16.08.2024 yildagi 510-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida Vaqt va chastota xizmati faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qaroriga muvofiq hamda respublikada vaqt va chastota sohasida oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston milliy vaqt shkalasini (UTC (UZ) hosil qilish, uni saqlash va uzatishni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan vaqt, chastota va milliy vaqt shkalasi (UTC (UZ) birligi milliy etaloni yaratilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro oʻlchov va tarozilar byurosining (BIPM) Xalqaro atom vaqti (TAI) guruhiga toʻliq huquqli aʼzo sifatida qabul qilinganligi;
Oʻzbekiston Respublikasining Muvofiqlashtirilgan universal vaqtni (UTC) shakllantirishda Xalqaro oʻlchov va tarozilar byurosi (BIPM) solishtirishlarida ishtirokchi sifatida roʻyxatdan oʻtganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
Oʻzbekiston milliy vaqt shkalasi (UTC (UZ) joriy etiladi va undan Oʻzbekiston Respublikasining aniq vaqti (keyingi oʻrinlarda — aniq vaqt) sifatida foydalaniladi;
Vaqt xizmatining faoliyatini samarali tashkil etishga Agentlikning “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Metrologiya instituti) masʼul hisoblanadi;
Metrologiya instituti Muvofiqlashtirilgan universal vaqtni (UTC) shakllantirishda ishtirok etadi va Oʻzbekiston milliy vaqt shkalasini (UTC (UZ) hosil qilishga vakolatli etib belgilanadi.
3. Agentlik ikki oy muddatda:
vaqt, chastota va milliy vaqt shkalasi (UTC (UZ) birligi milliy etaloniga muvofiq Metrologiya instituti tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Vaqt va chastota xizmatini (keyingi oʻrinlarda — Vaqt xizmati);
Vaqt xizmatining vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutuvchi nizomini “Oʻzbektelekom” AK bilan kelishgan holda tasdiqlashni tashkil etsin.
4. Agentlik, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining aniq vaqtni Vaqt xizmatidan olish hamda uni manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlarga uzatishni davlat-xususiy sheriklik shartlari (keyingi oʻrinlarda — DXSH loyihasi) asosida amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
5. DXSH loyihasi doirasida Metrologiya instituti — davlat sherigi, “Oʻzbektelekom” AK — xususiy sherik etib belgilansin hamda Agentlik “Oʻzbektelekom” AK bilan birgalikda bir oy muddatda Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolanishini taʼminlasin.
Belgilansinki, Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim doirasida:
davlat organlari va boshqa tashkilotlarga aniq vaqt pulli xizmat asosida uzatiladi hamda kelib tushgan mablagʻning 90 foizi xususiy sherikka, qolgan qismi davlat sherigi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
toʻlov miqdori tomonlar sarflangan xarajatlar inobatga olinib, asoslantirilgan hisob-kitoblar asosida belgilanadi;
davlat sherigi vaqt va chastota sohasida oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlaydi, Oʻzbekiston milliy vaqt shkalasini (UTC (UZ) hosil qilish, saqlash va xususiy sherikka uzatishni amalga oshiradi;
xususiy sherik manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlarga aniq vaqtni uzatadi;
davlat sherigi aniq vaqtni muntazam translyatsiya qilib boruvchi veb-sayt va mobil ilovani ishga tushiradi;
bitimning amal qilish muddati kamida besh yil etib belgilanadi va ushbu muddat tomonlar oʻrtasida kelishilgan holda, qonunda belgilangan muddatlar doirasida uzaytirilishi yoki qisqartirilishi mumkin.
6. Agentlik ikki oy muddatda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda aniq vaqt signallarini qabul qiluvchi abonentlar roʻyxatini shakllantirsin va tasdiqlasin. Zaruratga koʻra abonentlar roʻyxati har yili kamida bir marta yangilab boriladi.
7. Davlat sherigiga pulli xizmatdan kelib tushgan mablagʻlar Vaqt xizmatining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, infratuzilmasini takomillashtirish, xodimlarni ragʻbatlantirish va malakasini oshirish hamda xorijiy ekspertlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.R. Jumanazarov va Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-avgust,
510-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 09/24/510/0621-son)
Постановление
Кабинета Министров Республики Узбекистан
О мерах эффективной организации деятельности Службы времени и частоты Республики Узбекистан
Премьер-министр Республики Узбекистан А. АРИПОВ
г. Ташкент,
16 августа 2024 г.,
№ 510