Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish haqida
Soʻnggi yillarda zargarlik sanoatini rivojlantirish va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni kechiktirib toʻlash sharti bilan sotish tartibi joriy etilishi natijasida ularning barqaror faoliyat yuritishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratib berildi.
Shu bilan birga, qimmatbaho metallarni sotishda kechiktirib toʻlashning nisbatan uzoq muddati belgilanganligi qimmatbaho metallarni yetkazib beruvchi korxonalarning aylanma mablagʻlaridan samarali foydalanish, shu jumladan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklab qoʻymoqda.
Zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni kechiktirib toʻlash sharti bilan sotish va zargarlik sohasida ish oʻrinlarini yaratgan tadbirkorlik subyektlariga qimmatbaho metallarni sotib olishda chegirmalar qoʻllash tartibini yanada takomillashtirish hamda ulardan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilsin:
a) qimmatbaho metallarni kechiktirib toʻlash sharti bilan sotib olish imkoniyatidan foydalanilgan har bir kun uchun foizlar hisoblash tartibini joriy qilish, xususan:
30 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — foiz hisoblamaslik;
31-kundan 180 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblash;
b) qimmatbaho metallarni birja savdolarida chegirmalar qoʻllagan holda sotib oluvchi tadbirkorlik subyektlariga qoʻyiladigan mezonlarni belgilash, shu jumladan:
yaratilgan ish oʻrinlarining kamida 70 foizini zargarlik buyumlari va qimmatbaho metall buyumlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan ishchilar kasblari tashkil etishini;
yaratilgan ish oʻrinlariga ishga qabul qilingan xodimlarga kamida olti oy davomida ish haqi hisoblanishi va ushbu holat soliq organlari tomonidan tasdiqlangan boʻlishini;
tadbirkorlik subyektlari zarur moddiy-texnika bazasi, uskunalar va boshqa texnika vositalari, ishlab chiqarish maydonlari hamda sharoitlarga ega boʻlishini nazarda tutuvchi tartibni joriy qilish.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-fevral,
PQ-85-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-fevraldagi PQ-85-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-fevraldagi “Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4998-son qarorining 1-bandi:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kechiktirib toʻlash sharti bilan sotib olingan qimmatbaho metallar uchun toʻlovlarni amalga oshirganda, 30 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — foiz hisoblanmaydi, 31-kundan 180 kun (shu kuni ham) ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — 30-kundan keyin kechiktirib toʻlash imkoniyatidan foydalanilgan kunlarga mos ravishda Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblanadi”;
toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-452-son qarorining 2-bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Belgilansinki, ushbu chegirmalardan foydalanadigan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining roʻyxati quyidagi mezonlarni inobatga olgan holda shakllantiriladi:
a) zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan yaratilgan ish oʻrinlari soni.
Bunda, ushbu ish oʻrinlarining kamida 70 foizini Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida (MXSK — 08 boʻyicha kodi 7313) belgilangan zargarlik buyumlari va qimmatbaho metall buyumlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan ishchilar kasblari tashkil etishi lozim;
b) yaratilgan ish oʻrinlariga ishga qabul qilingan xodimlar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzilganligi, ularga kamida olti oy davomida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi hisoblanganligi hamda ushbu holat soliq organlari tomonidan tasdiqlanganligi;
v) zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarida yuqori qoʻshilgan qiymatli zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnika bazasi, uskunalar va boshqa texnika vositalari, shuningdek, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish boʻyicha belgilangan talablarga javob beradigan ishlab chiqarish maydonlari va sharoitlarining mavjudligi.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Qimmatbaho metallarni birja savdolarida sotishda chegirmalar berish uchun zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatini shakllantirish va yuritish tartibini tasdiqlasin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 07/24/85/0148-son)