Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
Buyrugʻi
SHNQ 3.01.07-22 “Turar joy, jamoat va ishlab chiqarish bino va inshootlarining texnik holatini oʻrganishda xavfsizlik texnikasi” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 16-sentabrda hisobga olindi, hisob raqami 286]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-martdagi PF-5963-son “Oʻzbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 27-noyabrdagi PF-6119-son “Oʻzbekiston Respublikasi qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 3.01.07-22 “Turar joy, jamoat va ishlab chiqarish bino va inshootlarining texnik holatini oʻrganishda xavfsizlik texnikasi” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining 1998-yil 19-yanvardagi 6-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan QMQ 3.01.07-98 “Mukammal taʼmirlashni loyihalashtirishda turar-joy, jamoat va ishlab chiqarish binolarini tekshirish uchun xavfsizlik qoidalari” qurilish meʼyorlari va qoidalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Energetika vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
4. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Birinchi oʻrinbosar S. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-avgust,
01/2-50-son
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
2024-yil 5-avgust
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2024-yil 4-iyul
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDASHEV
2024-yil 3-iyul
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2024-yil 30-iyul
Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B. ISLAMOV
2024-yil 26-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2024-yil 9-avgustdagi 01/2-50-son buyrugʻiga
ILOVA
SHNQ 3.01.07-22 “Turar joy, jamoat va ishlab chiqarish bino va inshootlarining texnik holatini oʻrganishda xavfsizlik texnikasi” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda SHNQ deb yuritiladi) turar-joy, jamoat va ishlab chiqarish bino va inshootlarini (bundan buyon matnda binolar deb yuritiladi) rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash uchun ularning texnik holatini oʻrganishda xavfsizlik texnikasini belgilaydi.
1-bob. Shaharsozlik normalari va qoidalariga havolalar
1. Mazkur SHNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalariga havolalar qoʻllanilgan:
SHNQ 2.04.17-19 “Turar joy va jamoat binolarini elektr jihozlari”;
SHNQ 3.01.02-23 “Qurilishda xavfsizlik texnikasi”.
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu SHNQda quyidagi atama va taʼriflardan foydalanilgan:
bino — funksional maqsadiga qarab odamlar yashashi yoki boʻlishiga va har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarishga moʻljallangan, tayanch, toʻsma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat qurilish tizimi;
inshoot — har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarish, moddiy qimmatliklarni joylashtirish va saqlash, odamlarning vaqtincha boʻlishi (harakatlanishi), shuningdek uskunalar yoki kommunikatsiyalarni joylashtirish (oʻtkazish, ulash) uchun moʻljallangan, tayanch, toʻsma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat hajmiy, yassi yoki chiziq tarzidagi qurilish tizimi;
binolarning texnik holatini oʻrganish (bundan buyon matnda texnik holatni oʻrganish deb yuritiladi) — binolarning hisobiy sxemasini, shikastlanishlarini, nuqsonlarini, deformatsiyalarini va ularning paydo boʻlish sabablarini, ulardan texnik foydalanish qoidalarining buzilganligini aniqlash uchun binolarning holatini toʻliq tashqi oʻrganish, qurilish konstruksiyalarining texnik holatini baholash uchun yakuniy maʼlumotlarni toʻplash, asbob-uskunalar yordamida konstruksiyalarning mustahkamlik koʻrsatkichlarini aniqlash, binolarni rekonstruksiya qilishda konstruktiv yechimlarni tanlash;
rekonstruksiya qilish — asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarni (yuklamalarni, xonalarning rejalashtirilishini, binoning qurilish hajmini va umumiy maydonini, muhandislik jihatdan jihozlanishini) oʻzgartirish bilan bogʻliq qurilish ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui;
mukammal taʼmirlash — binoning ishonchliligini va unda qulay sharoitlarni taʼminlashga qaratilgan foydalanish koʻrsatkichlarini yaxshilagan holda qayta tiklash boʻyicha qurilish-taʼmirlash ishlari majmui;
joriy taʼmirlash — binoning foydalanish koʻrsatkichlarini saqlab turish boʻyicha taʼmirlash ishlari majmui.
