Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining
buyrugʻi
Maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 18-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3503]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-101-son “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor A. ORTIKOV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-fevral,
56-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2024-yil 12-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2024-yil 13-fevraldagi 56-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot tizimi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (bundan buyon matnda Davlat aktivlari agentligi deb yuritiladi) “Davlat mulki” axborot tizimida joriy etilgan, onlayn-buyurtmanomalarni qabul qilish va ularni qayta ishlash maxsus moduli;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyekti — davlatga mulk huquqi asosida tegishli umumiy maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan, belgilangan muddatda qurilishi tugallanmagan obyektlar, uch oydan ortiq muddat davomida boʻsh turgan foydalanilmayotgan yashash uchun moʻljallanmagan bino va inshootlar, ishlab chiqarish maydonlari, shu jumladan umumiy maydonining 50 foizidan koʻp qismidan (bir bino yoki noturar joy xonasi konturi doirasida) tovarlar ishlab chiqarishda (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) foydalanilmayotgan obyektlar (mavsumiy tusdagi faoliyat amalga oshiriladigan obyektlar bundan mustasno);
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
onlayn-buyurtmanoma — jismoniy shaxslarning axborot tizimi orqali boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish boʻyicha yuboradigan elektron murojaati;
“E-auksion” elektron savdo platformasi (bundan buyon matnda elektron onlayn-auksion deb yuritiladi) — elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish uchun zarur axborotni kiritish, saqlash va qayta ishlash, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning bunday auksion va tanlovlar jarayoniga kirish hamda ularda qatnashish imkonini taʼminlaydigan axborot tizimi;
Oldingi tahrirga qarang.
balansda saqlovchi — boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyekti biriktirilgan yuridik shaxs;
(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ijaraga beruvchi — Davlat aktivlari agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi va uning hududiy boshqarmalari;
(1-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
Oldingi tahrirga qarang.
sotuvchi — Davlat aktivlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari.
(1-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
2. Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomalariga asosan xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish ushbu Nizomning ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish shartlari, agar qonunchilik hujjatlarida yoki Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining qarorlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, sotuvchi tomonidan belgilanadi.
4. Jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha savdolarni oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-bob. Onlayn-buyurtmanoma berish va uni koʻrib chiqish
Oldingi tahrirga qarang.
5. Jismoniy shaxslar oʻzlari aniqlagan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish uchun Davlat aktivlari agentligining axborot tizimi orqali onlayn-buyurtmanoma yuboradi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
6. Jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasiga boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyekti boʻyicha quyidagi maʼlumotlar ilova qilinadi:
boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektining toʻliq manzili;
boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektining fotosuratlari va aniq geolokatsiyasi.
Onlayn-buyurtmanomada boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektining tegishli mahalla va (yoki) obyektning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, uni aynan qaysi yoʻnalishlar uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish boʻyicha jismoniy shaxslarning taklifi koʻrsatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasi axborot tizimi orqali Davlat aktivlari agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) avtomatik ravishda kelib tushadi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
8. Onlayn-buyurtmanoma kelib tushgandan soʻng, Markaz onlayn-buyurtmanomada keltirilgan koʻchmas mulk obyektining joylashgan hududidan kelib chiqib, onlayn-buyurtmanomani oʻrganish uchun bir ish kuni ichida axborot tizimi orqali Markazning tegishli hududiy boshqarmasiga yuboradi.
9. Markazning hududiy boshqarmasi onlayn-buyurtmanomada keltirilgan koʻchmas mulkni oʻrganishda uning yer uchastkasi ekanligini aniqlagan taqdirda, bir ish kuni ichida onlayn-buyurtmanomani axborot tizimi orqali rad etadi hamda onlayn-buyurtmanoma yuborgan jismoniy shaxsni takliflarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (yerelektron.uz) orqali yuborishi haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
10. Markazning hududiy boshqarmasi onlayn-buyurtmanomada keltirilgan koʻchmas mulk obyekti bino-inshoot ekanligini aniqlagan taqdirda, bir ish kunida ushbu koʻchmas mulk obyektiga tutash yer maydoni mavjudligi hamda ushbu koʻchmas mulk obyektining huquq egasi yuzasidan davlat koʻchmas mulk obyektlari toʻgʻrisidagi “property.davaktiv.uz” axborot tizimidan (bundan buyon matnda “property.davaktiv.uz” axborot tizimi deb yuritiladi) yoki “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan (bundan buyon matnda elektron platforma deb yuritiladi) tegishli maʼlumotlarni oladi.
