sifat jihatidan baholanishini ham oʻz ichiga oladi;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravaridan ortiq (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan ortiq) miqdorni tashkil etadi.
703-modda. Ikki bosqichli davlat xaridlarini oʻtkazish boʻyicha xarid komissiyasi
Davlat xaridini ikki bosqichli davlat xaridlari oʻtkazish orqali amalga oshirish uchun kamida yetti nafar aʼzodan iborat tarkibda xarid komissiyasi tuziladi.
Agar majlisda xarid komissiyasi aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, xarid komissiyasi vakolatli hisoblanadi. Barcha qabul qilingan qarorlar bayonnomalar bilan rasmiylashtirilishi kerak.
704-modda. Ikki bosqichli davlat xaridlari oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon
Ikki bosqichli davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan cheklanmagan miqdordagi shaxslarga maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga, shuningdek davlat buyurtmachisining xohishiga koʻra uning rasmiy veb-saytiga yoki uning yuqori turuvchi organining rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga xaridlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonni va xarid boʻyicha xarid qilish hujjatlarini joylashtirish yoʻli bilan maʼlum qilinadi.
Ikki bosqichli davlat xaridlari oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon faqat xarid qilish hujjatlari yuzasidan Kompleks ekspertiza qilish markazining ijobiy xulosasi olinganidan keyin joylashtiriladi.
Ikki bosqichli davlat xaridlari oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon va xarid qilish hujjatlari davlat buyurtmachisi tomonidan har bir bosqich boʻyicha takliflarni qabul qilish muddati tugaydigan sanadan kamida yigirma ish kuni oldin maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga, shuningdek davlat buyurtmachisining xohishiga koʻra, uning rasmiy veb-saytiga yoki uning yuqori turuvchi organining rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga joylashtiriladi.
705-modda. Ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi
Birinchi bosqichda ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilari xarid qilinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) eng kam texnik xususiyatlarini aks ettiruvchi dastlabki oʻz texnik takliflarini taqdim etadi.
Texnik talablar davlat buyurtmachisining ehtiyojlaridan, xarid qilinayotgan tovarning (ishning, xizmatning) moʻljallanilgan maqsadi va funksiyalaridan kelib chiqqan holda belgilanishi kerak.
Ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilari tomonidan taqdim etiladigan takliflar ikki bosqichli davlat xaridlarining xarid qilish hujjatlariga va ushbu Qonunda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Ikki bosqichli davlat xaridlarini elektron shaklda oʻtkazish chogʻida ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
706-modda. Ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash
Birinchi bosqichda takliflarni taqdim etish muddati tugagach, davlat buyurtmachisi takliflarni koʻrib chiqadi va baholaydi. Bunda xarid qilish hujjatlarida nazarda tutilgan texnik parametrlarga asosan texnik va ekspluatatsiya qilinish xususiyatlari boʻyicha eng maqbul takliflarni taqdim etgan ishtirokchilar birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi.
Davlat xaridlarining ikkinchi bosqichi birinchi bosqichdan oʻtgan kamida ikki nafar ishtirokchining takliflari mavjud boʻlganda oʻtkaziladi.
Ikkinchi bosqichni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida davlat buyurtmachisi kelib tushgan dastlabki takliflarga muvofiq oʻzining dastlabki talablarini qayta koʻrib chiqadi va takomillashtiradi, bunda davlat xaridi predmetini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ikki bosqichli davlat xaridlarining ikkinchi bosqichida davlat buyurtmachisi tomonidan oʻzgartirish kiritilgan xarid qilish hujjatlari birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan ishtirokchilarga yigirma ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda yuboriladi va ularga oʻz uzil-kesil takliflarini taqdim etish orqali xaridda ishtirok etish taklif qilinadi.
Takliflar turli darajadagi texnik afzalliklardan, iqtisodiy barqarorlik jihatlaridan, shu jumladan hayotiy davrning qiymatidan kelib chiqqan holda baholanadi. Yakuniy baholash xarid qilish hujjatlarida koʻrsatilgan tartibda davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi.
Ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash muddati har bir bosqich boʻyicha takliflar berish tugagan paytdan eʼtiboran yigirma ish kunidan oshishi mumkin emas.
Takliflarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ikki bosqichli davlat xaridlari, agar ikkinchi bosqichda xarid komissiyasi barcha takliflarni rad etgan boʻlsa, oʻtkazilmagan deb hisoblanadi.