3-bob. Binolarning texnik holatini oʻrganish
3. Binolarni texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlarini bajarishda himoya kaskalari va arqonlaridan, xavfsizlik kamarlaridan, tom ustida ishlashda esa qoʻshimcha ravishda sirpanmaydigan poyabzallardan foydalanish kerak.
4. Tomning texnik holatini oʻrganish uchun unga chiqishga faqat cherdak toʻsini va tom panjaralarining xizmatga yaroqliligi tekshirilgandan soʻng yoʻl qoʻyiladi.
Zinapoyalar ilgaklar bilan ishonchli tarzda tom tizmasiga (ikki skatli tomda) mahkamlangan boʻlishi lozim.
5. Tomning texnik holatini oʻrganishdan avval parapet toʻsiqning holatini koʻzdan kechirish, eskirgan taqdirda esa uni mustahkamlash choralari koʻrilishi kerak.
6. Tutun quvurlari va venilyatsiya shaxtalarining texnik holatini oʻrganish panjaraga yotqizilgan gorizontal toʻshamalar orqali oʻtkazilishi kerak.
Tutun quvurlari va ventilyatsiya shaxtalarining balandligi 1,5 m dan ortiq boʻlsa, ularning texnik holatini oʻrganish koʻtarib ishlanuvchi moslama yordamida amalga oshiriladi.
Tomdagi koʻtarib ishlanuvchi moslamalar bogʻlab qoʻyiladigan zanjirlar bilan mustahkam mahkamlangan boʻlishi kerak.
7. Tomga boʻlakli materiallarni yigʻish va zarur boʻlgan taqdirda ularni qiyalikdan pastga siljishi va shamolda uchib ketishi ehtimolini bartaraf etish uchun mahkamlash kerak.
8. Shamol tezligi 7,5 m/s dan yuqori boʻlganda (5 ball), zich tuman, muz, momaqaldiroq, kuchli yomgʻir va qor paytida tomda boʻlish va har qanday ishni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tomdan materiallar, uskunalar, taralarning tushib ketishi, boʻyoqlar oqib tushishi mumkin boʻlgan zonaga odamlarning kirishini oldini olish uchun oʻrganilayotgan bino balandligining ¼ qismidan yaqinroq boʻlmagan joyda toʻsiqlar oʻrnatish zarur.
9. Nishablari 20° dan yuqori boʻlgan tom tarnovlariga oʻtishga faqat stropilga biriktirilgan himoya arqoni bilan xavfsizlik kamari mavjud boʻlgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
10. Doimiy toʻsiqlari boʻlmagan tekis tomlarning texnik holatini oʻrganish uchun 1 m balandlikdagi vaqtinchalik koʻchma xavfsizlik toʻri ekranlarini oʻrnatish zarur. Bunda, ekranlar tomning ustiga qisqichlar yoki boshqa asboblar bilan mahkamlanishi lozim.
11. Tashqi eshiklarda fasad ishlari olib borilganda, devorga devor sirtining qalinligiga qadar 2 m li, havozalar mavjudligida esa ularning enining kengligiga qarab 1 m li nishabi 20° boʻlgan pishiq, himoyalangan soyabonlar oʻrnatilishi kerak.
12. Fasad shtukaturkasida (karnizda) xavf soluvchi yoriq aniqlansa va uni zudlik bilan taʼmirlash imkoni boʻlmasa, uzun tutqichli yogʻoch bolgʻa yordamida, boshga himoya kaskasini kiygan holda yorilgan shtukaturkani urib tushirib tashlash kerak.
13. Fasadlardan shtukaturka va plitkalarni urib tushirish SHNQ 3.01.02-23ga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda, ushbu ishlar olib boriladigan hudud toʻsiq bilan oʻralgan boʻlishi va begona shaxslarning kirishiga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
14. Odamlar joylashishi uchun xavfli zonaning kengligi binoning balandligi 20 m gacha boʻlganda kamida 6 m, 40 m gacha boʻlganda kamida 10 m, 40 m dan katta boʻlganda esa texnik topshiriqqa muvofiq toʻsiqlar bilan toʻsilishi kerak.
Xavfli hudud aniq koʻrinadigan ogohlantiruvchi (taqiqlovchi) belgilar va yozuvlar bilan belgilanishi zarur.
