Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1998-yil 31-oktabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi Shartnoma hamda 2013-yil 14-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida strategik sherikchilik toʻgʻrisidagi Shartnomaning oʻzbek-qozoq munosabatlaridagi muhim ahamiyatini eʼtirof etgan holda,
doʻstlikni rivojlantirish va koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishda yangi bosqich hisoblangan 2021-yil 6-dekabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Deklaratsiyani yuqori baholab,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, Xelsinki Yakuniy Yakunlovchi akti hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining boshqa asosiy hujjatlarining maqsad va prinsiplari, xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga sodiq ekanliklarini tasdiqlab,
har bir Tomon milliy qonunchiligining qoidalariga asoslanib,
doʻstlik, ahil qoʻshnilik va oʻzaro hurmatning buzilmas prinsiplariga asoslangan ikki mamlakat xalqlarining koʻp asrlik tarixiy, maʼnaviy va madaniy mushtarakligidan kelib chiqib,
ikki davlatning 30 yillik mustaqil rivojlanishi davomida keng koʻlamli ikki tomonlama hamkorlikni izchil mustahkamlashda erishilgan muvaffaqiyatlarning alohida muhim ahamiyatini qayd etgan holda,
ikki tomonlama munosabatlarni siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda yanada kompleks rivojlantirish istagida,
ikki tomonlama munosabatlarni ikkala birodar davlatning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlariga mos boʻlgan, shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashdagi asosiy omil hisoblangan ittifoqchilik munosabatlarining yangi darajasiga olib chiqishga intilgan holda,
ittifoqchilik munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy jihatdan mustahkamlanishi Oʻzbekiston va Qozogʻistonning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga, shuningdek, Tomonlar milliy manfaatlariga javob berishiga ishonch hosil qilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Shartnomaga muvofiq Tomonlar uzoq muddatli asosda ittifoqchilik munosabatlarini oʻrnatadilar va rivojlantiradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari har tomonlama hamkorlik, ishonch, tenglik va milliy manfaatlarni oʻzaro hisobga olish, Tomonlarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va davlat chegaralarining buzilmasligini hurmat qilish, shuningdek, oʻzaro majburiyatlarni vijdonan bajarish asosida oʻrnatiladi.
2-modda
Tomonlardan birining fikriga koʻra, uchinchi davlatlar tarafidan qurolli hujum xavfini tugʻdiruvchi vaziyat yuzaga kelgan holda, Tomonlar bir-birlari bilan ham ikki tomonlama asosda, ham ular ishtirokchi boʻlgan xalqaro tashkilotlar doirasida uni tinch yoʻl bilan hal etishga koʻmaklashuvchi choralarni koʻrish maqsadida zudlik bilan tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
3-modda
Tomonlar boshqa Tomonga qarshi qaratilgan hech bir bloklar yoki ittifoqlarda qatnashmaslik majburiyatini tasdiqlaydilar, shuningdek, har qanday harakatlarda ishtirok etishdan saqlanadilar.
Hech bir Tomon oʻz hududi va manbalaridan boshqa Tomonga qarshi tajovuz yoki boshqa dushmanona harakatlarni tayyorlash yoki amalga oshirish maqsadida, shuningdek, boshqa Tomonning davlat suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazishda foydalanishga ruxsat bermaydi.
Tomonlar uchinchi davlatlar tarafidan boshqa Tomonga qarshi qaratilgan qurolli harakatlarga tayyorgarlik koʻrish yoki amalga oshirish maqsadida oʻz hududlarida, kommunikatsiya tizimlari va boshqa infratuzilmadan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini oladilar.
Tomonlar xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari va, eng avvalo, suverenitet, hududiy yaxlitlikni taʼminlash va davlatlar chegarasi buzilmasligiga rioya qilish asosida mintaqaviy mojarolarni tinchlik yoʻli bilan maslahatlashuvlar orqali hal etishga koʻmaklashish maqsadida harakat qiladilar.
4-modda
Tomonlar birodarlik, ittifoqchilik va strategik sherikchilik ruhida oʻzbek-qozoq koʻp qirrali hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida davlatlar rahbarlari tarafidan boshqariladigan ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini belgilaydigan va Tomonlarning umumiy manfaatlari bilan bogʻliq boʻlgan eng muhim masalalarni koʻrib chiqadigan Davlatlararo oliy kengashni taʼsis etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Davlatlararo oliy kengash toʻgʻrisidagi Nizom mazkur Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi (mazkur Shartnomaga ilova).
