Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Eksport-import operatsiyalarini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Import operatsiyalarini boj-tarif bilan batartib boshqarishni takomillashtirish, tovarlarning ayrim turlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishni yanada tartibga solish, mahalliy raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 19-sentabrdagi PQ-183-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 40-son, 304-modda)
2. Belgilansinki, 2005-yilning 1-apreligacha bojxonaning “vaqtincha saqlash” rejimiga joylashtirilgan tovarlarni erkin muomalaga chiqarish chogʻida Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yilgi Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2004-yil 28-dekabrdagi 610-sonli va “Boj-tarif bilan tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 7-yanvardagi 4-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan stavkalar 2005-yilning 1-mayiga qadar qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, qonun hujjatlarida belgilangan TN TIF kodlari guruhlariga mansub, ilgari foydalanishda boʻlgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilish Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Bunda ilgari foydalanishda boʻlgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilish ular tayyorlangan vaqtdan boshlab 5 yil oʻtgach Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorisiz amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-iyundagi PQ-3077-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 535-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmalariga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 11-mart,
PQ-26-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 10-11-son, 72-modda, 2005-y., 40-son, 304-modda, 37-38-son, 284-modda; 2014-y., 30-son, 366-modda; 2017-y., 25-son, 535-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2018-y., 06/18/5459/1374-son)