Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Turizmning yangi turlarini joriy qilish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Turizmning yangi turlarini joriy qilish orqali mahalliy va xorijiy turistlar uchun qoʻshimcha imkoniyat va qulayliklar yaratish, turizm salohiyati yuqori hududlarda turistik xizmatlarni koʻpaytirish, shuningdek, 2024-yilda strategik yoʻnalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. 2025-yil 1-yanvardan boshlab turizmning quyidagi yangi turlari joriy qilinsin:
mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi sanoat turizmi;
oltin, ruda va boshqa mineral resurslar qazib oluvchi konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologik obyektlarida texnologik jarayonlarni, shu jumladan, togʻ jinslarini portlatish tadbirlarini bexatar masofadan kuzatish, mutaxassislar bilan muloqot qilish, togʻ relyeflari boʻyicha ekskursiyalarni tashkil qilishni nazarda tutuvchi geologiya turizmi;
ilmiy-tadqiqot institutlari va laboratoriyalar, observatoriyalar hamda planetariylar, Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi tashkilotlarga tashrif buyurish orqali fan va texnika yutuqlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi ilmiy turizm;
harbiy tarix va faoliyat bilan bogʻliq joylarga tashrif buyurish, yodgorliklar va tadbirlarda qatnashish, harbiy xizmatchilar hayoti va sharoitlari bilan yaqindan tanishish, hududlarda turistlarga oʻq otish boʻyicha pulli xizmatlar tashkil qilishni nazarda tutuvchi harbiy turizm;
mamlakatning siyosiy hayoti, davlat organlari va tashkilotlarining tarixi va faoliyatini aks ettiruvchi joylarga, xususan, Hukumat bino va inshootlariga tashrif buyurishni oʻz ichiga olgan davlat-boshqaruv turizmi.
2. Turizmning yangi turlarini joriy etishga, shu jumladan, obyektlar roʻyxatini shakllantirish, ularga kirish-chiqish tartibini ishlab chiqish, ularda pulli va bepul koʻrsatiladigan xizmatlarni belgilash, tushayotgan mablagʻlardan samarali foydalanishga quyidagilar masʼul etib belgilansin:
sanoat turizmi boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi;
geologiya turizmi boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi;
ilmiy turizm boʻyicha-Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar Akademiyasi;
harbiy turizm boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;
davlat-boshqaruv turizmi boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi tegishli obyektlarga turistik marshrutlarni yoʻlga qoʻyish va ularga mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qilish, yangi turizm xizmatlari boʻyicha jamoatchilik muntazam ravishda xabardor qilib borsin.
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-martdagi 105-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 09/26/105/0244-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Savdo-sanoat palatasi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarorning 2-bandida koʻrsatilgan yangi turizm turlari boʻyicha obyektlar roʻyxati, ularga kirish-chiqish tartibi va xizmatlardan foydalanishni nazarda tegishli idoraviy hujjat qabul qilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2025-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy va xorijiy turistlarga quyidagi xizmatlarni koʻrsatish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf”, “Qurolli Kuchlar” davlat muzeylari va hududlardagi “Vatanparvarlar” bogʻlarida harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan bevosita tanishtirish;
Mudofaa vazirligining Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi Qibray sport majmuasi bazasida “Stendli otish” va oʻqotar qurollardan otishni pulli asosida yoʻlga qoʻyish.
