Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
Buyrugʻi
ShNQ 1.03.05-21 “Tajribaviy obyektlarni loyihalash va qurishni tashkil etish” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 21-mayda hisobga olindi, hisob raqami 252]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. ShNQ 1.03.05-21 “Tajribaviy obyektlarni loyihalash va qurishni tashkil etish” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining 1996-yil 13-avgustdagi 65-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan QMQ 1.03.05-97 “Tajribaviy obyektlarni loyihalash va qurishga doir nizom” qurilish meʼyorlari va qoidalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
4. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-aprel,
01/2-11-son
Kelishildi:
Rais B. YuSUPALIYEV
2024-yil 19-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti B. IBRAGIMOV
2024-yil 18-mart
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDAShEV
2024-yil 01-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2024-yil 18-apreldagi 01/2-11-son buyrugʻiga
ILOVA
ShNQ 1.03.05-21 “Tajribaviy obyektlarni loyihalash va qurilishni tashkil etish” shaharsozlik normalari va qoidalari
Ushbu shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda ShNQ deb yuritiladi) tajribaviy obyektlarni loyihalash va qurilishni tashkil etishga oid talablarni belgilaydi.
1-bob. Shaharsozlik normalari va qoidalariga havolalar
1. Ushbu ShNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalariga havolalar qoʻllanilgan:
ShNQ 1.03.02-04 “Hududlarni rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarining tarkibi, ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma”;
ShNQ 1.03.03-23 “Qurilish obyektlarini loyihalashtirish”;
QMQ 2.01.03-19 “Seysmik hududlarda qurilish”.
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu ShNQda quyidagi atamalar va ularning taʼriflari qoʻllanilgan:
aholi punkti — huquqiy maqom, nom va chegara bilan belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy birligi (shahar, shaharcha, qishloq, ovul);
tajribaviy obyektlar — fan va texnikaning ilgʻor tajribalarini hamda ularning samaradorligini respublika miqyosidagi qurilishda qoʻllash uchun aholi punktlari, sanoat hududlari, binolar va inshootlarni (melioratsiya hamda suv xoʻjaligi obyektlari, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va boshqa qurilish obyektlari) yaxshilash maqsadida tajribalar olib boriladigan obyektlar.
3-bob. Umumiy qoidalar
3. Tajribaviy obyektlarni loyihalash va qurilishni tashkil etishda quyidagilar inobatga olinishi kerak:
qurilish obyektlarining xavfsizligi;
qurilish obyektlarining energiya samaradorligi, sifati va ishonchlilik darajasini oshirish;
shaharsozlik normalari va qoidalarini takomillashtirishni taʼminlovchi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining natijalari;
yangi texnologik, texnikaviy, konstruktorlik yechimlar;
yangi tashkiliy va iqtisodiy chora-tadbirlar hamda usullar;
innovatsion materiallar, konstruksiyalar va uskunalar;
yangi shaharsozlik yechimlari;
hududlarida tarhlashtirish va qurishning usullarini;
qurilishni tashkil etish va ishlarni amalga oshirish usullarini;
innovatsion texnologik va texnik yechimlarni, innovatsion materiallar va konstruksiyalar, uskunalarning tajriba namunalarini, obyektdan foydalanishda tekshirib koʻrib sinovdan oʻtkazishni;
aprobatsiya qilishni;
4. Mazkur ShNQ quyidagilarni bajarishda qoʻllanilishi lozim:
loyihalashtirish va qurilishda samaradorligi toʻgʻrisidagi obyektiv maʼlumotlarni bevosita ishlab chiqarish (tabiiy) sharoitlarida tekshirishdan boshqacha usulda olib boʻlmaydigan birinchi marta qoʻllanilayotgan tugallangan ilmiy tadqiqotni;
tajribaviy-konstruktorlik ishlarning natijalarini;
aholi punktlari, sanoat hududlari, binolar va inshootlarni (melioratsiya hamda suv xoʻjaligi obyektlari, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va boshqa qurilish obyektlarini).
