Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasining 2023-yil oʻn oyidagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2023-yil oʻn oyidagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan koʻp qirrali va samarali amaliy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish kabi muhim yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita 8 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlgan va ularning barchasi qabul qilinib, maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan. Jumladan, Qoʻmita masʼulligida investitsiya, xavfsizlik va huquqiy sohalardagi hamkorlikka oid bir qator xalqaro shartnomalar va bitimlar ratifikatsiya qilingan.
Qonun loyihalarini takomillashtirish hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish chogʻida xalqaro huquqni qoʻllash amaliyotidan va xalqaro huquq mezonlaridan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan iborat boʻlgan ekspert guruhi imkoniyatlaridan samarali foydalanilgan.
Qonun hujjatlarining ijrosi va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganishga qaratilgan 5 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan. Xususan, xorijiy mamlakatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu boradagi mavjud muammolar va ularni hal etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarlarining axboroti Qoʻmita yigʻilishida eshitilgan.
Shuningdek “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holati oʻrganilgan hamda natijalari yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Qoʻmita tashabbusi bilan hisobot davrida mamlakatimiz Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan Singapur Respublikasiga, Qirgʻiziston Respublikasiga hamda Misr Arab Respublikasiga amalga oshirilgan davlat tashriflari va rasmiy tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan hujjatlar muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbatlari oʻtkazilgan.
Qoʻmitaning kengaytirilgan yigʻilishida 2023-yil 19-iyul kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koʻrfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti yakunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ushbu tashkilotga aʼzo davlatlar parlamentlari bilan hamkorligi istiqbollari atroflicha muhokama qilinib, ustuvor yoʻnalishlar belgilab olingan.
Oʻtgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida xorijiy mamlakatlar parlamentlari, parlamentlararo hamkorlik guruhlari, xalqaro tashkilotlar hamda mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillaridan iborat 34 ta chet el delegatsiyasi Qoʻmitaning muvofiqlashtiruvi asosida qabul qilingan.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan jami 25 ta uchrashuvda Qoʻmita aʼzolari faol ishtirok etgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmita aʼzolari nomiga kelib tushgan 257 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan. Qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kelib tushgan takliflar soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida alohida oʻrganilgan hamda tahlil qilingan.
Qoʻmita faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining, tashqi siyosiy faoliyat, xalqaro munosabatlar, parlamentlararo hamkorlik, davlat va jamiyat hayotida sodir boʻlayotgan muhim voqealar va boshqa masalalarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish maqsadida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida 1 228-marta chiqish amalga oshirilgan. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan xorijiy mamlakatlarga amalga oshirilgan oliy darajadagi davlat, rasmiy va amaliy tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlar hamda imzolangan hujjatlarning mazmun-mohiyatini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shu bilan birga Qoʻmita tomonidan amalga oshirilgan ishlarning tahlili uning faoliyatida oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar mavjudligini, ularga alohida eʼtibor qaratish lozimligini koʻrsatmoqda.
Xususan, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada yaxshilashga qaratilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, qonun tashabbuskorligi borasidagi takliflarni koʻpaytirish, qonunlarning joylarda ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrganishga doir ishlarni yanada kengaytirish talab etilmoqda.
Parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy monitoring qilib borish ham muhim vazifalardan biridir.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi fuqarolari tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda koʻrib chiqish hamda ularga yechim topish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish, shuningdek xalqaro va parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni faollashtirish talab etilmoqda.
Xorijiy davlatlar parlamentlari bilan tuzilgan parlamentlararo guruhlar faoliyatini yanada jonlantirish, mazkur guruhlarning ish rejalarida belgilangan vazifa va tadbirlarni tizimli hamda samarali ravishda amalga oshirishga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish zarur.
Bundan tashqari parlamentlararo hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan rasmiy tashriflarni oldindan puxta rejalashtirish, muzokaralar doirasida xorijiy sheriklar bilan muhokama qilinadigan masalalarni aniq belgilab olishga ham alohida eʼtibor qaratilishi lozim.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasining 2023-yil oʻn oyidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi:
nazorat-tahlil tadbirlari doirasida qabul qilingan qarorlarning ijro etilishi holatini doimiy ravishda monitoring qilib borish va amaliyotda uchrayotgan muammolarni hal etish borasida mutasaddi vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining xorijiy mamlakatlar parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo tuzilmalarining samarali faoliyat olib borishiga, shuningdek yuqori va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan qabul qilingan “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlashga qaratilgan takliflar va tavsiyalar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi fuqarolari tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda koʻrib chiqish hamda ularga yechim topish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish;
Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish maqsadida parlamentlararo hamkorlik aloqalarini faollashtirish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-noyabr,
3708-IV-son