Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Samarqand viloyatidagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida (keyingi oʻrinlarda — “Urgut” EIZ) yangi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, import oʻrnini bosuvchi hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, viloyatning mavjud resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanish, shuningdek, yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida:
1. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan 40 gektar boʻsh yer uchastkasini ajratish hisobidan “Urgut” EIZ hududini kengaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Samarqand viloyati hokimligi:
a) Kadastr agentligi hamda “Urgut” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasi bilan birgalikda bir hafta muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, davlat yer kadastri maʼlumotlariga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritsin va yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarsin;
b) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Urgut” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasi mablagʻlari hisobidan “Urgut” EIZning yangi hududlari bosh rejasining ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin. Bunda:
Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi tashkilot etib belgilansin;
bosh rejani ishlab chiqish boʻyicha pudrat tashkiloti belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolariga asosan aniqlansin;
bosh rejani ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Samarqand viloyati mahalliy budjetining orttirib bajarilgan qismi hamda Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Belgilansinki, “Urgut” EIZ hududida:
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn auksion orqali realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5600-son Farmoniga muvofiq;
infratuzilma obyektlarini qurish ishlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4929-son qaroriga muvofiq;
infratuzilma obyektlari ishlari boʻyicha buyurtmachilarni belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5101-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Urgut” EIZga yangi qoʻshilayotgan yer uchastkalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash yuzasidan manzilli dasturni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
Bunda, infratuzilma obyektlari 2024-yil va kelgusi yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida maxsus iqtisodiy zonalar, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov hamda Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-fevral,
PQ-64-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-fevraldagi PQ-64-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-noyabrdagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5278-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirish
a) quyidagi mazmundagi 16-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
|
“ |
||
|
16. |
Nurobod tumani, “Tepaqul” MFY hududi: |
|
|
shimoliy tomondan — A-378 “Samarqand — Qarshi” avtomobil yoʻli; sharqiy tomondan — “Mironqul gaz servis” MChJ va “Bahrom bobo Vafaqulov” fermer xoʻjaligi hududi; janubiy tomondan — “Bahrom bobo Vafaqulov” fermer xoʻjaligi hududi; gʻarbiy tomondan — “Bahrom bobo Vafaqulov” fermer xoʻjaligi hududi |
40,0 |
|
|
”; |
b) “Jami” pozitsiyasidagi “407,32” raqami “447,32” raqami bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2024-y., 07/24/64/0116-son)