15. Balandlikdagi ish joylari toʻsiqlar, himoya va xavfsizlik moslamalari hamda qurilmalari bilan jihozlanishi zarur. Bino hududida begona shaxslarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Qavatlarga koʻtarilishga faqat ichki zinapoyalar yoki tegishli toʻsiqlarga ega boʻlgan narvonlar orqali yoʻl qoʻyiladi.
17. Qoʻshimcha koʻchma narvonlardan foydalanishga yerdan yoki poldan 1,3 m dan yuqori boʻlmagan sharoitda yoʻl qoʻyiladi.
18. Koʻchma narvonlar siljish va agʻdarilishning oldini oluvchi uskunalarga ega boʻlishi kerak.
Koʻchma narvonlarning pastki uchlarini mustahkamlashda oʻtkir uchli okovkalardan, asfalt, betonlarda foydalanilganda esa rezina yoki boshqa sirpanmaydigan materiallardan foydalanish kerak. Bunda, zarur hollarda narvonlarning yuqori uchlari maxsus ilgaklarga ega boʻlishi lozim.
19. Qoʻshimcha narvondan 1,3 m dan yuqori balandlikda foydalanilganda, koʻtarish moslamasi tashkil etilishi va bino qurilmasiga yoki zinapoyasiga biriktirilgan xavfsizlik kamarlari taʼminlanishi kerak.
20. Xavfsizlik kamarlari va himoya arqonlariga qoʻyiladigan talablar mazkur SHNQning ilovasida nazarda tutilgan.
21. Binoni koʻtaruvchi qurilmalarda yoriqlar paydo boʻlgan taqdirda, mayoqlar oʻrnatish yoʻli bilan ularni muntazam ravishda kuzatib turish lozim.
22. Binolarni koʻzdan kechirish vaqtida binoni koʻtaruvchi qurilmalarning alohida joylaridan namuna olish va ochish ularning qulashiga olib kelmasligi uchun qurilmalarning koʻtaruvchi qobiliyatini zaiflashtirmasdan amalga oshirilishi lozim.
23. Ichki va tashqi devor shtukaturkasi va shiftning texnik holatini oʻrganish havoza, koʻtarib ishlanuvchi moslama, stropochli inventar yordamida amalga oshirilishi kerak.
24. Binoni koʻtaruvchi qurilmalarni ochishda betonni sindirish, sement shuvoqni va oblitsovkani olib tashlash himoya koʻzoynaklaridan foydalangan holda amalga oshirilishi lozim.
25. Shlyamburni ushlab turish va burash gaz kalitlari yordamida amalga oshiriladi. Bunda, shlyambur va kuvalda soz holatda boʻlishi kerak.
26. Tashqi devorlarda yoriqlarni teshish vaqtida devorning boʻlaklari tushishi mumkin boʻlgan hudud toʻsilgan boʻlishi kerak.
27. Mineral paxta bilan izolyatsiya qilingan bostirmalarning texnik holatini oʻrganish himoya koʻzoynaklari, doka bogʻlamlar va xalatlardan foydalangan holda amalga oshirilishi kerak.
28. Taxta yotqizilmagan bostirmalarning texnik holatini oʻrganishda podshivkalarda turishga yoʻl qoʻyilmaydi.
29. Quduqda ishlarni amalga oshirishda quyidagi himoya va xavfsizlik anjomlari taʼminlanishi shart:
xavfsizlik kamarlari va himoya arqonlari (kamar va arqonlar yilida ikki marta 2 kN yukka bardoshliligi sinovdan oʻtkazilishi lozim);
himoya kaskalari;
quduq chuqurligidan 2 m uzun boʻlgan shlangli gazga qarshi niqoblar;
LBVK xavfsizlik lampalari (gaz analizatorlari);
12 V kuchlanishdagi akkumulyatorli chiroq;
qoʻl (mexanik) ventilyatori;
quduq qopqogʻini ochish uchun ilgaklar va lom;
ilgakning (skobaning) mustahkamligini oʻrganish uchun mustahkam xoda;
“ishchilar ishlayapti” koʻchma toʻsiq belgilari va signal fonarlari;
inventar toʻsiqlar (ish joylari yigʻiladigan-tuziladigan oʻrnatiladigan toʻsuvchi elementlari bilan);
tushib ketgan inventar asboblarini ushlab qolish uchun himoya toʻrlari;