707-modda. Ikki bosqichli davlat xaridlarining natijalari boʻyicha shartnoma tuzish
Ikki bosqichli davlat xaridlarining natijalari boʻyicha shartnoma tuziladi.
Ikki bosqichli davlat xaridlarining natijalari boʻyicha tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga ular tuzilgan sanadan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay joylashtiriladi”;
32) 71-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha davlat xaridlari quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:
1) Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilgan yagona yetkazib beruvchi bilan davlat xaridini amalga oshirish uchun ruxsat etilgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha amalga oshiriladigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
3) favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlarini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
4) sud muhokamalarida ishtirok etish uchun advokatni (vakilni) tayinlash bilan bogʻliq boʻlgan davlat xaridi;
5) boshqa yetkazib beruvchi tomonidan mahsulot yetkazib berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, litsenziya bitimiga (shartnomasiga, kontraktiga) asosan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) intellektual faoliyat natijalari muallifidan yoki intellektual faoliyat natijalaridan mutlaq foydalanish huquqiga ega boʻlgan yetkazib beruvchidan, shuningdek fan, adabiyot va sanʼat asarlari, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning koʻrsatuvlari yoki eshittirishlari kabi intellektual faoliyat natijalarining ushbu intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqqa ega boʻlgan yagona shaxsdan davlat xaridi;
6) narxi (tarifi) davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
7) davlat buyurtmachisi faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan xizmat safarlari va boshqa hollar uchun chiptalarning davlat xaridi (avia, temir yoʻl va yoʻnalishli transportiga), shuningdek yashash xarajatlari;
8) boshqa yetkazib beruvchi tomonidan xizmat koʻrsatish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, yetkazib beruvchi tomonidan avval olib kelingan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) kafolat muddati tugaganidan keyin va joriy xizmat koʻrsatish (ehtiyot qismlarni xarid qilish), shuningdek avval xarid qilingan dasturiy mahsulotni kuzatish va (yoki) uni funksiyaviy jihatdan kengaytirish;
9) giyohvandlik vositalarini va psixotrop moddalarni saqlash hamda olib kirish (olib chiqish);
10) favqulodda hollarda tabiat hodisalari, epidemiyalar va kasalliklar tarqalishining oldini olish yoki uning oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanadigan davlat xaridi;
11) tabiiy ofatlarning va texnogen halokatlarning oqibatlarini tezkor bartaraf etish, shuningdek davlat buyurtmachisining toʻlaqonli faoliyat olib borishiga taʼsir koʻrsatadigan tarzda kommunikatsiyalar, mexanizmlar, jihozlar va boshqa asbob-uskunalar ishdan chiqqan hollarda avariyalarni bartaraf etish uchun tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
12) Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining, vazirliklar, idoralar, davlat korxonalari va muassasalarining sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish muassasalariga, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga yoʻllanmalarning, shuningdek madaniy-ommaviy tadbirlarga chiptalarning davlat xaridi;
13) Oʻzbekiston Respublikasining ishlab chiqaruvchilaridan yoki ularning rasmiy dilerlaridan va distribyutorlaridan xarid qilinadigan yangi avtotransport vositalarining, maxsus va qishloq xoʻjaligi texnikasining davlat xaridi;
qoʻshimcha ishlarni va xizmatlarni amalga oshirish uchun shartnoma umumiy boshlangʻich summasining 10 foizidan oshmaydigan miqdordagi xarajatlar;
15) aviatsiya korxonalari tomonidan ishlab chiqaruvchilardan yoki sertifikatlashtirilgan yetkazib beruvchilardan import shartnomalari boʻyicha xarid qilinadigan aviatsiya texnika jihozlari, shu jumladan havo kemalari, aviadvigatellar va ularning butlovchi qismlari, aviatsiya uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarning davlat xaridi;
16) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, chet davlatlar va hukumatlar rahbarlarining, shuningdek parlament aʼzolarining va xalqaro tashkilotlar rasmiy delegatsiyalarining tashriflari munosabati bilan yashash, ovqatlanish, madaniy tadbirlarni tashkil etish hamda oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar, transport xarajatlari, suvenirlar, sovgʻalar xaridi va boshqa tashkiliy masalalar uchun nazarda tutilgan xarajatlar;
17) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining chet el delegatsiyalarini qabul qilish va xorijiy mamlakatlarga delegatsiyalarni yuborish boʻyicha rejalashtirilgan mablagʻlar hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar);
18) quyidagilar uchun oziq-ovqat mahsulotlarining davlat xaridi:
davolash-profilaktika va taʼlim muassasalari;
mehmonxona va restoran xizmatlari koʻrsatish;
muruvvat va nogironligi boʻlgan shaxslar uylari;
mehribonlik uylari va internatlar;
qariyalar uylari;
19) fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va davolash, shu jumladan jarrohlik amaliyoti va reabilitatsiya yordami bilan bogʻliq xarajatlar;
20) mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish yuzasidan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan taʼlim dasturlarini tashkil etish, respublikaga xorijiy olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan vatandoshlarni jalb etish xizmatlari;
21) avval tuzilgan shartnomalardagi yetkazib beruvchilar bilan aloqa, Internet va teleradiouzatish xizmatlari boʻyicha davlat xaridi.
