Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining soliq va bojxona imtiyozlarini berishni nazarda tutuvchi ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida
Iqtisodiyotda raqobatni taʼminlash, tadbirkorlik subyektlariga teng shart-sharoitlar yaratish, bozor munosabatlariga toʻliq oʻtishni jadallashtirish hamda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi hamda Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvardan boshlab moliya yili davomida qabul qilingan va budjet daromadlarini kamaytirishni, soliq va bojxona imtiyozlarini berishni hamda soliqsiz tushumlardan budjetga ajratmalarni kamaytirishni nazarda tutuvchi normalarni keyingi moliya yilidan boshlab amalga kiritish tartibini oʻrnatish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qoʻmitasining:
2025-yil 1-yanvardan boshlab yangi barpo etilayotgan bogʻlar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozni bekor qilgan holda, mazkur yer uchastkalari boʻyicha soliq stavkasini 50 foizga kamaytirish;
2025-yil 1-iyuldan boshlab yoʻlovchilarni yagona tariflar boʻyicha tashish xizmatlarini koʻrsatish aylanmasi uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlarni bekor qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 1-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-sentabr,
PF-140-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-sentabrdagi PF-140-son Farmoniga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi “Alohida soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi PF-6011-son Farmoniga 1-ilovaning 23-bandi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-noyabrdagi “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarni yanada jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-195-son Farmonining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjet tashkilotlari tomonidan xalqaro moliya institutlaridan va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan hamda jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi hisobidan toʻliq yoki qisman amalga oshiriladigan loyihalar doirasida, shuningdek, davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan infratuzilma loyihalari (elektr, gaz va issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va kanalizatsiya, suv xoʻjaligi, yoʻl-transport infratuzilmasi, aloqa va telekommunikatsiya, agrologistika, sanitariya jihatdan tozalash, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish loyihalari) uchun xalqaro moliya institutlaridan va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan hamda jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi (bundan Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari bundan mustasno) hisobidan toʻliq yoki qisman amalga oshiriladigan loyihalar doirasida sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmani, shuningdek, ularni olib kirishni 2028-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyoz loyiha ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etiladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3832-son qarori 2-bandining beshinchi xatboshisi “yuridik va jismoniy shaxslarning” soʻzlaridan oldin “2029-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan asosiy yoʻnalishlar boʻyicha islohotlarni amalga oshirishning 2024-yildagi ustuvor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-109-son qaroriga 1-ilovaning 58-pozitsiyasi “Chora-tadbir nomi” ustunidagi birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat obyektlarini realizatsiya qilish boʻyicha aylanmani qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etish”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-sentabrdagi PF-140-son Farmoniga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim farmonlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-noyabrdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5587-son Farmoni.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-martdagi “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-41-son Farmoniga ilovaning 24 va 25-pozitsiyalari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-51-son Farmoniga 3-ilovaning 7-pozitsiyasi.
Izoh: mazkur ilovaning 1-bandi 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.09.2024-y., 06/24/140/0728-son; 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)