O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mamlakat iqtisodiy hayotida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ayollar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan uch yillik imtiyozli davr bilan yetti yil muddatga yillik 14 foiz stavkada jami 100 million AQSh dollari ekvivalentida, shundan AT “Xalq banki”ga 35 million AQSh dollari, “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga 35 million AQSh dollari va “Mikrokreditbank”ATBga 30 million AQSh dollari miqdorida kredit resurslari ajratilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-apreldagi PQ-149-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 07/24/149/0262-son)
Belgilansinki, xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirishga:
AT “Xalq banki” va “Mikrokreditbank”ATBga ajratilgan mablag‘lar hisobidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida belgilangan tartib va mexanizmlar asosida;
“Biznesni rivojlantirish banki” ATBga ajratilgan mablag‘lar hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-306-son va 2023-yil 15-noyabrdagi “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-366-son qarorlarida belgilangan tartib va mexanizmlar asosida kreditlar ajratiladi.
2. Belgilab qo‘yilsinki, Savdo-sanoat palatasi, AT “Xalq banki”, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va “Mikrokreditbank” ATBda quyidagilarni nazarda tutuvchi xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratiladi:
tashabbuskor xotin-qizlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashish;
mahallalarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish;
xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarni sotish;
kooperatsiya asosida loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish;
loyihalar amalga oshirilishini kuzatib borish va ayol tadbirkorlar bilan doimiy muloqot qilish.
3. Bosh vazir o‘rinbosari Z. Maxkamova Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2024-2025-yillarda tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini (keyingi o‘rinlarda — Dastur) ishlab chiqsin.
Belgilansinki, Dasturni shakllantirishda va unga kiritilgan loyihalarga mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan kredit ajratishda ustuvorlik “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlar tomonidan amalga oshirish taklif etilayotgan loyihalarga beriladi.
4. Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha maxsus komissiya (T. Narbayeva):
bir hafta muddatda Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha maxsus komissiya tarkibini tasdiqlasin;
mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan Dasturni tasdiqlasin;
har oy yakuni bilan Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha maxsus komissiyaning yig‘ilishida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi va natijadorligini muhokama qilib borsin.
5. Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-mart,
PQ-122-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.03.2024-y., 07/24/122/0193-son; 03.04.2024-y., 07/24/149/0262-son)