12 V li portativ past kuchlanishli chiroq, elektr qizdirgichli chiroqlar, reflektor va himoya toʻri.
30. Quduqda ishlashdan avval quyidagilar zarur:
ish joyi toʻsiqlari va ogohlantiruvchi belgilarni oʻrnatish;
zaruriy shaxsiy himoya vositalarining mavjudligi va yaroqliligini oʻrganish;
Quduq qopqogʻini lom (ilgak) bilan ochish va koʻcha yoki avtotransport harakati yoʻnalishi boʻylab yotqizish. Quduq qopqogʻini qoʻllar va tegishli uskunalar hamda vositalar bilan ochishga yoʻl qoʻyiladi.
31. LBVK lampalari (gaz analizatori) bilan quduqlarga tushishdan avval uning gaz bilan ifloslanishi, shuningdek ilgaklarning butligini oʻrganish kerak.
32. Quduqda aniqlangan gaz tabiiy shamollatish (ikkita yuqori va pastki quduqlarning qopqoqlarini ochish) yoki qoʻl ventilyatori bilan havo purkash yoʻli orqali tozalanadi va shundan soʻng quduqning gaz bilan ifloslanishini qayta oʻrganish lozim.
Gaz toʻliq tozalanmagunga qadar gazga qarshi niqobsiz quduqqa tushishga yoʻl qoʻyilmaydi.
33. Quduqda yoki kamerada chekish, ularga yonib turgan gugurt, qogʻoz tashlash, gaz mavjudligini aniqlash uchun yonayotgan sham (yonib turgan chiroq) ni tushirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Quduqqa uni gazdan toʻliq tozalamasdan tushishga faqat PSH-1 gaz oʻtkazmaydigan shlangli niqoblarida, quduqda har 10 daqiqada tanaffus bilan ishlash sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
35. Qoʻl uskunalarini maxsus qulflanadigan qutilarda saqlash va tashish lozim.
36. Qoʻl arra, belkurak, bolta, bosqon, bolgʻa boshqa tutqichlarga mahkamlanishi kerak.
Bolta, bosqon, bolgʻalarning tutqichlari qattiq yogʻochdan tayyorlangan va poʻlat pona bilan mahkamlangan boʻlishi lozim.
Tutqichlarning yuzasi qovurgʻa, burchak, burmalar yoki boshqa notekisliklarsiz silliq boʻlishi kerak. Bosqon va bolgʻalarning tutqichlari boʻsh uchiga qarab qalinlikka ega boʻlishi lozim.
37. Lom, belkurak, boltalar, skarpellar, arralar, zubilo (tosh tarashlovchi asbob), iskana, shlyambur va boshqa uskunalar oʻtkirlangan boʻlishi shart. Arra va shlyambur tegishli tish sozalamalariga ega boʻlishi kerak.
38. Elektr lapmalarini bosim ostida burab mahkamlash va ochishga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar bosimni bartaraf etish iloji boʻlmasa, mazkur ishni elektr oʻtkazmaydigan qoʻlqoplar va himoya koʻzoynaklaridan foydalangan holda amalga oshirish lozim.
39. Obyektlardagi elektr uskunalarni elektr tarmogʻiga ulash SHNQ 2.04.17-19 ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
40. Qoʻshimcha zinapoyalarda elektrlangan uskunalar bilan ishlash taqiqlanadi. Ishlar kamida 1 m balandlikdagi panjara va kamida 15 sm balandlikdagi taxta bilan oʻralgan havoza yoki koʻtarib ishlanadigan moslamalarda amalga oshirilishi lozim.