5-modda
Tomonlar tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik sohalarida yaqindan hamkorlik qiladilar.
Tomonlar tashqi siyosatni muvofiqlashtirish manfaatlarini nazarda tutib, birinchi navbatda, eng yuqori oliy va yuqori darajalarda, jumladan, ikki davlat xavfsizlik kengashi kotiblari va tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi muntazam uchrashuvlar mexanizmidan foydalanadilar va takomillashtiradilar.
Tomonlar ikki davlat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash maqsadida harbiy-texnikaviy sohadagi hamkorlik va oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlaydilar.
6-modda
Tomonlar ikki davlat parlamentlari, siyosiy partiyalari va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi aloqa va munosabatlarni mustahkamlashga koʻmaklashadilar.
7-modda
Tomonlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qoʻshma korxonalar tashkil etish orqali oʻzaro iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirish uchun shart-sharoit yaratadilar, shuningdek, sanoat, transport va logistika, energetika, farmatsevtika, qurilish kabi sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
Innovatsion sanoat siyosatini amalga oshirish maqsadida Tomonlar oʻzaro manfaatli va tenglik asosida yangi sanoat quvvatlarini oqilona joylashtirish va amaldagilarini modernizatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtiradilar.
Tomonlar davlatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlashni, jumladan, zarur shart-sharoitlarni yaratish va banklararo hamkorlikni rivojlantirish orqali mustahkamlaydilar va yuksaltiradilar.
8-modda
Tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ikki davlatning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshuvchi milliy iqtisodiyotlarning energiya samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida energetika sohasida, jumladan, neft-gaz, elektroenergetika sohalari tarmoqlarida, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida teng huquqlilik va oʻzaro manfaatli munosabatlar asosida hamkorlikni davom ettiradilar.
Tomonlar neft-gaz sanoati tarmogʻida, jumladan, neftni qayta ishlash obyektlarini va quvur liniyasi infratuzilmasini qurish orqali qoʻshma loyihalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlikni davom ettiradilar.
9-modda
Tomonlar investitsiya faoliyati, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadilar.
Tomonlar tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratadilar, birlashmalarning turli tashkiliy-huquqiy shakllari hamda yuridik shaxslar va iqtisodiy hamkorlikning boshqa subyektlari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
10-modda
Tomonlar transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va oʻzaro manfaatli foydalanish hamda suv xoʻjaligi inshootlarini ekspluatatsiya qilish, shuningdek, sugʻorishning suvni tejaydigan texnologiyalarini joriy etish boʻyicha birgalikda choralar koʻradilar.
11-modda
Tomonlar oʻzlari ishtirokchi boʻlgan ikki tomonlama va koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarga muvofiq harakat qilgan holda, ekologik xavfsizlikni taʼminlashda yaqindan hamkorlik qiladilar, ekologik ofatlarning, shu jumladan, transchegaraviy xususiyatdagi ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlariga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni mustahkamlaydilar.
Tomonlar oʻz hududlarida aholi hayoti va hududlarga xavf tugʻdiruvchi tabiiy va texnogen xususiyatga ega boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf qilishda oʻzaro yordam koʻrsatadilar.
Tomonlar qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini rekultivatsiya qilish qismida tajriba almashish boʻyicha hamkorlik qiladilar.
12-modda
Tomonlar oʻzlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq agrosanoat majmui samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etish, shuningdek, oʻz hududlarida kulay shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, Tomonlardan birining hududidan oʻtuvchi qishloq xoʻjaligi tovarlarini tranzit tashish uchun tartib-qoidalarni soddalashtirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida yaqindan hamkorlik qiladilar.
13-modda
Tomonlar qulay va oʻzaro manfaatli yuklarni transportirovka qilish hamda yoʻlovchilarni maqbul va oʻzaro manfaatli tashishni taʼminlash, shuningdek, transport koridorlarining tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan oʻzaro bogʻliq transport tizimini yanada rivojlantirish uchun zarur boʻlgan huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratadilar.
Bunda Tomonlar oʻzlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq Tomonlardan birining hududidan oʻtuvchi tovarlarni tranzit tashish uchun tartib-qoidalarni soddalashtirish boʻyicha kulay shart-sharoitlarni yaratishda yaqindan hamkorlik qiladilar.
14-modda
Tomonlar ikki mamlakat xalqlarining maʼnaviy va madaniy yaqinligini saqlashga, fan, taʼlim, tibbiyot, sport, madaniyat, madaniy meros, turizm, maʼlumot almashinuvi sohasida oʻzaro aloqalarni chuqurlashtirishga har taraflama koʻmaklashadilar.