11. “property.davaktiv.uz” axborot tizimidan yoki elektron platformadan olingan maʼlumotlarga koʻra onlayn-buyurtmanomada keltirilgan koʻchmas mulk obyekti balansda saqlovchilarga tegishli boʻlmagan taqdirda, Markazning hududiy boshqarmasi tomonidan onlayn-buyurtmanoma axborot tizimi orqali bir ish kuni ichida rad etish sababini koʻrsatgan holda rad etiladi va bu toʻgʻrisida murojaatchiga axborot tizimi orqali avtomatik ravishda SMS-xabarnoma yuboriladi.
12. “property.davaktiv.uz” axborot tizimidan yoki elektron platformadan olingan maʼlumotlarga koʻra onlayn-buyurtmanomada keltirilgan koʻchmas mulk obyekti balansda saqlovchilarga tegishli ekanligi aniqlangan taqdirda, Markazning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan uch ish kuni ichida onlayn-buyurtmanomada keltirilgan koʻchmas mulk obyekti joyiga chiqqan holda xatlovdan oʻtkaziladi va quyidagilar oʻrganiladi:
koʻchmas mulk obyekti haqiqatda boʻsh turganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
obyektdan kelgusida samarali foydalanish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori mavjudligi, shuningdek obyektning qonunchilik hujjatlari bilan tasdiqlangan xususiylashtirish dasturlariga, shu jumladan tarmoq jadvaliga kiritilganligi;
boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyekti xususiylashtirilmaydigan obyektlar toifasiga kirishi yoki kirmasligi;
boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektiga nisbatan taqiq (cheklov)ning mavjud yoki mavjud emasligi.
13. Markazning hududiy boshqarmasi xodimlari oʻrganish jarayonida balansda saqlovchidan davlat koʻchmas mulk obyekti toʻgʻrisidagi ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarni soʻrab olishi mumkin. Bunda, balansda saqlovchi davlat koʻchmas mulk obyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bir ish kuni ichida taqdim etishi shart.
14. Oʻrganish natijasiga koʻra, onlayn-buyurtmanomada keltirilgan davlat koʻchmas mulk obyektini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish quyidagi hollarda rad etiladi:
davlat koʻchmas mulk obyekti boʻsh turgan boʻlmasa;
davlat koʻchmas mulk obyektning umumiy maydoni 2 000 metr kvadrat va undan ortiq boʻlsa;
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
davlat koʻchmas mulk obyekti xususiylashtirish dasturlariga va xususiylashtirilmaydigan obyektlar toifasiga kirgan boʻlsa;
boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektiga nisbatan taqiq (cheklov) mavjud boʻlsa.
15. Onlayn-buyurtmanomada keltirilgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini oʻrganish jarayonida balansda saqlovchi yuqori turuvchi tashkilot bilan kelishilgan holda obyektdan kelgusida foydalanishga ehtiyoji mavjudligi, shu jumladan kamida 5 yillik demografik oʻsish darajasini inobatga olgan holda aniq hisob-kitoblarga asoslangan takliflarini Markazning hududiy boshqarmasiga taqdim etishi mumkin.
Bunda, Markazning hududiy boshqarmasi uch ish kuni ichida taqdim etilgan takliflarni qabul qiladi va boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqaradi.
16. Onlayn-buyurtmanomada keltirilgan davlat koʻchmas mulk obyektini ijaraga berish zarurligi toʻgʻrisida xulosa chiqarish uchun quyidagilar asos boʻladi:
davlat koʻchmas mulk obyektidan kelgusida samarali foydalanish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori mavjudligi, shuningdek obyektning qonunchilik hujjatlari bilan tasdiqlangan xususiylashtirish dasturlariga, shu jumladan tarmoq jadvaliga kiritilganligi;
davlat koʻchmas mulk obyektining boʻsh turgan qismini alohida ajratgan holda xususiylashtirish imkoniyati mavjud boʻlmasa;
balansda saqlovchi tomonidan davlat koʻchmas mulk obyektidan kelgusida foydalanishga ehtiyoj mavjudligi, shu jumladan kamida 5 yillik demografik oʻsish darajasini inobatga olgan holda aniq hisob-kitoblarga asoslangan takliflar taqdim etilganligi.
