Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisida
Oʻtgan yillar davomida sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish va demokratlashtirish, sudlarning xolisligi hamda mustaqilligini, qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklari ishonchli himoyalanishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan izchil ishlar natijasida fuqarolarning sudga boʻlgan ishonchi tobora mustahkamlanib borayotgan hozirgi paytda qonun talablariga ogʻishmay amal qilish, ishlarning qonuniy muddatlarda koʻrilib hal etilishi hamda sudlar tomonidan qabul qilinayotgan har bir qarorning amaldagi qonun meʼyorlariga toʻla mos boʻlishi inson huquq va erkinliklarini taʼminlovchi muhim omil hisoblanadi.
Sudlar tomonidan protsessual qonunchilik normalariga rioya etilishi va bu normalarini amaliyotda qoʻllash muammolari tahliliy oʻrganilib, Fuqarolik protsessual kodeksini yanada takomillashtirish zaruratidan kelib chiqqan holda7 ushbu qonun loyihasi tayyorlandi. Loyihada Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining:
sudning ish yuritishni toʻxtatib turish huquqi haqidagi 93-moddasini Kodeksning 65 va 390-moddalariga muvofiq sud tomonidan sud topshirigʻi yuborilgan hollarda fuqarolik ishi boʻyicha ish yuritishni toʻxtatib turish haqidagi 6-band bilan;
ish yuritishni toʻxtatib turish vaqti haqidagi 94-moddasini sud topshirigʻi yuborilishi bilan bogʻliq ish yuritish vaqtini belgilovchi 9-band bilan;
fuqarolik ishlarini sudda koʻrishga tayyorlash va koʻrish muddatlari haqidagi 131-moddasining uchinchi qismida belgilangan bir oylik ishni koʻrish muddatini oʻta murakkab ishlar boʻyicha sudyaning asoslantirilgan ajrimiga binoan ikki oygacha uzaytirilishi mumkinligi haqidagi qoida bilan toʻldirish;
kodeksning ishni apellatsiya instansiyasida koʻrish muddatlari haqidagi 331-moddasidagi yigirma kunlik ish koʻrish muddatini bir oyga oʻzgartirish;
sudning ajrimi ustidan shikoyat berish haqidagi 368-moddasining 1-qismiga hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish haqidagi arizani qanoatlantirish yoki rad qilish toʻgʻrisidagi sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat berilishi yoki xususiy protest keltirilishi mumkinligi haqida oʻzgartirish kiritish nazarda tutilgan.
Qonun loyihasini tayyorlashda sud amaliyotidagi fuqarolik protsessi bilan bogʻliq mavjud muammolar tahlil qilingan, xalqaro tajriba qiyosiy oʻrganilgan.
Qonun loyihasida nazarda tutilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kelgusida fuqarolik sudlov ishlarini yuritishning sifat va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishini inobatga olib, Oʻzbekistan Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 12, 17-moddalariga asoslanib, Oliy sud Plenumi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi maʼqullansin va Oʻzbekistan Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublika Oliy sudining fuqarolik ishlar boʻyicha hayʼati raisi Yodgorov Xolmumin Buvraboyevich, Oliy sud huzuridagi Tadqiqot markazining boʻlim boshligʻi Xakimov Muxtor Abdullayevich Uzbekistan Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida yuqorida koʻrsatilgan qonun loyihasini koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi vakillar etib tasdiqlansin.
Oliy sud raisi Sh. GAZIYEV
Plenum kotibi v.b., Oliy sud sudyasi O. XAYITOV
Toshkent sh.,
2014-yil 17-oktabr,
19-son