5. Tajribaviy obyektlarda quyidagilar tekshirib koʻrilishiga yoʻl qoʻyiladi:
aholi punktlari, sanoat hududlari, binolar va inshootlarning (melioratsiya hamda suv xoʻjaligi obyektlari, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va boshqa qurilish obyektlarining) yangi tamoyillari;
yangi hajmiy-tarhiy va konstruktiv-texnik yechimlar samaradorligi, ularni amalga oshirishning texnologikligi, shuningdek qurilish mahsuloti, ekspluatatsiya sifatlarining yaxshilanganligi;
yangi ilgʻor qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalar va uskunalarni qoʻllash samaradorligi;
muhandislik taʼminoti tizimlarining tejamkorligi va samaradorligi;
energiya tejamkor tizimlar va yechimlarning samaradorligi;
qurilishni tashkil etishning yangi usullari va ishlab chiqarish texnologiyalari;
arxitektura, shaharsozlik, hududiy rejalashtirish, qurilish, qurilish materiallari va konstruksiyalari, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hisob-kitoblar, texnik normalashtirishga, yangi hamda amaldagi normalar, texnik shartlar, uslubiyatlar va standartlarni aniqlashtiruvchi yoki rivojlantiruvchi yondashuvlar;
mavjud turarjoy binolari issiqlik sanatsiyasining samarali usullari;
tajribaviy obyektlarni loyihalashtirish va qurishning ilgʻor xorij tajribasini qoʻllash imkoniyati va samaradorligi.
4-bob. Tajribaviy obyektlarni loyihalashtirish
6. Tajribaviy obyektlar qurilishiga doir loyiha-smeta hujjatlari ShNQ 1.03.03-23 va ShNQ 1.03.02-04 ga muvofiq ishlab chiqiladi.
7. Tajribaviy obyektlarga kiritiladigan yangi qurilish materiallari, konstruksiyalari va uskunalari oldindan sinalgan boʻlishi lozim.
8. Tajribaviy obyektlarning qurilishida material, mehnat sigʻimi, qurilish muddatini qisqartirish, obyekt umrini uzaytirish hamda uning foydalanish va meʼmoriy sifatlarini oshirishni taʼminlaydigan yechimlarni inobatga olib, loyihalash lozim.
9. Tajribaviy obyektlar loyihalarida tajribaviy qurilish ish dasturlarini shakllantirish va ularni amalga oshirish, tajribaviy qurilish natijalari toʻgʻrisidagi jamlama ilmiy-texnik hisobotlarni tuzish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar ishlab chiqilishi kerak.
10. Tajribaviy qurilish ish dasturlari quyidagilardan tashkil topishi kerak:
tajribaviy qurilish maqsadi;
tajribaviy qurilish boshlanishidan avval, zarur hollarda qurilish jarayonida ilmiy tadqiqotlarni bajarish tartibi va hajmi;
qurilish jarayonini, zarur hollarda ekspluatatsiya qilish davrida ushbu obyektlar holati ustidan olib boriladigan kuzatishlar tartibi va hajmi;
qurilish va montaj tashkilotlariga loyiha boʻyicha qurilish jarayonida, shuningdek moddiy-texnik resurslar va mehnat xarajatlari hisob-kitobini tashkil etishda texnik va uslubiy yordam koʻrsatish;
obyektlarni qurish va qurilish ishlab chiqarishiga yangi ishlanmalar va texnologik jarayonlarni tatbiq etish boʻyicha mualliflik nazoratini oʻrnatish;
tajribaviy qurilish ishlari dasturlarining bajarilishini nazorat qilish boʻyicha chora-tadbirlar;
tajribaviy obyektlarni qurishda ilmiy-texnik yutuqlarni qoʻllash xususiyatlari, shuningdek tekshirilayotgan elementlar, materiallar, buyumlar, konstruksiyalar va uskunalarning sinovlari bilan bogʻliq zarur hollarda ishlab chiqiladigan tavsiyalar.
11. Tajribaviy loyihalashtirish va qurilish obyektining innovatsion qismi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
qoʻllanilgan innovatsion yechimlar, texnologiyalar va uskunalar samaradorligini tabiiy sharoitda baholash uchun eksperiment uslubiyatini ishlab chiqishni va obyektni nazorat-oʻlchash uskunasi bilan jihozlashni;
qoʻllanilgan innovatsion yechimlar, texnologiyalar va uskunalar samaradorligini tabiiy sharoitda mustaqil baholash (instrumental monitoring)ni amalga oshirishni;
tajriba natijalarini tahliliy qayta ishlash va uning asosida eksperiment natijalarini umumlashtiruvchi va ommaviy qurilishga ularni (natijalarni) tatbiq etish boʻyicha takliflarni (dasturni) oʻz ichiga olgan texnik-iqtisodiy hisobotni tayyorlashni;
instrumental monitoring loyiha innovatsion qismini.
