Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Intellektual mulk boʻyicha federal xizmati (Rossiya Federatsiyasi) oʻrtasida
Memorandum
Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha oʻzaro anglashuv haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Intellektual mulk boʻyicha federal xizmati (Rossiya Federatsiyasi), keyingi oʻrinlarda “Ishtirokchilar” deb ataladi,
intellektual mulk milliy va global iqtisodiyotni mustahkamlashda muhim rol oʻynashini tan olib,
texnologik tartibni oʻzgartirish sharoitida innovatsiyalarni ilgari surish va yangi texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashishni istab,
intellektual mulk tizimlarini rivojlantirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilgan holda,
quyidagilar haqida oʻzaro anglashib oldilar:
1. Ushbu Memorandumning maqsadi Ishtirokchilar oʻrtasidagi hamkorlikning umumiy tamoyillari va mazmunini belgilashdir. Ushbu Memorandumning 2 — 6-bandlarida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik Ishtirokchilar davlatlarining intellektual mulk tizimlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
2. Ishtirokchilar turli xalqaro maydonlarda fikr almashish va pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga intilish niyatidalar.
3. Ishtirokchilar qonunchilikdagi oʻzgarishlar va milliy intellektual mulk tizimlarini rivojlantirishning dolzarb tendensiyalari, shuningdek, intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilishning ilgʻor amaliyotlari toʻgʻrisida maʼlumot almashish niyatidalar.
4. Ishtirokchilar idoralar ekspertlari tomonidan foydalaniladigan maʼlumotlarning toʻliqligini va bunday maʼlumotlarning foydalanuvchilarning maksimal doirasiga kirishini taʼminlash zarurligini hisobga olgan holda patent hujjatlari almashinuvi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish niyatidalar. Bunday oʻzaro hamkorlik ikki tomonlama asosda, shu jumladan, patent-texnik kutubxonalar yoʻnalishi boʻyicha ham, mintaqaviy patent-axborot mahsulotini sanoat ishlab chiqarish loyihasi (CISPATENT) doirasida ham amalga oshirilishi mumkin. Maʼlumotlarni uzatish hajmi va texnik shartlari Ishtirokchilar tomonidan tegishli idoralararo hujjatlarda belgilanadi.
5. Ishtirokchilar Rospatentga boʻysunuvchi Rossiya davlat intellektual mulk akademiyasi va Federal sanoat mulki instituti negizida, shuningdek, Ishtirokchilar tomonidan kelishilishi mumkin boʻlgan boshqa har qanday formatlarda intellektual mulk sohasida mutaxassislarni oʻqitish imkoniyatini koʻrib chiqishga tayyordirlar.
6. Intellektual mulk sohasida jamoatchilik xabardorligini oshirish va tajriba almashish maqsadida Ishtirokchilar konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, ekspertlar amaliyotlari va boshqa qoʻshma tadbirlar, shu jumladan, yoshlarga yoʻnaltirilgan tadbirlarni oʻtkazishga tayyordirlar.
7. Ushbu Memorandumning 2 — 6-bandlarida koʻrsatilgan hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha aniq chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish tartibi ishtirokchilar oʻrtasidagi yozishmalar orqali aniqlanadi.
8. Agar Ishtirokchilar boshqacha kelishmasalar, har bir Ishtirokchi ushbu Memorandumni qoʻllashdan kelib chiqadigan xarajatlarni mustaqil ravishda qoplashga tayyorligini tasdiqlaydi.
Tadbirni tashkil etish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar uni oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan Ishtirokchi hisobidan qoplanadi.
9. Ishtirokchilar mazkur Memorandumni qoʻllashga oid masalalar boʻyicha aloqa uchun shaxslarni aniqlab, ularning aloqa maʼlumotlari (telefon raqami va elektron pochta manzili) bilan almashishadilar va aloqa uchun shaxslar yoki ularning aloqa maʼlumotlari oʻzgarishi toʻgʻrisida tezkorlik bilan bir-birlarini xabardor qiladilar.
10. Mazkur Memorandum u imzolangan kundan boshlab amal qiladi.
11. Ishtirokchilarning oʻzaro yozma roziligi bilan mazkur Memorandumga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12. Istalgan Ishtirokchi boshqa Ishtirokchini yozma ravishda xabardor qilgan holda mazkur Memorandumni qoʻllashni toʻxtatishi mumkin. Bunday holda mazkur Memorandumni qoʻllash boshqa Ishtirokchi tomonidan taʼkidlangan xabar olingan kundan boshlab 90 kundan soʻng toʻxtatiladi.
13. Mazkur Memorandum xalqaro shartnoma hisoblanmaydi va xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan huquq va majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
Jeneva shahrida 2024-yil 12-iyulda ikki nusxada, oʻzbek va rus tillarida imzolandi.
(imzolar)