Tomonlar Qozogʻiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan etnik oʻzbeklar va Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan etnik qozoqlar uchun oʻz ona tili, milliy madaniyati, anʼana va qadriyatlarini saqlab qolish hamda rivojlantirish yoʻlida qulay shart-sharoitlarni yaratadilar.
Tomonlar ijodiy uyushmalar va birlashmalar, madaniyat, adabiyot, fan, taʼlim va sanʼat arboblari oʻrtasida tarixiy shakllangan munosabatlar va aloqalar asosida umumiy madaniy-gumanitar makonni saqlash va mustahkamlash uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydilar.
15-modda
Har bir Tomon oʻz hududida boshqa Tomonning yuridik va jismoniy shaxslarining mulk huquqi va mulki himoya qilinishini kafolatlaydi.
16-modda
Tomonlar mintaqada tinchlik va totuvlik muhitini mustahkamlash yoʻlida oʻzaro manfaatlar va mintaqaviy yaqinlashuv gʻoyalarini ilgari surgan holda yaqindan hamkorlik qiladilar, shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan oʻzaro manfaatli harbiy hamkorlikni olib boradilar.
Tomonlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini umum mintaqaviy tusdagi masalalarni kompleks muhokama qilish va konstruktiv ravishda hal qilish uchun afzal mexanizm deb hisoblaydilar.
Tomonlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini takomillashtirish yoʻlida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va ushbu maydon salohiyatidan maksimal darajada foydalanish uchun ishtirokchi-davlatlarning manfaatlariga qatʼiy hurmat asosida maqsadli ish olib boradilar, shuningdek, bir-birlarining manfaatlarini oʻzaro hurmat qilish asosida Markaziy Osiyo davlatlarining oʻzlari tarafidan butun mintaqaviy jihatlar boʻyicha oʻzaro maqbul yechimlarga erishishga koʻmaklashadilar.
Tomonlar Markaziy Osiyoning suv va ekologik muammolarini hal etishda mintaqaviy institutsional maydon hisoblanuvchi Orolni qutqarish xalqaro fondi doirasida yaqindan hamkorlik qiladilar, Orol va Orolboʻyi tumanlarining ekologik tizimini qayta tiklash boʻyicha, shuningdek, Orol halokati taʼsiriga uchragan hududlarni ekologik sogʻlomlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi hamkorlikni davom ettiradilar.
17-modda
Tomonlar qurolsizlanish hamda ommaviy qirgʻin quroli va vositalarining barcha turlarini va ularni yetkazib berish vositalarini tarqatmaslik masalalarida, shu jumladan, Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi Shartnoma (YaQTSh) va tarqatmaslik tartibini uning barcha jihatlarida samarali amalga oshirishda oʻzaro hamkorlik qiladilar.
Tomonlar Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona yadro qurolini tarqatmaslik tartibini mustahkamlash, yadro energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda hamkorlikni rivojlantirish, radioaktiv zararlanishdan aziyat chekkan hududlarni ekologik reabilitatsiya qilishda hamkorlikni rivojlantirish hamda mintaqaviy va xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash yoʻlida alohida muhim qadam ekanligiga ishonch bildirgan holda, 2006-yil 8-sentabrda Semipalatinsk shahrida imzolangan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona toʻgʻrisidagi Shartnoma qoidalariga sodiq ekanliklarini tasdiqlaydilar va Markaziy Osiyo mintaqasining yadrodan xoli maqomini yanada mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettiradilar.
18-modda
Tomonlar mojarolarning oldini olish va tartibga solish hamda xavfsizlik va barqarorlikning mintaqaviy va global muammolarini hal etishdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini yanada mustahkamlash tarafdori ekanliklarini tasdiqlaydilar.
19-modda
Tomonlar asosiy xalqaro muammolar va oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalar boʻyicha pozitsiyalarni aniqlashda tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazgan holda oʻzaro hamkorlik qiladilar.
Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha Kengash, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar va forumlar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga boʻlgan oʻzaro intilishlarini taʼkidlaydilar.
20-modda
Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiliklari va xalqaro majburiyatlariga muvofiq xavfsizlikning yangi xavf-xatarlari va tahdidlariga, jumladan, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm va separatizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, qurol, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishda hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarini muvofiqlashtiradilar va birlashtiradilar.
