Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida” 2023-yil 6-noyabrdagi PQ-357-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalashda kelishiladigan organlar roʻyxatiga Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasini kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan bojxona nazorati ostidagi kimyoviy moddalar saqlanadigan bojxona ombori hisoblanmaydigan joylar uchun yongʻin va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan bojxona organlariga xulosa taqdim etish;
bojxona omboriga joylashtirilishi mumkin boʻlmagan tovarlarni bojxona ombori hisoblanmaydigan joylarda saqlash talablarini kuchaytirish;
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) tarkibiga kiruvchi xavfli yuklarni avtotransport vositalarida tashishda hududiy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalarining yoʻl-patrul xizmati tomonidan kuzatib borish tartibini belgilash.
2. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-iyul,
385-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-iyuldagi 385-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-avgustdagi 531-son qarori bilan tasdiqlangan Bojxona nazorati ostidagi tovarlarga nisbatan yuk operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 29-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tovarlarni saqlash uchun moʻljallangan joy (joylashgan joyi, pochta manzili, agar yuridik shaxs boʻlsa uning toʻliq nomi bilan, yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash koʻzda tutilsa, obyektning (omborning) yongʻin va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan xulosa olinganligi) va saqlash uchun javobgar shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (F.I.O., yashash joyi, telefon raqami) aks ettirilgan vakolatli shaxsning bojxona yuk deklaratsiyasiga ilova qilingan arizasi”;
b) quyidagi mazmundagi 301-band bilan toʻldirilsin:
“301. Ushbu Nizomning 29 va 30-bandlarida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha tovarlarning oʻz vaqtida manzilga yetkazilganligi bojxona ombori hisoblanmaydigan joyga tovarlarni joylashtirish uchun murojaat qilgan shaxs tomonidan tasdiqlanadi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 35-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalarining 51-bandi quyidagi mazmundagi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) ortilgan avtotransport vositalari tegishli manzilga shartnoma asosida hududiy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalarining yoʻl-patrul xizmati tomonidan kuzatib boriladi.
Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) ikkitadan ortiq avtotransport vositasida kolonna boʻlib, oldinda va orqada hududiy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari yoʻl-patrul xizmatining ikkita patrul avtomashinalari kuzatuvida tashiladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2024-y., 09/24/385/0479-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)