Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 10-iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi PF-2326-son Farmoniga axborot texnologiyalari yoʻnalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish haqida
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli sohalarda oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy hayotda faollik koʻrsatayotgan xotin-qizlarni munosib ragʻbatlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xotin-qizlar oʻrtasida raqamli koʻnikmalarni shakllantirish, ularning axborot texnologiyalari sohasidagi, shu jumladan IT xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishdagi ulushini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qarori ijrosini taʼminlash hamda axborot texnologiyalari yoʻnalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarning munosib taqdirlab borilishini yoʻlga qoʻyish maqsadida:
axborot texnologiyalari yoʻnalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlab borish;
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlab borish bilan bogʻliq xarajatlarning moliyalashtirish manbalarini belgilash.
2. Vazirlik va idoralar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasiga taqdim etilgan barcha nomzodlarga tegishli yoʻnalishi boʻyicha iqtidorini yanada rivojlantirishga qaratilgan imkoniyat va sharoitlar yaratish, shu jumladan ularning xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlarda ishtirok etishi, nomzodlarni vazirlik va idoraning istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritish boʻyicha zarur choralar koʻrsin.
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish uchun masʼul etib belgilansin.
3. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi ikki oy muddatda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibini, belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblarni aniqlashning mezonlarini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-fevral,
PF-34-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-fevraldagi PF-34-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 10-iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi PF-2326-son Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddimadagi “yoshlarning adabiyot, sanʼat, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi” soʻzlari “yoshlarning taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalarini rivojlantirish va jamoatchilik faoliyatidagi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 2-bandda:
a) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari sohalari va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarga beriladi”;
b) toʻrtinchi xatboshidagi “umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari” soʻzlari “umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
“5. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzurida jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatishi hamda unga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi rahbarlik qilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Belgilansinki, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini berish, uning koʻkrak nishonlari va diplomini tayyorlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi”.
4. 1-ilovada:
a) 1-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari sohalari va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarga beriladi”;
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olish uchun talabgorning soʻnggi uch yil mobaynidagi ibratli faoliyati, taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari sohalari va jamoatchilik faoliyatidagi alohida yutuqlariga oid hujjatlar taqdim etiladi.
Hujjatlarni taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi tomonidan belgilanadi”.
5. 2-ilovaning 1 va 2-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va boshqa sohalardagi eng nufuzli arboblardan, ijodiy uyushmalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, taʼlim, madaniyat va sport muassasalarining taniqli vakillaridan tashkil topadi va uning tarkibi har toʻrt yilda uchdan ikki qismi yangilanishi nazarda tutilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Mazkur Komissiya aʼzolari jamoatchilik asosida ishlaydilar.
2. Komissiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi rahbarlik qiladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 06/24/34/0107-son)