Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qoʻshma qarori
“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati davlat muassasasi faoliyati samaradorligini oshirish toʻgʻrisida
“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati davlat muassasasi faoliyati samaradorligini oshirish hamda xodimlarining mehnatini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 28-dekabrdagi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati davlat korxonasini davlat muassasasi sifatida qayta tashkil etish toʻgʻrisida”gi 3870-IV/KQ-649-IV-sonli Qoʻshma qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2023-yil, № 12, 1149-modda) ilovaga* muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
*ilova berilmagan.
2. “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati davlat muassasasi xodimlarining mehnatga haq toʻlash razryadlari va tarif koeffitsiyentlari 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida ushbu Qarorning ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni har yili belgilangan tartibda nazarda tutsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-avgust,
4702-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 9-avgust,
KQ-793-IV-son