Davlat buyurtmachilari toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilganligi toʻgʻrisidagi axborotni shartnoma tuzilgan paytdan eʼtiboran besh ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirishi shart.
Toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilganligi toʻgʻrisidagi axborot maxsus axborot portaliga joylashtirilmagan boʻlsa, ushbu shartnomalar boʻyicha toʻlovlar amalga oshirilmaydi.
Davlat buyurtmachisi ushbu moddada nazarda tutilgan davlat xaridlarini amalga oshirish chogʻida xarid qilish tartib-taomillarining boshqa raqobatli turlaridan ham ushbu Qonun talablariga muvofiq foydalanishi mumkin.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida tovarning (ishning, xizmatning) davlat xaridini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat berilsa, shartnoma va shartnomaga oid qoʻshimcha kelishuvlar Kompleks ekspertiza qilish markazida kompleks ekspertizadan oʻtkazilishi lozim, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
Favqulodda holatning oldini olish maqsadida vakolatli organ tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish oʻrniga hadli kelishuvdan yoki kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomilidan foydalanishga ruxsat beriladi”;
33) 72-moddaning ikkinchi qismidagi “uch” degan soʻz “besh” degan soʻz bilan almashtirilsin;
34) 75-modda birinchi qismining beshinchi va oltinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi”;
35) 78-moddaning:
ikkinchi qismidagi “vakolatli organ” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya aʼzolariga doir malaka talablari qonunchilikda belgilanadi”;
36) quyidagi mazmundagi 791-modda bilan toʻldirilsin:
“791-modda. Shikoyatlarni koʻrib chiqishda manfaatlar toʻqnashuvi
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya aʼzolarida xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari bilan manfaatlar toʻqnashuvi, shuningdek affillanganlik mavjud boʻlgan taqdirda, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaning bunday aʼzosi bu masala koʻrib chiqilgan majlisda oʻzini oʻzi rad etishi va mazkur masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerak, bu haqda Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya majlisining bayonnomasida qayd etiladi.
Agar Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga mazkur komissiya aʼzosining manfaatlar toʻqnashuvi, shuningdek affillanganligi mavjudligi tegishli masala yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar maʼlum boʻlib qolgan boʻlsa, uning oʻzi esa oʻzini oʻzi rad etmagan boʻlsa, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya bunday aʼzosining mazkur masala boʻyicha ovoz berishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar qaror qabul qilinganidan keyin Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga tegishli masala boʻyicha ovoz bergan mazkur komissiya aʼzosining manfaatlar toʻqnashuvi, shuningdek affillanganligi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlum boʻlib qolsa, Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaning bunday aʼzosi ovozi mazkur masala boʻyicha ovoz berish natijalaridan chiqarib tashlanadi.
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya raisi ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli axborotni kiritadi”;
37) 83-moddadagi “Moliya vazirligi” degan soʻzlar “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 1-moddasi 4-bandining toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan dastlabki malaka tanlovini va malakali ishtirokchilar oʻrtasida xarid qilish tartib-taomillarni oʻtkazish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 1-moddasi 4-bandining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan markazlashgan davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 1-moddasi 4-bandining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan hadli kelishuvni tuzish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 1-moddasi 31-bandining oʻn sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan ikki bosqichli davlat xaridlarini elektron shaklda oʻtkazish chogʻida ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilarining takliflarini berish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-noyabr,
OʻRQ-1005-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2024-y., 03/24/1005/0977-son)