Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqida
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasini koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2024-yilning 1-iyuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi (B. Alixonov) parlament soʻroviga kelib tushgan javobni tahlil qilib, 2024-yilning 1-iyuliga qadar Oliy Majlis Senatining Kengashiga axborot kiritsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 30-mart,
SQ-890-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024-yil 30-martdagi SQ-890-IV-sonli qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI
(muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan)
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (keyingi oʻrinlarda — METH) ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlib, bioxilmaxillikni saqlash, ularni qayta tiklash, ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishning asosiy tabiiy manbalaridan biri hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mazkur tabiiy hududlar maydonini kengaytirish va rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilanib, sohani boshqaruvchi va tartibga soluvchi mustahkam tashkiliy-huquqiy asoslar yaratildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida respublikada METH umumiy maydoni 6,321 mln gektarga yetkazilib, ular mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etmoqda.
METH tizimiga hozirda 7 ta davlat qoʻriqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonasi, 12 ta tabiat bogʻi, 1 ta milliy bogʻ, 11 ta tabiat yodgorligi, 2 ta biosfera rezervati, 12 ta buyurtma qoʻriqxonasi (shundan 10 tasi yuridik shaxs maqomiga ega emas.), 1 ta Jayron maxsus pitomnigi kiradi.
Mamlakatimiz bioxilma-xilligi oʻziga xos rang-barang va noyob hayvonot va oʻsimlik dunyosiga ega boʻlib, hozirda respublikamiz hududida 4400 dan ortiq oliy oʻsimlik va 15 000 dan ziyod hayvonot turlari aniqlangan.
METHda Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar (umurtqali) turlarining 83 foizi va oʻsimlik turlarining 89 foizi qamrab olingan.
Shu bilan birga, METHda bioxilmaxillikni asrash, ularning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot olami vakillari kadastri yuritilishi sohasida ayrim hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar dolzarbligicha qolmoqda.
Aholi tomonidan chorva mollarini boqilishi va boshqa salbiy omillar natijasida METHning umumiy biomassasi siyraklashmoqda.
Turli tabiiy va antropogen omillar tufayli hayvonot va oʻsimlik olami turlarining soni kamayib, yashash muhitlaridagi shart-sharoit yanada keskinlashmoqda.
Inqirozga uchragan maydonlarni qayta tiklash ishlari amalga oshirilmaganligi tufayli shamol va suv taʼsirida tuproq eroziyasi kuchayib, choʻllanish va chang-toʻzonlarning hosil boʻlishi ortib bormoqda.
Oʻsimlik va hayvonot olami vakillarini muhofaza qilish borasidagi ishlar toʻgʻri tashkil etilmaganligi oqibatida noyob va endemik turlar soni kamayib bormoqda. 2009-yilda nashr etilgan ikki jildli Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga 184 ta hayvon turi va 304 ta oʻsimlik turlari kiritilgan boʻlsa, 2019-yilda chop etilgan Qizil kitobga mos ravishda 206 turdagi hayvonlar va 314 turdagi oʻsimlik hamda zamburugʻlar kiritilgan.
Oʻsimlik va hayvonot dunyosining kadastr maʼlumotlarini toʻplash va shakllantirish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan hamda kadastr yuritishning zamonaviy metodologiyasi ishlab chiqilmagan.
Bir nechta METHda oʻrnatilgan tartib-qoidalar (rejim) buzilishi holatlari roʻy bermoqda. Jumladan, ushbu hududlarda brakonerlik, noqonuniy qurilishlar hamda aholi tomonidan chorva mollarining boqilishi oqibatida yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklarga zarar yetkazilmoqda.
METHdan foydalanish va boshqarish sohasida xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda olib borilayotgan ishlar yetarli darajada emas.
METHning biologik xilma-xilligi, degradatsiya jarayonlari va ularning xoʻjalik imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari yetarli darajada olib borilmayapti.
Aksariyat METHlarda yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilinmayapti.
“Zarafshon” milliy tabiat bogʻida noqonuniy ravishda daraxtlar kesilishiga, aholi tomonidan oʻzboshimchalik bilan turli bino va inshootlar qurilishiga yoʻl qoʻyilgan. Oʻtgan yilning yoz mavsumida sodir boʻlgan yongʻin, hudud bioxilma-xilligiga katta zarar yetkazgan.