41. Elektr asbobi boshqa joyga koʻchirilganda yoki tanaffus vaqtida taʼminot manbaidan oʻchirib qoʻyilishi lozim.
42. Yomgʻir va qor yogʻish paytida ochiq joylarda elektr uskuna bilan ishlashga faqat ish joyida shiyponlar mavjud boʻlganda va diyelektrik qoʻlqoplar, kalish, gilamchalardan majburiy foydalanish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
43. Binolarning texnik holatini oʻrganishda quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
yongʻinga qarshi zinapoyalar boʻylab tepaga chiqish va pastga tushish;
zinapoya, toʻsiqlar, koʻtarib ishlanadigan moslamalar, pol (toʻshama)lar, uzangilar va toʻsiqlari mavjud boʻlmagan, qurilishi yakunlanmagan bino maydonining yuqorisida qurilmalarni oʻrganish va materiallardan namunalar olish;
toʻsiqsiz yoki devorlarning ochiq teshiklari yonidan oʻtadigan zinapoyalar va narvonlar orqali koʻtarilish va tushish;
muzlagan va qor bilan qoplangan zinapoyalar va narvonlar orqali koʻtarilish va tushish;
qurilishi yakunlanmagan binoning karkas elementlari boʻylab koʻtarilish va tushish;
teshiklarga kirib chiqish, ochiq teshiklardagi deraza tokchasiga chiqish, tashqi qidiruvlar, karnizlar, toʻsigʻi boʻlmagan balkonlarga chiqish;
tomlardan, chodirdan yoki pajeydan asboblar va har xil materiallarni tashlash;
chirigan qurilish binolarda turish yoki unda yurish;
yuklash va tushirish zonasida boʻlish;
momaqaldiroq paytida, muzda yoki shamol tezligi 7,5 m/s dan yuqori boʻlganda tomga chiqish, nishabi 20° yuqori boʻlgan binoning tomida xavfsizlik kamarisiz va ishonchli tayanchga bogʻlangan himoya arqonisiz yurish;
bitta vertikal yuqorida qurilish yoki taʼmirlash ishlari bajariladigan joylarda tegishli himoyalovchi qurilmalarsiz oʻrganish ishlarini amalga oshirish;
sogʻliq uchun zararli sharoitlardagi xonalarda tegishli himoya vositalarisiz qolish va ishlash;
har qanday idish, quduq, kuzatish ariqlarini oʻzboshimchalik bilan ochish va ularga tushish;
sunʼiy yorugʻlik manbai sifatida ochiq olovli chiroqlardan foydalanish.
44. Beton pollarni, temir-beton qurilmalarni ochish, qattiq gruntni haydash va boshqa ishlarni bajaruvchi ishchilar sinmaydigan shishali himoya koʻzoynaklariga ega boʻlishlari kerak.
45. Qozonxona, yoqish hududi, gazda yuruvchi qurilmalar va dudburonning tutashuvchi qismining texnik holatini oʻrganishdan oldin shamollatilishi kerak.
46. Gaz asboblari (uskunalari) oʻrnatilgan binolarda oʻlchash va texnik holatni oʻrganish binolarni doimiy ravishda shamollatgan (framugalar, darchalar ochiq boʻlishi kerak) holda amalga oshirilishi kerak.
47. Har qanday turdagi yerosti va yerusti quvur oʻtkazgichlarida, shuningdek elektr kabellari, isitish batareyalari va shamollatish qutilarida turish, ularning ustida yurish yoki bir balandlikdan ikkinchisiga yurish, tortish va tushirishda tayanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
48. Tarkibida tez yonuvchan va portlovchi moddalar boʻlgan materiallarni qoʻllash va saqlash joyidan 50 m dan kam radiusda ochiq olovdan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Chuqurliklar qazish ishlarini amalga oshirish va quduqlarni qoʻlda burgʻulashda xavfsizlik texnikasi
49. Odamlar va transport harakati amalga oshadigan joylarda chuqurlikni qazish himoya toʻsiqlari bilan toʻsilishi shart.
Toʻsiqqa ogohlantiruvchi yozuvlar va belgilar, kechki paytda esa signalli yoritgichlar oʻrnatish kerak. Zarur hollarda chuqurliklarning devorlari, xandaqlar inventar mahkamlagichlarga ega boʻlishi kerak, ulardan foydalanishning iloji boʻlmasa, texnik topshiriqqa asosan tayyorlangan mahkamlagichlardan foydalanish lozim.
50. Mahkamlagichlarning ustki qismi chuqurchaning chetidan kamida 0,5 m chiqib turishi kerak. Qazish jarayonidan kelib chiqib, mustahkamlagichlarni tepadan pastga qarab 0,5 m dan koʻp boʻlmagan chuqurliklarda oʻrnatish lozim.
Mahkamlagichlarni yechib olish pastdan tepaga qarab chuqurni qayta toʻldirib borgan holda amalga oshirilishi kerak.