Tomonlar noqonuniy migratsiyaga, shu jumladan, oʻz hududlaridan yoki u orqali jismoniy shaxslarning noqonuniy oʻtishiga qarshi kurashishda hamkorlik qiladilar.
Tomonlar xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi sohasida munosabatlarni rivojlantirishga intiladilar.
21-modda
Mazkur Shartnoma uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan va Tomonlar ishtirokchi hisoblangan ikki va koʻp tomonlama xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
22-modda
Tomonlar mazkur Shartnoma qoidalarini amalga oshirish maqsadida, zarur hollarda, oʻzaro qiziqish uygʻotadigan aniq hamkorlik sohalarida alohida xalqaro shartnomalar tuzadilar.
23-modda
Mazkur Shartnomani amalga oshirishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
24-modda
Mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilinadi va Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonning yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab oʻn ikki oy oʻtgunga qadar oʻz kuchida qoladi.
Toshkent shahrida, 2022-yil 22-dekabrda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng kuchga egadir.
Tomonlar mazkur Shartnoma qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnomaga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Davlatlararo oliy kengash toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi (keyingi oʻrinlarda — “Tomonlar”) 2021-yil 6-dekabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga muvofiq Davlatlararo oliy kengashni taʼsis etdilar.
2. Davlatlararo oliy kengash oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini nazorat qiluvchi davlatlararo organ hisoblanadi.
3. Davlatlararo oliy kengashga davlatlar rahbarlari boshchilik qiladilar.
4. Davlatlararo oliy kengash yigʻilishlari muntazam ravishda navbati bilan har bir Tomon hududida kelishilgan muddatlarda oʻtkaziladi.
5. Tomonlardan birining tashabbusiga binoan, kechiktirib boʻlmaydigan masalalarni hal qilish maqsadida Davlatlararo oliy kengashning navbatdan tashqari yigʻilishi oʻtkazilishi mumkin.
6. Davlatlararo oliy kengash yigʻilishlarida Tomonlarning hukumatlari va parlamentlari rahbarlari va aʼzolari, shuningdek, (kelishuvga koʻra) taklif etilgan shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
7. Davlatlararo oliy kengash, zarur hollarda, doimiy yoki vaqtinchalik asosda ishchi guruhlar tashkil qilishi mumkin.
8. Basharti davlatlar rahbarlari boshqacha qaror qabul qilmasalar, hududida navbatdagi uchrashuv oʻtkazilayotgan davlat Rahbari Davlatlararo oliy kengashning Raisi hisoblanadi.
9. Davlatlararo oliy kengash quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim siyosiy, iqtisodiy masalalarini koʻrib chiqadi;
ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
oʻzaro qiziqish uygʻotadigan mintaqaviy va global xalqaro masalalar boʻyicha pozitsiyani belgilaydi.
10. Davlatlararo oliy kengashning qarorlari va tavsiyalari konsensus asosida qabul qilinadi.
11. Davlatlararo oliy kengash oʻz faoliyati davomida Tomonlar ishtirokchisi hisoblangan xalqaro shartnomalar, oʻzining qarorlari va mazkur Nizomga amal qiladi.
12. Tomonlar oʻz delegatsiyalarining Davlatlararo oliy kengashning yigʻilishlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarni mustaqil ravishda qoplaydilar. Qabul qiluvchi davlat Davlatlararo oliy kengash yigʻilishini oʻtkazish bilan bogʻliq barcha zarur tashkiliy, axborot, moddiy-texnikaviy sharoitlar bilan taʼminlaydi.
13. Davlatlararo oliy kengash faoliyati tashqi ishlar vazirlari kengashi (TIVK) tarafidan muvofiqlashtiriladi. TIVK toʻgʻrisidagi Nizom Davlatlararo oliy kengash qarori bilan tasdiqlanadi.
TIVK Davlatlararo oliy kengash tarafidan qabul qilinadigan kun tartibi, qarorlar va yakuniy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqadi va maʼqullaydi.
14. Davlatlararo oliy kengash tarafidan qabul qilinadigan qarorlar va hujjatlar oʻzbek, qozoq va rus tillarida ikki nusxada tuziladi.
15. Oʻzbek, qozoq va rus tillari Davlatlararo oliy kengashning ishchi tillari hisoblanadi.
16. Tomonlar, zarur hollarda, oʻzaro kelishuv asosida mazkur Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar kiritishlari mumkin.
Mazkur Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qaror Davlatlararo oliy kengash yigʻilishida qabul qilinadi.