Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Kichik tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlarida ishtirokini kengaytirish orqali nogironligi boʻlgan shaxslar, ayollar va yoshlar bandligini oshirish, shuningdek, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab elektron doʻkon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng boʻlgan hollarda, ilovaga muvofiq mezonlarning biri asosida nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini taʼminlagan kichik tadbirkorlik subyektlarining takliflari ustunlikka ega boʻladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi va manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-sentabrga qadar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga ushbu band talablaridan kelib chiqib oʻzgartirishlar kiritsin.
2. 2024-yil 1-sentabrdan 2025-yil 31-dekabrga qadar “Biznesni rivojlantirish banki” ATB huzuridagi kichik biznesga koʻmaklashish markazlari (keyingi oʻrinlarda — markazlar) yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining 50 foizigacha qismini, biroq bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan oshmagan miqdorda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartibi joriy etilsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-noyabrdagi PQ-366-son qarori bilan 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlariga oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarni (mahsulotlarni) davlat buyurtmachilariga bir moliya yili davomida jami 10 milliard soʻmgacha qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotishga ruxsat berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq markazlar davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilinadigan kichik tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik loyihalari doirasida quyidagilarga amaliy koʻmak beradi:
asbob-uskunalar va texnologiyalarni tanlash, xarid qilish va oʻrnatish;
markazlarda tashkil qilingan amaliy oʻquv kurslarida biznesni tashkil etish hamda yuritish bilan bogʻliq yoʻnalishlar boʻyicha kichik tadbirkorlik subyektlarini oʻqitish;
davlat ishtirokidagi yirik korxonalarning ishlab chiqarish maydonlarida kichik tadbirkorlik subyektlari xodimlarini kasb-hunarga oʻqitish va malakasini oshirish;
kichik tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun ularni davlat xaridlari tizimiga keng jalb qilish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda kichik tadbirkorlik subyektlari bilan kooperatsiya aloqalarini oʻrnatgan yuridik shaxslar bilan davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2024-yil 1-oktabrdan boshlab:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida bir ish kuni (bundan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida” Qonunning 71-moddasi birinchi qismi 3, 4, 6, 7, 9 — 11-bandlarida nazarda tutilgan hollar hamda tabiiy monopoliya subyektlaridan xaridlar mustasno), shuningdek, tender savdolari natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida ikki ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)
Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga bozorda muqobillari boʻlmagan va texnik jihatdan murakkab tovarlarni yetkazib beruvchilar Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xulosasi asosida kiritiladi;
davlat xaridlari elektron tizimiga ushbu tizimdan roʻyxatdan oʻtgan yuqori barqarorlik reytingiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini ular tomonidan ishlab chiqariladigan (yetkazib beriladigan) tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) mos keladigan davlat buyurtmasining tizimga joylashtirilganligi toʻgʻrisida xabardor qilish funksiyasi kiritiladi;
davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari tomonidan davlat buyurtmachilari va xarid qilish tartib-taomillari ijrochilariga shartnomalarni bajarish vaqtida kelib chiqadigan sudgacha boʻlgan nizolarning belgilangan tartibda hal etilishida koʻmaklashish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
tender savdolarida bitta tadbirkorlik subyekti ishtirok etgan taqdirda, davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilini hamda tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) oid mezonlarni oʻzgartirmagan holda takroran eʼlon joylashtirganda va takroriy tender savdolarining yagona ishtirokchisi ilgari ishtirok etgan tadbirkorlik subyekti boʻlganda, tender savdolari oʻtkazilgan deb hisoblanadi.
Ushbu tartib “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan talablarga mos kelmaydigan va taklifini tegishli tarzda rasmiylashtirmagan tender ishtirokchilariga tatbiq etilmaydi.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-dekabrga qadar davlat buyurtmachilari tomonidan korporativ bank kartalaridan (“xarid kartalari”) foydalangan holda, quyidagi xaridlarni amalga oshirish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
davlat buyurtmachisi faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq xizmat safarlari va boshqa maqsadlar uchun chiptalar (avia va temir yoʻl transportiga) va mehmonxona xizmatlari xarajatlari boʻyicha;
benzin, suyultirilgan va siqilgan gaz, avia va dizel yoqilgʻisida harakatlanuvchi transport vositalariga yoqilgʻi quyish, elektromobillarni elektr energiyasi bilan quvvatlantirish xarajatlari boʻyicha.