51. Ochiq quduqqa (shurf-chuqurlik) tushishdan oldin quyidagilar oʻrganilishi kerak:
quduqda gazlarning yoʻqligi (yoqilgan LVBK chirogʻini tushirish yoʻli bilan):
quduq mustahkamligining toʻgʻriligi va ishonchligi;
grunt, tosh, asfalt, gʻisht, yogʻoch va boshqalar buyumlarning osilib turishi hamda qulab ketish xavfining yoʻqligi;
quduqning atrofida gruntning yoʻqligi;
toʻsiqlar va ogohlantiruvchi belgilarni oʻrnatish.
52. Chuqur quduqqa tushish va orqaga koʻtarilish faqat zinapoyaga qaragan holda amalga oshirilishi lozim. Tirgovichlar boʻylab tushishga yoʻl qoʻyilmaydi.
53. Quduqdan olib tashlangan gruntni grunt chiqarish qirgʻogʻidan 0,5 m masofada joylashtirish lozim.
54. Toshloq (qoyasiz)siz va yerosti suvi sathidan yuqori boʻlgan muzlamagan gruntda yaqin atrofda yerosti binolarisiz va mahkamlash vositalarisiz vertikal devorli quduqni qazishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
1 m — oʻyma, qumli va yirik yanchiladigan gruntda;
1,25 m — qumloqda;
1,5 m — qumoqli va loy gruntda.
55. Quduq tuprogʻini qazishga u yerda ishlayotganlar toʻsilishi uchun himoya vositalari, soyabonlar oʻrnatilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
56. Quduqlarning oʻlchami, ularning mustahkamligi va ularga ishlov berish hamda koʻmishdagi xavfsizlik choralari SHNQ 3.01.02-23 ga asosan amalga oshiriladi.
57. Binoning tashqarisida quduqning qazilishi tabiiy yoki elektr yorugʻligida olib borilishi lozim.
Binoning ichida quduq qazilishi hamda unga yaqin maydonchaning yorugʻlikka ega boʻlmasligiga yoʻl qoʻyilmaydi.
58. Quduq bir nafar kon qazuvchi tomonidan kovlanganida ish joyi 0,9 m2 dan, ikki nafar kon qazuvchi tomonidan amalga oshirilganda esa 1,5 m2 dan kam boʻlmasligi lozim.
59. Kesishma arra bilan ishlaganda qoʻlni arraning qirrasiga yaqin tutish yoki arrani chap qoʻlning katta barmogʻi bilan boshqarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
60. Quduqlarni kovlash joyi begona buyumlardan xoli boʻlishi kerak.
61. Quduqlarni soyabonlar yoki brezent chodirlar bilan yopgan holda atmosfera yogʻingarchiliklari tushishidan himoya qilish lozim. Quduqlarni iliq paytda oqava suv quvurlari ostida kovlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
62. Quduqlarni kovlashda qoʻllaniladigan asbobni ishlayotgan yoki ularning yonida turgan kishilarning ustiga tushib ketmaydigan qilib joylashtirish kerak.
63. Quduq devorlarida aniqlangan, gruntda zich joylashmagan va tushib ketish xavfi boʻlgan valunlar (togʻ jinsining boʻlagi), toshlar, gʻishtlar, asfalt, yogʻoch boʻlaklari va boshqa buyumlarni quduqning tubiga ehtiyotkorona tushib, ularni tepaga chiqarib tashlash zarur. Tepaga koʻtarilishda quduqning ichida qolish taqiqlanadi.
64. Quduqda ishlatilayotgan asboblar, moslamalar, mahkamlash materiallarini uzatish qoʻldan-qoʻlga yoki chelakka solib kanatda amalga oshirilishi lozim.
65. Quduq kovlanayotganda gruntning ostini qazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Poydevor ostini yoki dastgohlar oʻrnatilgan qurilmalar, mashinalar, mexanizmlar, yuk qoʻyilgan stellaj(javon)lar, tushirish ustunlari, qabul qilish ustunlari ostini qazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
66. Zararli va portlash xavfi boʻlgan gazlar yigʻilishi mumkin boʻlgan joylardagi quduqlar, shuningdek quduqqa odamlar ishdagi tanaffusdan soʻng tushguniga qadar (dam olish kunlari, tungi tanaffuslar, toʻxtab qolishlar va boshqalar) burgʻulash ustalari (ular yoʻqligida esa — burgʻulash ishchilari) gazlanganlik darajasini (tarkibini) oʻrganish kerak.
