OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING
Qarori
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarining sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Xususan, soʻnggi yillarda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (keyingi oʻrinlarda — METH) faoliyatiga doir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 13 ta qarori hamda 1 ta farmoyishi qabul qilingan.
Olib borilgan ishlar natijasida METH umumiy maydoni 6,4 mln gektarga yetkazildi va ular mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etmoqda.
METHning yer maydonlari, yer toifalari, suvli maydonlari, oʻsimlik va hayvon turlari soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan. METHdagi mavjud yuksak oʻsimliklarning 261 turi, umurtqali hayvonlarning 103 turi va kenja turi Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasi qoʻshni davlatlarga tutash hududlarda yagona ekotizimli transchegaraviy METH tashkil etish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqib, tomonlarga taqdim etgan.
Oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlarini hisobga olish va monitoring qilish boʻyicha smart monitoring tizimi joriy etilib, kadastr maʼlumotlarini toʻplash hamda shakllantirish va tahlil qilish ishlari yoʻlga qoʻyilgan, shuningdek, Davlat kadastrlari yagona tizimi Milliy geografik axborot tizimiga integratsiya qilingan.
Hayvonot hamda oʻsimlik dunyosi obyektlarini saqlash, ulardan foydalanish, qayta koʻpaytirish va tiklash maqsadida METHda besh yilga (2021 — 2025-yillar) moʻljallangan boshqarish rejalari tasdiqlangan.
METHda Yongʻin xavfsizligini kuchaytirish, yil mavsumlarida hayvonlar maxsus oziqlanadigan joylarni tashkil etish choralari koʻrilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-dekabrdagi “Davlat oʻrmon fondi yer maydonlaridan foydalanishda ijara munosabatlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 674-sonli qaroriga muvofiq METHning ruxsat etilgan hududlarida davlat-xususiy sheriklik asosida investor va tadbirkorlarni jalb qilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida METH maxsus transport vositalari, laboratoriya jihozlari, aloqa vositalari, meteostansiya, optik kuzatish va boshqa zarur texnik moslamalar bilan taʼminlangan.
METHga antropogen omillar taʼsirini kamaytirish maqsadida qator qoʻriqxonalarga tutash hududlarda qoʻriqlanma (bufer) zonalar tashkil qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob hamda yoʻqolib ketish xavfi ostidagi hayvon va oʻsimliklarni muhofaza qilish hamda koʻpaytirish maqsadida METHda ixtisoslashtirilgan parvarishxonalar, pitomniklar, plantatsiyalar tashkil etilgan.
Parlament soʻrovi javobi tahlillari va oʻtkazilgan boshqa oʻrganishlar ayrim masalalar hamon dolzarbligicha qolayotganligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, METHda amalga oshiriladigan biotexnik tadbirlar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi lozim boʻlsa-da, ayrim holatlarda yetarli mablagʻ ajratilmayapti.
Hududlarning xususiyatlarini, tabiiy majmualarning joylashuvi hamda iqlim oʻzgarishlarini hisobga olgan holda zamonaviy ekologik indikatorlarni ishlab chiqish lozim.
Noqonuniy chorva mollari boqilishi, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish va boshqa salbiy omillar sababli METHning umumiy biomassasi siyraklashishi hamon davom etmoqda.
METH maydonlarini kengaytirishda ham ayrim muammolarga duch kelinmoqda. Tanlanayotgan yerlarning asosiy qismi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi tasarrufidagi hududlarga toʻgʻri kelayotganligi sababli hozirgi kunda METH maydonlarini kengaytirish amalga oshirilmay qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-171-sonli qarorida 2023-yil 1-iyuldan boshlab METH ilmiy xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etilishi belgilangan boʻlsa-da, hududiy moliya boʻlinmalari tomonidan mazkur vazifa ijrosi taʼminlanmagan.
Iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini va qonunchilikda belgilangan vazifalarni inobatga olib, METHni boshqarish, ulardan samarali foydalanishning institutsional asoslarini takomillashtirish hamda sohaga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqish talab etilmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Alixanovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hududlarning xususiyatlarini, tabiiy majmualarning joylashuvi hamda iqlim oʻzgarishlarini hisobga olgan holda zamonaviy ekologik indikatorlarni ishlab chiqish;
METH maydonlarini kengaytirishning samarali tizimini joriy etish;
METH yer maydonlarini sanoat, ishlab chiqarish va boshqa maqsadlar uchun ajratishni taqiqlash;
METHni boshqarish, ulardan samarali foydalanish hamda sohaga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish, shu jumladan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish choralarini koʻrsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
METHga antropogen taʼsirni yanada kamaytirish maqsadida qoʻriqxonalar hamda ularga tutash hududlarda qoʻriqlanma (bufer) tashkil qilish ishlarini jadallashtirsin;
METHda amalga oshiriladigan biotexnik tadbirlar uchun mahalliy budjetdan mablagʻlarning oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlasin;
yil yakuniga qadar METHni 14,2 foizgacha kengaytirish ishlarini tashkil etsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga hududlardagi METHning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati boʻyicha masʼul ijro hokimiyati organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan joriy yilning 20-dekabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Alixanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 10-iyul,
SQ-948-IV-son