Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 22-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3561]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar hamda respublikaning budjet muassasalari va tashkilotlarida ish haqi miqdorlarini oshirish toʻgʻrisida”gi 1995-yil 16-avgustdagi PF-1213-son Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 19-sentabr,
176-son
Kelishildi:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. MUSAYEV
2024-yil 13-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 19-sentabrdagi 176-son buyrugʻiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi deb yuritiladi) hisobidan budjet tashkilotlarining xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Budjet tashkilotlarida moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondini tashkil etish
1. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi respublikadagi budjet tashkilotlarida (tibbiyot muassasalari, barcha turdagi umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalaridan tashqari) mehnat haqi fondining 15 foizi miqdorida tashkil etiladi.
“Muruvvat” internat uylari va Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari, urush va mehnat faxriylari sanatoriylari, nogironlar reabilitatsiya markazlari va uyda ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati xodimlarining Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi miqdori mehnat haqi fondining 25 foizi miqdorida tashkil etiladi.
Mazkur banddagi Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi boʻyicha belgilangan foiz miqdorlari alohida normativ-huquqiy hujjatlarda koʻrsatilgan budjet tashkilotlari uchun tatbiq etilmaydi.
2. Mehnat haqi fondiga bazaviy tarif stavkasi, lavozim maoshi, mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti, alohida mehnat sharoitlari uchun toʻlov, uzoq yil xizmat qilgani uchun toʻlov, maxsus unvonlar uchun toʻlanadigan ustama, tuman koeffitsiyentlari uchun toʻlanadigan ustama, budjetdan ajratiladigan ikki oylik mehnat haqi fondi miqdoridagi mukofot, bir oylik mehnat haqi fondi miqdoridagi moddiy yordam, shuningdek ijtimoiy soliq hisoblanadigan boshqa toʻlovlar kiradi.
3. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi budjet mablagʻlari hisobidan shakllantiriladi.
Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari, muassasaning xarajatlar smetasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari iqtisodiy tasnifining 41 11 100 “Asosiy ish haqi” moddasiga (toifa, modda, kichik modda va element) kiritish bilan shtatlar jadvalining “Xodimlarning moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi” alohida satrida ajratib koʻrsatilgan holda nazarda tutiladi.
4. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlariga qonunchilikda belgilangan tartibda va oʻrnatilgan stavkalarda ijtimoiy soliq hisoblanadi. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlaridan amalga oshirilgan toʻlovlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi hisoblanadi, shuningdek qonunchilikka muvofiq tegishli ushlanmalar ushlab qolinadi.
2-bob. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlaridan foydalanish
5. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari budjet tashkilotlari xodimlari ish haqiga ustamalar belgilash va xodimlarni mukofotlashga yoʻnaltiriladi hamda rejalashtirilgan mablagʻlar doirasida sarflanadi.
Budjet tashkilotlarida shtat birliklari toʻldirilmaganligi hisobiga shakllangan moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondining mablagʻlari boʻshab qolgan mablagʻlar hisoblanmaydi.
Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari hisobidan ustamalar belgilash yoki mukofotlash budjet tashkilotlari xodimlarining tarif stavkasi yoki lavozim maoshiga (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) nisbatan amalga oshiriladi.
6. Budjet tashkilotlarida xizmat vazifalarini tashabbuskorlik va vijdonan bajargan yuqori malakali xodimlarni ragʻbatlantirish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda ishda erishgan yutuqlari uchun tarif stavkasi yoki lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) 50 foizidan oshmagan miqdorlarda shaxsiy ustamalar belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlarining boshqaruv xodimlari uchun ushbu ustamalarning eng yuqori miqdorlari chegaralanmaydi.
Mazkur ustamalar rahbarga yuqori turuvchi tashkilot tomonidan, boshqa xodimlarga muassasa yoki tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Budjet tashkilotining markaziy apparat xodimlariga ustamalar ushbu organning rahbari tomonidan belgilanadi. Budjet tashkilotlari rahbarini ustamasi yuqori turuvchi organ ruxsati bilan belgilanadi.
Ish sifati yomonlashganda, topshiriqlar oʻz vaqtida bajarilmaganda, mehnat va ijro intizomi buzilganda, ustamalar bekor qilinadi yoki kamaytiriladi.
7. Xodimlarga mukofotlar toʻlash hisobot davri yakuni boʻyicha hamda yubiley va bayramlarda amalga oshiriladi. Mukofotlarning miqdori ishning umumiy natijalariga xodimning shaxsiy ulushiga qarab belgilanadi va mukofotning yuqori miqdorlari chegaralanmaydi.
8. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi hisobidan amalga oshirilgan toʻlovlar barcha hollarda (taʼtil uchun toʻlov, pensiyani tayinlashda, vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi va boshqalar) oʻrtacha ish haqini hisoblashda hisobga olinadi.
3-bob. Hisob-kitob va hisobdorlik
9. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi boʻyicha qilingan xarajatlar budjet tashkilotlarining alohida buxgalteriya hisobi registrlarida yuritiladi.
Budjet tashkilotlari xarajatlar smetasining ijrosi haqidagi hisobotda Moddiy ragʻbatlantirish fondi hisobidan amalga oshirilgan xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari iqtisodiy tasnifi boʻyicha asosiy ish haqi xarajatlari tarkibida aks ettiriladi.
10. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish budjet tashkilotlari rahbarlariga yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 19-sentabrdagi 176-son buyrugʻiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1995-yil 8-sentabrda 98-son bilan tasdiqlangan Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 177, 1995-yil 20-sentabr).
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2002-yil 19-martdagi 44-sonli “Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 177-1, 2002-yil 26-mart) (Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-yil 6-son).
3. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2004-yil 20-yanvardagi 22-sonli “Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 177-2, 2004-yil 9-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil 6-son, 77-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2007-yil 30-apreldagi 45-sonli “Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 177-3, 2007-yil 17-maydagi) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2007-yil 19-20-son, 209-modda).
5. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2007-yil 20-dekabrdagi 109-sonli “Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 177-4, 2008-yil 11-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil 1-2-son, 9-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2015-yil 7-iyuldagi 64-sonli “Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 3.2-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 177-5, 2015-yil 9-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2015-yil 27 son, 363-modda).
7. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2014-yil 22-apreldagi 35-sonli “Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning maxsus jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga rasmiy sharh berish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 6-16/1-5260/6, 2014-yil 30-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2014-yil 18-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2024-y., 10/24/3561/0849-son)