12. Tajribaviy obyektlarni loyihalashtirish va qurish ustidan mualliflik nazoratini olib borishda, tajribada innovatsion qismining maqsadlari va mazmuniga amal qilinishi lozim.
5-bob. Tajribaviy obyektlarni qurilishni tashkil etish
13. Tajribaviy obyektlar qurilishni tashkil etish ShNQ 3.01.01-22 va ShNQ 3.01.02-23 ga asosan amalga oshiriladi.
14. Tajribani amalga oshirish jarayonida mazkur ShNQning 10-bandida keltirilgan ish dasturiga muvofiq samaraga erishib boʻlmasligi aniqlanganda tajriba sinovlari davom ettirilmasligi kerak.
15. Zilzilaviy hududlarda foydalaniladigan tajribaviy obyektlarda QMQ 2.01.03-19ga asosan zilzilabardoshli va hisobiy seysmik taʼsirlar inobatga olingan boʻlishi lozim.
16. Bino va inshootlarning seysmik xavfsizligini oshirishga qaratilgan elementlarni qurish boshlanishidan avval quyidagilar tekshirilishi lozim:
alohida uzellar;
detallar va konstruksiyalar;
bino va inshootlarning modeli yoki tabiiy sharoitdagi fragmentlarning ular buzilishigacha statik va dinamik (seysmiklik tipi) yuklar taʼsiriga zarur dinamik sinovlarini oʻtkazish yoʻli bilan ushbu elementlarning samaradorligiga.
17. Tajribaviy obyektlarni loyihalashtirish va qurish jarayonida ish dasturiga muvofiq ularning dinamik parametrlari oʻzgarishining monitoringi oʻtkazilishi lozim.
18. Seysmik hududlarda quriladigan va ekspluatatsiya qilinadigan tajribaviy obyektlar, shuningdek ularning elementlari ShNQ 2.01.02-04 ga muvofiq boʻlishi lozim.
19. Binoning alohida uzellari, detallari va konstruksiyalari, shuningdek, fragmentlarini ularning yongʻin xavfsizligi darajasini baholash uchun tabiiy sharoitdagi yongʻin sinovlaridan oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.
20. Tabiiy ofatlar paytida shikastlanishi va buzilishi ogʻir ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan bino va inshootlar uchun ushbu oqibatlarini oldini olish yoki kamaytirish choralari koʻrilishi lozim.
6-bob. Tajribaviy qurilish natijalarini umumlashtirish va ulardan foydalanish
21. Tajribaviy obyekt qurilish natijalarini umumlashtirish va ulardan foydalanish hamda ish dasturi bilan ulardan foydalanishda jamlama texnik-iqtisodiy hisobotlar tuzilishi kerak.
22. Jamlama texnik-iqtisodiy hisobotlar tarkibiga quyidagilar kiritilishi lozim:
tajribaviy obyektlarning pasportlari;
bino va inshootlarning hajmiy-tarhiy, meʼmoriy va konstruktiv yechimlarining, qurilishda qoʻllanilgan yangi qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari, uskunalari hamda (tajribaning maqsadiga qarab) uning muhandislik taʼminoti tizimining batafsil tavsifnomasi;
qurilish haqida maʼlumotlar;
obyektning meʼyoriy va haqiqiy muddati oʻzgarishiga taʼsir etuvchi omillar haqidagi maʼlumotlar;
texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari (asosiy qurilish materiallari sarfi, mehnat xarajatlari qiymati, foydalanish xarajatlari);
montaj vositalari va boshqa uskunalar roʻyxati;
qurilish davrida, ish dasturlari bilan foydalanishda konstruksiyalar, muhandislik taʼminoti tizimi yoki bino va inshootlar uskunalarini tekshirish natijalari;
tajribaviy qurilishda sinovdan oʻtayotgan yangi ishlanmalarning, foydalanish xarajatlarini hisobga olgan holda, progressivlik darajasini Oʻzbekiston va xorij qurilish amaliyotida qoʻllanilayotgan namunaviy yoki shunga oʻxshash yechimlar bilan taqqoslash;
shaharsozlik normalari va qoidalari hamda standartlarini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar;
oʻtkazilgan tajriba boʻyicha loyiha materiallari va fotohujjatlar.