Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq hoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ajratish tartibini yanada shaffof, barcha uchun teng va bozor tamoyillari asosida amalga oshirishga qaratilgan islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Shu bilan birga, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosini tashkil etuvchi qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish maqsadida ularga tegishli oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek, bir-birini takrorlovchi normalarni bekor qilish zarurati mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov oʻrniga elektron onlayn-auksion savdolarini joriy etish;
yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi mablagʻ depozitga qoʻyilganda, agrosanoat klasterlariga yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish tartibini bekor qilish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 26-aprel,
237-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-apreldagi 237-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-fevraldagi 109-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritishda irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bilan bogʻlik harajatlarni qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-bandi beshinchi xatboshisi “ochiq elektron tanlov” soʻzlaridan keyin “2024-yil 1-martdan boshlab elektron onlayn-auksion savdolari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Respublikada tez oʻsuvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-avgustdagi 520-son qarorining 3-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yil 1-martdan boshlab pavlovniya plantatsiyalarini barpo etish uchun har bir loyihaga 100 gektardan kam boʻlmagan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar, oʻrmon fondiga qarashli yerlardan oʻrmon bilan qoplanmagan yer uchastkalari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi uchun yaroqsiz boʻlgan yerlar yoxud kishloq xoʻjaligining sifati yomon yerlari elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga beriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 313-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2024-y., 09/24/313/0426-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatida hududlarning ixtisoslashuvini rivojlantirish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 17-maydagi 303-son qarorining 2-bandi yettinchi xatboshisi qoʻyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yil 1-martdan boshlab limonchilikka ixtisoslashtirilayotgan tumanlarda foydalanishdan chiqqan va yaylov yerlar hisobidan limon yetishtirish uchun yer uchastkalarining elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlash”.
5. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarori quyidagi mazmundagi 33-band bilan toʻldirilsin:
“33. Belgilansinki, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasini qayta ijaraga berish (boshqa shaxsga oʻtkazish) koʻchmas mulkka oid bitimlarni rasmiylashtirish tartibida amalga oshiriladi va notarial tartibda tasdiqlanadi.
Adliya vazirligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni qayta ijaraga berish (ijara huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish) yuzasidan notarial harakatlarni amalga oshirishda notariuslar tomonidan quyidagilar inobatga olinishini katʼiy taʼminlasin:
yer uchastkasidan foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda boshqa shaxsga oʻtkazish;
ijara huquqini boshqa shaxsga oʻtkazuvchi yer uchastkasidan kamida uch yil davomida, bunda yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov oʻtkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berilgan boʻlsa, besh yil davomida foydalangan boʻlishi shartligi;
ochiq elektron tanlov natijasiga koʻra ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarni yoki elektron onlayn-auksion savdolari natijalariga koʻra boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan toʻlovlarni bir yoʻla toʻlagan boʻlishi”.
6. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-son qarori bilan tasdiqlangan Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ijaraga olingan qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarida paxta xom ashyosini yetishtirish”;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ijaraga olingan qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarida paxta xom ashyosini yetishtirish hamda paxta xom ashyosini yetishtiruvchilardan shartnoma asosida sotib olish”;
b) 10-bandda:
birinchi xatboshidagi “va yer uchastkasining maydonini (yer uchastkasini ijaraga olish istagi boʻlgan taqdirda)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
“d” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) yer uchastkasining kadastr raqami maʼlumotlari (ijaraga olingan yer uchastkasida paxta xom ashyosini yetishtirish orqali tashkil etilayotgan boʻlsa)”.
7. Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 31-martdagi 145-son qarorida:
a) 1-ilovada:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yil 1-martdan boshlab zahiraga qaytarilgan yoki yangi oʻzlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlari dehqon xoʻjaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun dehqonchilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga 0,10 gektar dan 1 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolari orqali 10 yilga ijaraga beriladi”;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“elektron onlayn-auksion savdolari gʻolibi boʻlgan, “Ayollar daftari”da roʻyxatda turgan extiyojmand xotin-qizlarga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi”;
44-banddagi “ochiq elektron tanlov” soʻzlari “elektron onlayn-auksion savdolari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 2-ilovaning 5-bandi uchinchi xatboshisidagi “ochiq elektron tanlov” soʻzlari “elektron onlayn-auksion savdolari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 312-son qarori bilan tasdiqdangan “Yoshlar daftari”ni yuritish orqali yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-qoʻvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 78-bandi beshinchi xatboshisidagi “ochiq elektron tanlov” soʻzlari “elektron onlayn-auksion savdolari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida Tamshush suv inshootlaridan foydalanish direksiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2022-yil 20-sentabrdagi 517-son qarorining 7-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yil 1-martdan boshlab yangi oʻzlashtirilgan yer maydonlari Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarori talablari asosida elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga beriladi”.
10. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-oktabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulki obyektlari bilan savdolarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish portalida eʼlon qilinadigan axborotlar roʻyxatining 16-pozitsiyasidagi “ochiq elektron tanlov orqali” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 09/24/237/0303-son; 19.06.2024-y., 09/24/313/0426-son)