Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2024-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2024-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, Qoʻmita tomonidan ijtimoiy sohadagi islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, aholi bandligini taʼminlash, mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qonun hujjatlari ijrosini muntazam nazorat qilib borish, saylovchilar bilan doimiy muloqot oʻrnatish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, hisobot davrida aholini ijtimoiy muhofaza qilish jarayonlarini takomillashtirishning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan 10 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, shundan 8 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan.
Qonun loyihalarini maromiga yetkazish hamda ularning har jihatdan pishiq va mukammal boʻlishini taʼminlash maqsadida qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalari muhokamasi boʻyicha jami 32 ta ishchi guruh va 9 ta ekspertlar guruhi yigʻilishlari tashkil etilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan jami 8 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan. Ulardan 4 tasi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotini eshitishga, 4 tasi qonun hujjatlarining ijro etilish holatini oʻrganishga hamda Qonunchilik palatasi va Qoʻmita qarorlarining ijrosini monitoring qilishga oid tadbirlardir.
Bundan tashqari Qoʻmita masʼulligida Oʻzbekiston XDP fraksiyasi bilan birgalikda joriy yilning 7-may kuni Qonunchilik palatasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Mahkamovning “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay va xavfsiz transport orqali chet davlatlarga yetib borishida shart-sharoitlarni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.
Shuningdek Qoʻmita tashabbusi bilan joriy yilning 21-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevga “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish hamda mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reyintegratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” parlament soʻrovi yuborilgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmita tomonidan qonun loyihalari muhokamasiga, mamlakatimizda ijtimoiy himoya va bandlik sohasida olib borilayotgan islohotlarning ahamiyatini saylovchilarga yetkazishga, tegishli tarmoq va sohalardagi mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga qaratilgan 18 ta davra suhbati, 21 ta seminar, 1 ta konferensiya va 2 ta matbuot anjumani oʻtkazilgan.
Qoʻmita aʼzolari nomiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelgan jami 263 ta murojaat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari hamda Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda yetkazib borish maqsadida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 1 960-marta chiqish qilingan.
Shu bilan birga oʻtgan davrda amalga oshirilgan ishlar tahlili Qoʻmita faoliyatini samarali tashkil etishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash borasidagi vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlarini yanada kuchaytirish va ularning natijadorligini oshirish lozim.
Shuningdek Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilgan va qabul qilingan qonunlarni monitoring qilgan holda ularda belgilangan qonunosti hujjatlarning oʻz vaqtida qabul qilinishi borasida vazirliklar va tashkilotlarning masʼuliyatini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, davlat dasturlari hamda Qonunchilik palatasi qarorlaridagi Qoʻmita faoliyatiga taalluqli boʻlgan masalalarning ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratish muhim ahamiyatga ega.
Qoʻmitaning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, qonun loyihalarining va nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi faoliyatini tizimli tashkil etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2024-yil toʻqqiz oyidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasiga:
respublika hududlarida yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlarini kuchaytirish;
qonun loyihalarini ishlab chiqish va Qoʻmita masʼulligida boʻlgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda, nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishda doimiy ravishda keng jamoatchilikni, soha mutaxassislarini va ekspertlarni jalb etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga yechim topish borasida tegishli davlat organlari tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
qabul qilingan qonun hujjatlarining, shu jumladan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida belgilangan qonunosti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi borasida tegishli vazirliklar va tashkilotlarning masʼuliyatini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish;
Qoʻmita faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish, shuningdek koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-oktabr,
4933-IV-son