7. Korporativ buyurtmachilarning ishlab chiqarish faoliyati uzluksizligini taʼminlash maqsadida 2024-yil 1-sentabrdan boshlab:
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari, shuningdek, ularning tarkibidagi xoʻjalik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining davlat xaridlari yillik va choraklik reja-jadvallari hamda import qilish rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxatlarini tasdiqlash boʻyicha qarorlari muhim fakt sifatida oshkor qilib borilsin;
davlat xaridlari maxsus axborot portalida korporativ buyurtmachilarning ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur boʻladigan tovarlarni mahalliylashtirish orqali kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan oʻz takliflarini berish imkoniyati yaratilsin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
2024-yil 1-oktabrga qadar davlat xaridlari maxsus axborot portalida davlat buyurtmachilari amalga oshirgan davlat xaridlari natijalariga koʻra tovarlar (ishlar, xizmatlar), shu jumladan, ularning turlari kesimida shakllangan narxlarni jamoatchilik uchun ochiq ifodalovchi alohida sahifa joriy etsin, davlat buyurtmachilariga ushbu sahifa asosida boshlangʻich narxni shakllantirish imkoniyatini yaratsin;
2024-yil 1-noyabrga qadar ilgʻor xorijiy tajriba asosida elektron doʻkon orqali xaridlar tartibini soddalashtirish, xarid komissiyalari faoliyatini takomillashtirish orqali inson omilini qisqartirish, tadbirkorlik subyektlariga chet ellardagi davlat xaridlarida ishtirok etishiga koʻmaklashish, shuningdek, davlat xaridlari ishtirokchilarining ishonchlilik reytingini joriy etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
davlat xaridlari elektron tizimining operatorlari bilan birgalikda 2024-yil 1-dekabrga qadar davlat xaridlari tizimining mobil ilovalarini yaratsin;
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda har yili hududlarda nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini taʼminlagan kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar boʻyicha koʻrgazma yarmarkalarini tashkil etib borsin, shuningdek, ularning mahsulotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan davlat buyurtmachilarini muntazam ravishda tanishtirib borsin;
har yili kamida bir marta nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini taʼminlagan kichik tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xaridlarida ishtirok etish tartib-taomillari yuzasidan qisqa muddatli bepul oʻqitish kurslarini tashkil etib borsin;
davlat xaridlari elektron tizimining operatorlari bilan birgalikda har yil yakuni boʻyicha keyingi yilning 1-apreliga qadar davlat xaridlari sohasida “Eng faol tadbirkor” hamda “Eng yaxshi buyurtmachi” tanlovlarini oʻtkazib borsin;
uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-iyul,
PQ-249-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PQ-249-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Elektron doʻkon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda ustuvorlik beriladigan kichik tadbirkorlik subyektlari boʻyicha
MEZONLAR
1. Nogironligi boʻlgan shaxslarning doimiy ish bilan taʼminlaganligi boʻyicha — xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi boʻlgan shaxslardan iborat boʻlib, ushbu korxona ularning asosiy ish joyi boʻlishi va ushbu shaxslarga toʻlangan ish haqi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etishi.
2. Xotin-qizlarning doimiy ish bilan taʼminlaganligi boʻyicha — rahbari (direktori) ayol kishi boʻlgan, xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi xotin-qizlardan iborat boʻlib, ushbu korxona ularning asosiy ish joyi boʻlishi va ushbu shaxslarga toʻlangan ish haqi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etishi.
3. Yoshlarning doimiy ish bilan taʼminlaganligi boʻyicha — rahbari (direktori) oʻttiz yoshdan oshmagan, xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslardan iborat boʻlib, ushbu korxona ularning asosiy ish joyi boʻlishi va ushbu shaxslarga toʻlangan ish haqi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etishi.
4. Korxona xodimlari umumiy sonining kamida 70 foizini nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlar tashkil etishi.
Izoh.
Xodimlar kamida olti oy davomida ushbu korxonada uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirib kelgan boʻlishi lozim.
Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron kooperatsiya portali bilan integratsiya qilish orqali shakllantiriladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.07.2024-y., 07/24/249/0492-son; 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)