Mazkur bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshlarida belgilangan davlat koʻchmas mulk obyektini ijaraga berish toʻgʻrisida xulosa chiqarish uchun asos boʻladigan holatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, obyektni xususiylashtirish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida xulosa qilinadi.
17. Oʻrganish natijasiga koʻra, Markazning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomada onlayn-buyurtmanomada keltirilgan davlat koʻchmas mulk obyektini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarishni rad etish yoki ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish yoxud xususiylashtirish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida xulosa nazarda tutiladi.
18. Jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasini oʻrganish natijasi boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilganidan soʻng Markazning hududiy boshqarmasi bir ish kuni ichida axborot tizimiga oʻrganish natijasi boʻyicha dalolatnomani yuklaydi va bu haqda jismoniy shaxslarga axborot tizimi orqali avtomatik ravishda SMS-xabarnoma yuboriladi.
Bunda, rad etilmagan onlayn-buyurtmanoma boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomada keltirilgan xulosadan kelib chiqib, Markazning hududiy boshqarmasi bir ish kuni ichida axborot tizimi orqali onlayn-buyurtmanomada keltirilgan koʻchmas mulk obyektini ijaraga berish yoki xususiylashtirish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish jarayoniga oʻtkazadi hamda bu haqda balansda saqlovchiga xabar beradi.
3-bob. Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini xususiylashtirish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish
Oldingi tahrirga qarang.
19. Axborot tizimi orqali ijaraga berish yoki xususiylashtirish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish jarayoniga oʻtkazilgan onlayn-buyurtmanoma Davlat aktivlari agentligining hududiy boshqarmasiga avtomatik ravishda kelib tushadi va u quyidagilarni amalga oshiradi:
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
bir ish kuni ichida onlayn-buyurtmanomani axborot tizimi orqali boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish uchun Markazning hududiy boshqarmasiga qaytariladi;
boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini xususiylashtirish jarayonini boshlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibga muvofiq oʻn ish kun ichida davlat koʻchmas mulk obyektini xususiylashtirish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, Davlat aktivlari agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan Buxgalteriya hisobi milliy standartlariga muvofiq besh ish kuni ichida davlat koʻchmas mulki obyektini inventarizatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida balansda saqlovchiga yozma talabnoma yuboriladi.
(19-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Talabnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab besh ish kuni ichida Davlat aktivlari agentligi tomonidan tasdiqlangan shakllar boʻyicha tegishli inventarizatsiyadan oʻtkazish dalolatnomalari balansda saqlovchining rahbari tomonidan imzolanadi hamda Davlat aktivlari agentligining hududiy boshqarmasiga taqdim etiladi.
Davlat aktivlari agentligi yoki hududiy boshqarmaning qarori bilan balansda saqlovchining inventarizatsiyadan oʻtkazish muddati bir oydan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Davlat aktivlari agentligining hududiy boshqarmasi uch ish kuni ichida baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektining baholanishini tashkil etadi.
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
Bunda, baholash hisobotlari haqqoniyligini majburiy ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Davlat aktivlari agentligining hududiy boshqarmasi baholash natijasiga koʻra ikki ish kuni ichida boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini savdoga chiqarish toʻgʻrisida tegishli buyruq qabul qiladi va uni toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksionga chiqaradi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
22. Jismoniy shaxslarga, ularning onlayn-buyurtmanomalari boʻyicha xususiylashtirish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarining lot raqamlari toʻgʻrisida axborot tizimi orqali avtomatik ravishda SMS-xabarnoma yuboriladi.
4-bob. Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish
23. Ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish jarayoniga oʻtkazilgan onlayn-buyurtmanomalar boʻyicha Markazning hududiy boshqarmasi besh ish kuni ichida boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektining foydalanish sohasi, boshlangʻich narxi hamda ijaraga berish muddatini belgilangan holda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlaydi.
24. Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini ijaraga berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
25. Jismoniy shaxslarga ularning onlayn-buyurtmanomalari boʻyicha ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarining lot raqamlari toʻgʻrisida axborot tizimi orqali avtomatik ravishda SMS-xabarnoma yuboriladi.
5-bob. Yakuniy qoida
26. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini jismoniy shaxslarning onlayn-buyurtmanomasiga asosan xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.


(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2025-yil 11-iyundagi 01/7-11/42-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3503-2, 19.06.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2024-y., 10/24/3503/0239-son; 24.03.2025-y., 10/25/3503-1/0266-son; 20.06.2025-y., 10/25/3503-2/0526-son)