Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 2023-yil 20-oktabrda 4529-CZ-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Chexiya Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash istagidan kelib chiqib,
1961-yilgi Diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi va 1963-yildagi Konsullik munosabatlari toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasini hisobga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Amaldagi diplomatik pasportlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari har qanday bir yuz sakson (180) kunlik muddat ichida toʻqson (90) kunlik qisqa muddatli boʻlishning ruxsat etilgan maksimal muddatidan oshmaydigan muddatga Chexiya Respublikasi hududiga vizalar va yigʻimlarsiz kirishlari, chiqishlari, boʻlishlari va tranzit oʻtishlari mumkin.
2. Amaldagi diplomatik pasportlarga ega boʻlgan Chexiya Respublikasi fuqarolari har qanday bir yuz sakson (180) kunlik muddat ichida toʻqson (90) kunlik qisqa muddatli boʻlishning ruxsat etilgan maksimal muddatidan oshmaydigan muddatga Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vizalar va yigʻimlarsiz kirishlari, chiqishlari, boʻlishlari va tranzit oʻtishlari mumkin.
2-modda
1. Har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasportlariga ega boʻlgan va diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalari aʼzolari, shuningdek, boshqa Tomon davlati hududida joylashgan xalqaro tashkilotlar vakillari sifatida tayinlangan fuqarolari kirishidan oldin tegishli kirish vizasini olishlari talab etiladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandi ushbu bandda koʻrsatilgan Tomonlarning tegishli davlati fuqarolari hisoblangan va amaldagi diplomatik pasportlarga ega boʻlgan shaxslarning uy xoʻjaligining bir qismini tashkil etuvchi oila aʼzolariga nisbatan ham qoʻllaniladi.
3-modda
Mazkur Bitimning 1-moddasida koʻrsatilgan shaxslar boshqa Tomon davlati hududiga xalqaro yoʻlovchi tashish uchun ochiq boʻlgan barcha chegara punktlari orqali kirishlari mumkin.
4-modda
Mazkur Bitimning 1-moddasida koʻrsatilgan fuqarolar oʻzlarining diplomatik imtiyozlari va immunitetlariga daxl qilmagan holda, boshqa Tomon davlatining hududida boʻlish vaqtida uning milliy qonunchiligiga rioya qilish majburiyatini oladilar.
5-modda
Tomonlarning har biri ushbu Bitimning 1-moddasida koʻrsatilgan boʻlishi nomaqbul deb topilgan boshqa Tomon davlati fuqarolarining oʻz davlati hududiga kirishini rad etish yoki boʻlish muddatini qisqartirish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
6-modda
Mazkur Bitimda koʻrsatilgan pasportlarini boshqa Tomon davlati hududida yoʻqotgan har bir Tomon davlatining fuqarolari oʻz davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan berilgan pasport yoki yoʻl hujjati bilan uning qonunlari va qoidalariga muvofiq ushbu davlatni tark etadilar.
7-modda
1. Har bir Tomon milliy xavfsizlik, jamoat tartibi va jamoat sogʻligʻini himoya qilish yoki boshqa jiddiy sabablarga koʻra ushbu Bitimning bajarilishini butunlay yoki qisman vaqtincha toʻxtatib turish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
2. Har ikki Tomon ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq bunday choralarni joriy etish yoki bekor qilish toʻgʻrisida bunday chora kuchga kirishidan kamida yetmish ikki (72) soat oldin diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yoʻli bilan bir-birini xabardor qiladi.
8-modda
1. Har ikki Tomon diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimning 1-moddasida koʻrsatilgan diplomatik pasportlar namunalarini almashadilar.
2. Agar ushbu Bitimning 1-moddasida koʻrsatilgan amaldagi diplomatik pasport oʻzgartirilsa yoki qoʻshimcha kiritilsa, har bir Tomon boshqasiga diplomatik kanallar orqali oʻzining yangi yoki oʻzgartirilgan diplomatik pasporti namunalarini, shu jumladan uning batafsil tavsifini u joriy etilishidan kamida oʻttiz (30) kun oldin yuboradi.
9-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq har qanday nizolar maslahatlashuvlar yoki muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
10-modda
Mazkur Bitimga Tomonlar oʻzaro roziligi bilan diplomatik notalar almashish yoʻli bilan oʻzgartirishlar kiritilishi yoki qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
11-modda
1. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki huquqiy tartib-taomillarni Tomonlar bajarganligi toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan kundan boshlab oʻttiz (30) kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Har bir Tomon istalgan vaqtda diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga yozma xabarnoma yuborish orqali ushbu Bitimni tugatishi mumkin. Bunday holda, Bitim boshqa Tomon bu haqdagi xabarnomani olgandan keyin oltmish (60) kun oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
3. Mazkur Bitimning toʻliq yoki qisman tugatilishi yoki toʻxtatib turilishi ushbu Bitimning 1 va 2-moddalariga muvofiq, boshqa Tomon hududiga kirish huquqi taqdim etilgan va allaqachon uning hududida boʻlgan amaldagi diplomatik pasportga ega Tomon fuqarolariga tugatish yoki toʻxtatib turish vaqtida tatbiq etilmaydi.
Praga shahrida 2023-yil oktyabr oyining 11 kuni ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, chex va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)