Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Dastlabki, davriy va toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 26-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3296-3]
Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 1-fevraldagi OʻRQ-748-son “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2021-yil 31-martdagi 01-02/13-20-son qarori (roʻyxat raqami 3296, 2021-yil 4-may) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2021y., 10/21/3296/0410-son) bilan tasdiqlangan Dastlabki, davriy va toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari I. NORQULOV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-iyul,
165-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2024-yil 20-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 24-iyuldagi 165-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Dastlabki, davriy va toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 5-banddan “tovar yuk joʻnatuvchi mamlakatda ortilganligini tasdiqlovchi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2. 41-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar ushbu Nizomning 40-bandi toʻrtinchi xatboshisida koʻrsatib oʻtilgan shartli chiqarib yuborilgan tovarlar uchun taqdim etilmagan muvofiqlik sertifikatini yoki sanitariya-epidemiologiya xulosasini olish talab etilsa, ushbu tovarlardan foydalanish, ularni uchinchi shaxslarga berish, shu jumladan ularni sotish yoki oʻzga usulda boshqa shaxsga oʻtkazish orqali berish taqiqlanadi, mazkur tovarlarni olib kirishga doir cheklovlar ushbu tovarlarning sifati va xavfsizligi tekshirilishi munosabati bilan belgilangan hollarda esa har qanday shaklda foydalanish (ishlatish) taqiqlanadi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 10/24/3296-3/0659-son)