Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimizda ayollar mehnatidan muayyan soha yoki kasblarda foydalanish boʻyicha taqiqlar bekor qilinishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 31-maydagi 408-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, mehnat bozorida xotin-qizlar va erkaklarning tengligini taʼminlash boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, avtotransportda tijorat asosida yuk va yoʻlovchilarni tashish sohasida xotin-qizlarni haydovchilik kasbiga jalb qilish uchun sharoitlar yaratish, bu borada normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirib borish talab etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 7-martdagi PQ-4235-son qaroriga muvofiq, shuningdek, xotin-qizlarning avtotransport sohasi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishlari uchun teng sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat taʼlim muassasalari va avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish, shuningdek, imtihonlarni oʻtkazish va milliy haydovchilik guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 27-bandi hamda Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokomianiyasiga Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlarda keng yoritish tavsiya etilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-fevral,
85-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2024-y., 09/24/85/0115-son)