Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2024-yil 30-yanvardagi 55-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 23-yanvardagi PQ-39-son qarori, Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2024-yil 30-yanvardagi 55-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish, qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish va ragʻbatlantirish choralarini yanada takomillashtirish uchun qonunchilik hujjatlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
“Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasi bilan integratsiya qilinadigan axborot tizimlari tarkibini qayta koʻrib chiqish;
tadbirkorlik subyektlarining EBITDA boʻyicha rentabellik darajasini hisoblash talablarini yengillashtirish;
bir nafar xodimga toʻgʻri keladigan ish haqi jamgʻarmasini baholashda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar uchun alohida talablar belgilash;
elektron hisobvaraq-fakturalarni qonunchilikda belgilangan muddatlarda rasmiylashtirish holatini baholash tartibini qoʻshimchalar bilan toʻldirish;
sohalar boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichlarni roʻyxatdan oʻtish joyiga qarab, qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi toʻlovchilar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻyicha alohida, aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar boʻyicha tumanlar (shaharlar) kesimida alohida hisoblash tartibini takomillashtirish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-iyul,
467-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-iyuldagi 467-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2024-yil 30-yanvardagi 55-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa vazirliklar va idoralar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2024-yil 1-avgustga qadar “Shaffof qurilish”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda boshqa zaruriy axborot tizimlarini “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin”.
2. Ilovaning:
13 — 15-bandlari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. EBITDA boʻyicha rentabellik darajasi tadbirkorlik subyektining sof foydasiga foiz toʻlovlari, asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi, hisoblangan foyda soligʻi summasi qoʻshilib, tovarlarni (xizmatlarni) sotishdan sof tushumga boʻlish va 100 ga koʻpaytirish orqali aniqlanadi (EBITDA margin = EBITDA / daromad x 100%).
EBITDA boʻyicha rentabellik darajasi tadbirkorlik subyekti faoliyat koʻrsatayotgan sohaning oʻrtacha koʻrsatkichidan:
20 foiz va undan yuqori boʻlsa — 10 ball;
15 — 20 foizgacha yuqori boʻlsa — 8 ball;
10 — 15 foizgacha yuqori boʻlsa — 6 ball;
5 — 10 foizgacha yuqori boʻlsa — 4 ball;
oʻrtachaga teng yoki 5 foizgacha yuqori boʻlsa — 2 ball beriladi.
Bunda tegishli hududdagi iqtisodiy faoliyat turi boʻyicha tadbirkorlik subyekti yagona boʻlgan hollarda mazkur mezonni hisoblashda (iqtisodiy faoliyat turi inobatga olinmagan holda) hududni oʻrtacha koʻrsatkichi bilan solishtiriladi.
Mazkur koʻrsatkichni baholashda moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlar va moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtgan yuridik shaxslar boʻyicha koʻrsatkichlar foyda soligʻi hisoboti shakllarining oxirgi soliq davri maʼlumotlaridan foydalaniladi.
14. Yer uchastkalari va (yoki) koʻchmas mulk obyektlari mavjudligi tadbirkorlik subyekti foydalanayotgan yer uchastkalari (shu jumladan, qishloq xoʻjaligi uchun uzoq muddatli ijaraga ajratilgan) va (yoki) mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida koʻchmas mulk obyektlari mavjudligi (ijara shartnomalari hisobga qoʻyilganligi)) quyidagicha baholanadi:
mulk huquqi asosida boʻlsa — 10 ball (bunda oilaviy korxona ishtirokchilarining ulushli yoki birgalikdagi mulkida boʻlgan umumiy mol-mulki ham hisobga olinadi);
ijara shartnomasi boʻyicha foydalanilayotganda — 7 ball beriladi.
Agar yer uchastkalari va (yoki) koʻchmas mulk obyektlari mavjud boʻlmaganda, shuningdek, tadbirkorlik subyektining u koʻrsatgan manzilda faoliyat yuritmayotganligi aniqlansa — 5 ball chegiriladi.
