Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oliy va professional taʼlim tashkilotlari talabalari va oʻquvchilariga budjet mablagʻlari hisobidan taʼlim kreditini ajratish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida
Oliy va professional taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talaba va oʻquvchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilayotgan Davlat budjeti mablagʻlaridan samarali foydalanish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oliy va professional taʼlim tashkilotlarining talaba va oʻquvchilariga taʼlim kreditlari (keyingi oʻrinlarda — taʼlim krediti) ajratishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibini joriy qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) oliy va professional taʼlim tashkilotlarida tahsil olish uchun taʼlim kreditini faqat kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talaba va oʻquvchilarga ajratish;
b) taʼlim kreditini:
oliy taʼlim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun toʻlov-kontrakt summasi miqdorida;
oliy taʼlim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi “3” dan past boʻlgan taqdirda toʻlov-kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida ajratish (“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari bundan mustasno).
2. Belgilansinki:
a) taʼlim krediti:
oliy taʼlim tashkilotlari talabalari uchun — talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida mavjud boʻlganda;
professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun — oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Professional taʼlim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud boʻlganda ajratiladi;
b) oʻz dasturiy taʼminotiga ega boʻlgan oliy va professional taʼlim tashkilotlari taʼlim kreditini olish uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli axborot tizimlariga oʻz axborot tizimini integratsiya qilishi yoki ulardan foydalanishi majburiy hisoblanadi.
3. Quyidagilar:
a) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2024-yil 1-iyulga qadar tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar barcha oliy va professional taʼlim tashkilotlarining toʻlov-kontrakt shartnomasi “kontrakt.edu.uz” va “prof.edu.uz” axborot tizimlari orqali shakllantirilishini;
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Raqamli texnologiyalar vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda 2024/2025 oʻquv yili boshlangunga qadar taʼlim kreditini olish uchun arizalarni Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Taʼlim krediti” axborot tizimi (taʼlim-krediti.mf.uz) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish imkoniyati yaratilishini;
“Taʼlim krediti” axborot tizimi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-may,
PF-82-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-maydagi PF-82-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-87-son Farmoni 3-bandining “a” kichik bandi birinchi xatboshisidagi “, shu jumladan sirtqi va kechki” soʻzlari “kunduzgi” soʻzi bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-iyuldagi “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5203-son qarorida:
a) nomlanishi va muqaddimadan “, oʻrta maxsus” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 1-bandning birinchi xatboshisida:
“2021/2022” raqamlari “2024/2025” raqamlari bilan almashtirilsin;
“, oʻrta maxsus” hamda “, sirtqi va kechki” soʻzlari chiqarib tashlansin;
v) quyidagi mazmundagi 11-band bilan toʻldirilsin:
“11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra taʼlim krediti 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:
a) oliy taʼlim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun toʻlov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi;
b) oliy taʼlim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi (grade point average):
“3” dan past boʻlgan taqdirda, toʻlov-kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi, bunda kredit toʻlov-kontrakt summasining dastlabki 20 foizi talaba tomonidan toʻlangandan keyin ajratiladi;
“3” va undan yuqori boʻlgan taqdirda va (yoki) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning taʼlim olayotgan aʼzolari uchun taʼlim krediti toʻlov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.
Bunda:
a) joriy oʻquv yili uchun taʼlim kreditini olmoqchi boʻlgan talabaning fanlarni oʻzlashtirishining oʻrtacha koʻrsatkichi (grade point average) avvalgi oʻquv yili yakuni boʻyicha “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimidan olinadi;
b) talabaning fanlarni oʻzlashtirishining oʻrtacha koʻrsatkichi (grade point average) va tegishli maʼlumotlari “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida, toʻlov-kontrakt toʻgʻrisidagi maʼlumotlari esa “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi;
v) nodavlat va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining toʻlov-kontrakt toʻgʻrisidagi maʼlumotlari ularning oʻz axborot tizimlarini “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimiga integratsiya qilish yoki mazkur axborot tizimidan foydalanish orqali shakllantiriladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-iyuldagi “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-323-son qarorida:
a) nomlanishidan “, oʻrta maxsus” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 1-bandning birinchi xatboshisidan “, oʻrta maxsus” hamda “, sirtqi va kechki” soʻzlari chiqarib tashlansin;
v) quyidagi mazmundagi 11-band bilan toʻldirilsin:
“11. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab taʼlim krediti ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi (grade point average):
“3” dan past boʻlgan taqdirda, toʻlov-kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi, bunda kredit toʻlov-kontrakt summasining dastlabki 20 foizi talaba tomonidan toʻlangandan keyin ajratiladi;
“3” va undan yuqori boʻlgan taqdirda va (yoki) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning taʼlim olayotgan aʼzolari uchun taʼlim krediti toʻlov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.
Bunda:
a) joriy oʻquv yili uchun taʼlim kreditini olmoqchi boʻlgan talabaning fanlarni oʻzlashtirishining oʻrtacha koʻrsatkichi (grade point average) avvalgi oʻquv yili yakuni boʻyicha “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimidan olinadi;
b) talabaning fanlarni oʻzlashtirishining oʻrtacha koʻrsatkichi (grade point average) va tegishli maʼlumotlari “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida, toʻlov-kontrakt toʻgʻrisidagi maʼlumotlari esa “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi;
v) nodavlat va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining toʻlov-kontrakt toʻgʻrisidagi maʼlumotlari ularning oʻz axborot tizimlarini “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimiga integratsiya qilish yoki mazkur axborot tizimidan foydalanish orqali shakllantiriladi”;
g) 3-banddan “, oʻrta maxsus” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2024-y., 06/24/82/0372-son)