“Chotqol” biosfera qoʻriqxonasi va boshqa METHlarda chorva mollarini noqonuniy boqish surunkali davom etmoqda.
Sohada mutaxassislar tayyorlash tizimi yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi bois malakali kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
Hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va unga ziyon yetkazmasdan foydalanishda keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlash va targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish tizimli yoʻlga qoʻyilmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 12-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
1. Tuzilishi va mazmuniga koʻra tashkil etilgan mahalliy va respublika darajasidagi METH soni, yer maydonlari, shu jumladan, ulardagi er-suv resurslari, oʻsimlik va hayvonot dunyosining umumiy holati.
2. Biologik xilma-xillikni va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanishga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi hamda METH maydonlarini yanada kengaytirish.
3. Qoʻshni davlatlarga tutash hududlarda yagona ekotizimli transchegaraviy METH tashkil qilish.
4. Brakonerlik, hayvonot va oʻsimlik dunyosi kontrabandasi, oʻsimlik dunyosi turlarining noqonuniy kesilishi, tabiatdan qonunga zid ravishda olingan mahsulotlarga boʻlgan talab va taklifga oid muammolarni hal qilish.
5. Hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda biologik xilma-xillikning zamonaviy indikatorlarini ishlab chiqish.
6. Oʻsimlik va hayvonot dunyosining kadastr maʼlumotlarini toʻplash va shakllantirish hamda ularning tahlili. Bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilishi:
oʻrmon fondi yerlarida yovvoyi hayvonlarni, shu jumladan oʻrmon xoʻjaligi zararkunandalari boʻlgan hayvonlarni hamda yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni hisobga olish (fototutqichlar oʻrnatish) boʻyicha;
tasarrufida METH, ovchilik va (yoki) baliq ovlash xoʻjaliklari boʻlgan har bir yuridik hamda jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi hayvonlar turlari boʻyicha;
baliq ovlash tashkilotlari tomonidan foydalanish uchun biriktirilgan suv obyektlarida yoki ularning qismlarida hayvonot dunyosi obyektlari boʻyicha;
METHning barcha toifalaridagi yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklarning barcha turlari boʻyicha.
7. Hayvonot dunyosi obyektlarini davlat kadastri, hisobga olish va boshqa maʼlumotlarni raqamlashtirish, sohani ilmiy-metodik taʼminlash.
8. Hayvonot va oʻsimlik dunyosi obyektlarini saqlash, ulardan foydalanish, qayta koʻpaytirish va tiklash, shuningdek, METHni boshqarish boʻyicha reja-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda ijrosi.
9. METHda davlat nazoratini kuchaytirish, noqonuniy faoliyat, xususan, yerlarni oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirish, chorva mollarini boqish kabi huquqbuzarlikka chek qoʻyish, yongʻin xavfsizligini kuchaytirish, yilning mavsumlarida hayvonlar maxsus oziqlanadigan joylarni tashkil etish.
10. METH yer fondidan samarali foydalanish, ijara munosabatlarini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik qoidalari va tartib-taomillarini joriy etish.
11. METHda ilmiy-tadqiqotlar olib borishni qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy laboratoriya va shart-sharoitlarni yaratish, mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish.
12. Hayvonot va oʻsimlik dunyosiga antropogen taʼsirlarni yanada kamaytirish, ularni muhofaza qilish va qayta tiklash maqsadida qoʻriqxonalar hamda ularga tutash hududlarda qoʻriqlanma (bufer) zonalar tashkil qilish.
13. METHda Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon va oʻsimliklar turlarini muhofaza qilish va takror koʻpaytirish (yetishtirish) boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar.
14. Xalqaro majburiyatlar doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar, sohaga xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmagi va grant mablagʻlarini jalb etish.
15. Sohada sodir etilgan huquqbuzarliklar va ularni oldini olish hamda qonunchilik va boshqa qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda koʻzda tutilayotgan rejalar toʻgʻrisida yozma ravishda asoslantirilgan tushuntirish berish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovi bilan murojaat etadi va unga berilgan javob Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilib, uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishini maʼlum qiladi.