15. Bir nafar xodimga toʻgʻri keladigan ish haqi jamgʻarmasini baholashda tadbirkorlik subyekti tomonidan bir nafar xodimga hisoblangan ish haqi summasi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kelib chiqib:
Toshkent shahar uchun — 3 barobardan 4 barobargacha — 5 ball;
4 barobardan yuqori boʻlsa — 10 ball.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar uchun — 2 barobardan 3 barobargacha — 5 ball;
3 barobardan yuqori boʻlsa — 10 ball beriladi.
Mazkur band boʻyicha oʻrtacha bir nafar xodimga hisoblangan ish haqi summasi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlsa — 5 ball chegiriladi hamda oʻtgan oyga nisbatan ishchi xodimlar soni 10 foizdan ortiq kamaygan hollarda ball berilmaydi”.
19 — 21-bandlari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“19. Elektron hisobvaraq-fakturalarni qonunchilikda belgilangan muddatlarda rasmiylashtirish holatini baholashda hisobot davrida tovarlar joʻnatilgan (topshirilgan) yoki xizmatlar koʻrsatilgan, ishlar bajarilgan kalendar sanada rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar, jumladan, eksportni tasdiqlovchi hujjatlar, onlayn nazorat kassa texnikalari cheklari, elektron tijorat toʻlov cheklari summasining jami elektron hisobvaraq-fakturalar, eksportni tasdiqlovchi hujjatlar, onlayn nazorat kassa texnikalari cheklari, elektron tijorat cheklari boʻyicha tovar aylanmasidagi ulushi (foizi):
100 foiz boʻlsa — 10 ball;
75 — 99 foizgacha boʻlsa — 7 ball;
50 — 75 foizgacha boʻlsa — 5 ball;
25 — 50 foizgacha boʻlsa — 2 ball;
25 foizgacha boʻlsa — 1 ball beriladi;
rasmiylashtirilmagan hollarda ball berilmaydi.
“Soliq hamkor” tizimi orqali soliqqa oid huquqbuzarlik fakti boʻyicha murojaat kelib tushgan taqdirda ball berilmaydi.
Naqd va terminal orqali amalga oshirilgan savdo tushumi bilan onlayn nazorat kassa mashinasiga kirim qilingan savdo tushumida tafovut aniqlanganda shu oy uchun — 5 ball chegiriladi.
20. Elektron hisobvaraq-fakturalar orqali xarid qilingan tovarlar realizatsiyasini baholashda elektron hisobvaraq-fakturalar orqali kalendar yil davomida xarid qilingan (shu jumladan, import qilingan) tovarlar yoki xomashyoga mutanosib ravishda amalga oshirilgan tovarlar realizatsiyasi (jumladan, eksport qilingan tovarlar summasi):
70 foizdan koʻp boʻlganda — 10 ball.
50 foizdan 70 foizgacha boʻlganda — 5 ball beriladi.
Bunda yil davomida 70 foizdan ortiq xarid qilingan tovarlar yoki xomashyo qoldiqda qolganda — 5 ball chegiriladi.
Mazkur koʻrsatkichni hisoblashda 1-yanvar (yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari uchun — roʻyxatdan oʻtgan davr) va 31-dekabr sanasidagi tovar yoki xomashyo qoldigʻining oylarga teng ulushlardagi summasi inobatga olinadi.
21. Soliq organlari tekshiruvdan oldingi tahlil natijasida aniqlagan kamchiliklarning bartaraf etilish holati soliq organlari axborot tizimlaridan foydalangan holda oʻtkazilgan tekshiruvdan oldingi tahlil natijasida kamchilik aniqlanmaganligi yoki ularning bartaraf etilganligidan kelib chiqib quyidagicha baholanadi:
kamchilik aniqlanmagan yoki keltirilgan kamchiliklarning mavjud emasligi asoslantirilgan yoxud kamchiliklar ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan boʻlsa — 10 ball beriladi;
Bunda kamchiliklar bartaraf etilmagan yoki keltirilgan kamchiliklarning mavjud emasligi asoslantirilmagan boʻlsa — 5 ball chegiriladi”.
37-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“37. Sohalar boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichlar roʻyxatdan oʻtish joyiga qarab qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi toʻlovchilar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar boʻyicha alohida, aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar boʻyicha tumanlar (shaharlar) kesimida alohida hisoblanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.08.2024-y., 09/24/467/0568-son)