67. Togʻ jinslarini chelakda koʻtarish tepada turgan ishchilarga tayanch uchun quduqning qirgʻogʻi oldiga yotqizilgan ostonadan amalga oshirilishi lozim.
68. Yuk solingan chelaklar koʻtarilishida chayqalmasligi va qazilgan quduq devorlariga urilmasligi kerak.
69. Chuqurligi 5 m dan yuqori boʻlgan quduqdan gruntni chiqarish mexanizatsiyalangan holda amalga oshirilishi lozim.
70. Chuqurligi 4-5 va undan yuqori boʻlgan quduqlarning mahkamlagichlarini qismlarga ajratishga yoʻl qoʻyilmaydi, chunki ularning vertikal devorlari sust ushlaydigan va mahkamlagich olib tashlanganda grunt toʻkilishi xavfi boʻlganligi sababli yoʻl qoʻyilmaydi.
71. Kotlovan (chuqur)lar, xandaqlar va quduqlarni koʻmish u yerda odamlar yoʻqligida olib borilishi shart.
72. Quduqlarni qoʻlda burgʻulash (koper va tushovlar(arqon)siz)ga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
chuqurligi 15 m gacha boʻlgan 70 mm toʻplam bilan;
chuqurligi 12 m gacha boʻlgan 89 m li komplekt bilan;
chuqurligi 127 mmgacha boʻlgan 127 mmli komplekt bilan;
chuqurligi 2 m boʻlgan (qazilgan) 127 mmdan yuqori komplekt bilan.
73. Momaqoldiroq vaqtida va kuchli shamolda burgʻulashga yoʻl qoʻyilmaydi.
74. Grunt sirti ostidagi shtanganing balandligi 4 m dan oshmasligi lozim.
75. Burgʻulangan quduq yer bilan bir tekisda grunt bilan tekislanishi yoki yogʻoch tiqin bilan yopilishi kerak.
5-bob. Atrof-muhit muhofazasi
76. Binolarni rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlashda atrof-muhit muhofaza qilinishi kerak.
Bunda, hududdagi daraxt va butalar hamda yashil maydonlarga zarar yetkazmaslik, hosil boʻladigan chiqindilarning oʻz vaqtida bartaraf etilishi (olib chiqib ketish, utilizatsiya), changlar tarqalishini kamaytirish uchun namlatib turish tizimlaridan foydalanish kerak.
77. Binolar hamda unga tegishli obyektlarda “yashil bogʻ” va “yashil belbogʻ”lar barpo etish, koʻkalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilishi lozim.
78. Daraxt va butalar ekilgan maydonlarda sugʻorish tizimlari koʻzda tutilishi lozim.
79. Binolarni rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlashda atrof-muhitning qattiq maishiy chiqindilar bilan ifloslanishini oldini olish maqsadida qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va vaqtincha saqlash uchun moʻljallangan maxsus chiqindi qutilari oʻrnatilishi kerak.
Bunda, ushbu chiqindi qutilari qulay boʻlgan joyga oʻrnatilishi, piyodalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va bolalar aravachalari hamda velosipedlar harakatiga xalaqit bermasligi, toza va soz holatda saqlanishi kerak.
SHNQ 3.01.07-22 “Turar joy, jamoat va ishlab chiqarish binolarining texnik holatini oʻrganishda xavfsizlik texnikasi” shaharsozlik normalari va qoidalariga
ILOVA
ARQONLI QUTQARUV (HIMOYA QILUVCHI) KAMARLARINING YAROQLILIGINI OʻRGANISH VA ULARNI SINOVDAN OʻTKAZISH
1. Kamarlarning yaroqlilik darajasini tashqi koʻzdan kechirish va sinovdan oʻtkazish orqali aniqlanadi.
2. Tashqi koʻzdan kechirish har kuni, ishdan oldin ham, ishdan keyin har bir qoʻllanishdan keyin ham olib boriladi. Oʻrganish kamar va arqon biriktirilgan ishchi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Kamar qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan asosiy nosozliklar va shikastlarga quyidagilar kiradi:
kamar tasmalari va yelka tasmalarining shikastlangani (kattaligidan qatʼi nazar, ulardagi yirtiq yoki kesilgan joy);
mahkamlash kamarlarining shikastlanishi (kattaligidan qatʼi nazar, ulardagi yirtiq yoki kesilgan joy);
mixparchinlarda shaybalarning yoʻqligi;
material mixparchinlarining yirtigʻi (kamar tasmasi, yelka tasmasi yoki tasmalar).