5. 2025-yil 1-oktabrdan boshlab ichki turizm infratuzilmasi boʻyicha aholi hamda turistlarning xabardorligini taʼminlash imkonini beruvchi, shuningdek quyidagi texnik imkoniyatlarni nazarda tutuvchi “Tourist map” interaktiv portali sinov tariqasida Samarqand shahrining xalqaro aeroportida ishga tushirilsin:
aeroport, temir yoʻl vokzallari, avtovokzallar, tarixiy, madaniy, koʻngilochar, ovqatlanish va shu kabi joylar hamda ularga yetib borish marshrutlari haqida maʼlumot taqdim etish;
aholi va turistlarning sayohat qilish muddati va qiziqishidan kelib chiqib, sayohat rejasini tuzib berish va matritsali shtrix kod (QR-kod) orqali mobil qurilmasiga oʻtkazib olish imkoniyatini yaratish;
turistlar oqimi yuqori boʻlgan davlatlar tillarida axborot berish hamda tegishli hududning xaritasi namoyish etib borish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bir oy muddatda tajriba oʻtkazish davrida aeroport, temir yoʻl vokzallari hamda chegara oʻtish punktlarida turistlarga bir oy faol turistik sim-kartalarni mobil aloqa operatorlari tomonidan bepul berish amaliyotini joriy qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Transport vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-oktabrga qadar:
“Tourist map” interaktiv portalini yaratish ishlarini yakunlash hamda Samarqand shahrining xalqaro aeroportida interaktiv portal uskunalari joylashtirilishini taʼminlasin;
“Tourist map” interaktiv portali uskunalari atrofida bepul Wi-Fi zonalarini tashkil etsin;
“Tourist map” interaktiv portalining mobil ilovasini ishga tushirsin.
“Tourist map” interaktiv portali va uning mobil ilovasini ishlab chiqish, ishga tushirish, keyinchalik funksional imkoniyatlarini kengaytirish, texnik xizmat koʻrsatish hamda interaktiv portal uskunalarini xarid qilish, saqlash va taʼmirlab borish xarajatlari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
Turizm qoʻmitasi tajriba yakunlari boʻyicha iqtisodiy, moliyaviy va turistik tahlillarni amalga oshirsin va uning asosida “Tourist map” interaktiv portalini mamlakatning boshqa turizm oqimi yuqori boʻlgan hududlarning aeroport, temir yoʻl vokzallari, avtovokzallarida ishga tushirish yuzasidan 2026-yil 1-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin.
8. Turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, transport-logistika sohasini va biznes jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida 2024-yil yakuniga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda avtotransport vositalarini ijaraga berish xizmatlarini koʻrsatuvchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar (“Hertz”, “Avis”, “Sixt” kabi) faoliyatini mamlakatning aeroport va temir yoʻl vokzallari hududlarida yoʻlga qoʻyish uchun qulay sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda hududlar boʻyicha turistik yoʻnalishlar va obyektlarni qamrab oluvchi roʻyxatni shakllantirib, “Apple” va “Google” xalqaro xaritalarga taqdim etilishini va muntazam ravishda reyestri yangilab borilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda xalqaro onlayn toʻlov kompaniyalari (“Paypal”, “Alipay”, “UniPay”, “Apple Pay”, “Google Pay” kabi) bilan muzokara oʻtkazib ushbu vositalarni Oʻzbekistondagi toʻlov tizimlari va bank xizmatlariga ulashni yoʻlga qoʻysin, zarur hollarda, milliy qonunchilik talablarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritsin.
9. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi 1053-son qarori bilan 2020-2021-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish va “Oltin halqa” turizm konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Toshkent viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi va yangilangan 2025-2027-yillarda Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Toshkent viloyatida ichki turizmni iqtisodiyotning ustuvor tarmogʻi sifatida rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli kompleks rivojlantirish rejasini belgilash;
turistik-rekreatsion zonalarda davlat-xususiy sheriklik va klaster yondashuviga asoslangan kompleks infratuzilma loyihalarini amalga oshirish;
turistlarning uzoq muddatga qolishi va takroran kelishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, tuman (shahar)larni oʻzaro bogʻlovchi turistik yoʻnalishlarni ishlab chiqish;
har bir hududda turizm obyektlariga olib boruvchi yoʻl koʻrsatkichlar (navigatsiyalar)ni ishlab chiqish orqali turistlarga qulayliklar yaratish;
hududlarning tabiiy holatini hamda qishloqlarning asl qiyofasini saqlagan holda, sayyohlarni milliy madaniyat va qadriyatlar bilan tanishtirish.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-sentabr,
582-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2024-y., 09/24/582/0750-son; 17.03.2026-y., 09/26/105/0244-son)