Qayd etilgan shikastlanishlarning kamida bittasi mavjud boʻlsa ham, kamar yaroqsiz hisoblanadi.
4. Mos kelmagan oʻlchamdagi kamarni ishlatish, shuningdek, kichraytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Qutqaruv kamarlari uchun karabinlar (prujinali ilgak)larning yaroqlilik darajasi tashqi koʻzdan kechirish va sinovdan oʻtkazish orqali aniqlanadi.
6. Karabinlarning tashqi koʻzdan kechirilishi arqonni oʻrganish bilan bir vaqtning oʻzida olib boriladi.
7. Karabin yaroqsiz deb hisoblanadigan asosiy nosozliklar va shikastlarga quyidagilar kiradi:
karabin ochilganida uning zatvorining yedirilishi (zatvor ochilmaydi);
zatvorni sharnirli mahkamlash joyidagi yupqaligi va boʻrtib chiqqanligi; zatvor prujinasining boʻshligi;
karabin sirtida gʻadir-budur va uchli oʻyiqlarning mavjudligi.
8. Qutqarish arqonlarining yaroqlilik darajasi tekshiruv va sinovdan oʻtkazish orqali aniqlanadi.
9. Arqonni foydalanishga yaroqsiz deb tan olishga asos boʻluvchi nosozliklar va shikastlarga quyidagilar kiradi:
iplarning sezilarli darajadagi uzilishi (15 — 20);
arqonning kulrangligi va u egilgan yoki buralib qolganda gʻichirlagan tovushning chiqishi;
arqonning namligi.
Arqonning namligi aniqlanganda u quritilishi zarur.
10. Ishlatilayotgan arqonning uzunligi balandlikda, quduqlarda, kotlovan va xandaqlarda ishlash sharoitlariga mos kelishi lozim. U quduq, kollektor va boshq.ning uzunligidan kamida 2 m uzun boʻlishi kerak.
11. Karabinlar uchun halqali qutqaruv kamarlari quyidagi tarzda sinovdan oʻtkaziladi.
Kamar statik bosimning chidamligiga tekshirib koʻriladi, buning uchun sinalayotgan kamarning halqasiga 200 kg ogʻirlikka ega boʻlgan yuk mahkamlanib, 5 daqiqaga osilgan holatda qoldiriladi. Yuk tushirilganidan soʻng kamarda hech qanday shikastlanish izlari qolmasligi kerak.
Sinovlar yiliga ikki marta oʻtkazilishi kerak.
12. Kamarli karabinlar quyidagicha sinab koʻriladi. Karabin statik bosimning chidamligiga tekshirib koʻriladi, buning uchun sinovdan oʻtkazilayotgan karabinga 200 kg boʻlgan yuk mahkamlanadi. Ochiq zatvordagi osilgan karabin yuk ostida 5 daqiqaga qoldiriladi.
Yuk tushirilganidan soʻng karabinning shakli oʻzgarmasligi lozim. Karabinning boʻshagan zatvori oʻz joyiga toʻgʻri va bemalol qaytishi lozim.
13. Qutqaruv arqonlari statik bosimning chidamligiga sinab koʻriladi. Buning uchun butun uzunligi boʻylab osib qoʻyilgan arqonga 200 kg ogʻirlikdagi yuk mahkamlanadi va aynan shu holatda 15 daqiqaga qoldiriladi. Arqonning uzunligi sinov boshlanishidan oldin va tugaganidan soʻng oʻlchanadi.
Yuk olinganidan soʻng arqonda hech qanday shikastlanishlar boʻlmasligi lozim. Arqonning qoʻyilgan yuk tufayli choʻzilib ketishi uning dastlabki uzunligining 5 foizdan oshmasligi lozim.