Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vazirining
buyrugʻi
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi stipendiyasini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(buyruq nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 20-fevraldagi 2-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3499, 23.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son)
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 4-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3479]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi PQ-114-son “Maʼmuriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi stipendiyasini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 20-fevraldagi 2-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3499, 23.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son)
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-noyabr,
18-mh-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2023-yil 31-oktabr
Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M. TASHXODJAYEV
2023-yil 12-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vazirining 2023-yil 10-noyabrdagi 18-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi stipendiyasini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 20-fevraldagi 2-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3499, 23.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligining stipendiyasini (bundan buyon matnda stipendiya deb yuritiladi) tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 20-fevraldagi 2-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3499, 23.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Stipendiya har oylik toʻlov shaklida Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari asosiy yoki zaxira tarkibiga (bundan buyon matnda sport terma jamoalari tarkibi deb yuritiladi) kiritilgan hamda mazkur Nizomning ilovasida belgilangan mezonlarga mos keluvchi sportchilarga tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mazkur Nizom qoidalari Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sovrindor boʻlganligi uchun umrbod oylik toʻlovlar tayinlangan sportchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-bob. Stipendiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish va uning asosiy vazifalari
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri buyrugʻi bilan stipendiyani tayinlash va toʻlash boʻyicha Stipendiya komissiyasi (bundan buyon matnda Stipendiya komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi va u stipendiyaga nomzod sportchilarning roʻyxatini shakllantirish hamda stipendiya tayinlashga masʼul hisoblanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 20-fevraldagi 2-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3499, 23.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Stipendiya komissiyasi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligining (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) markaziy apparati va Vazirlik tizimidagi tashkilotlarning jismoniy tarbiya va sport sohasida amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan xodimlari orasidan kamida yetti kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 20-fevraldagi 2-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3499, 23.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son)
5. Stipendiya komissiyasiga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarga muvofiq Stipendiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish, shuningdek komissiya yigʻilishlarini oʻtkazish va ularga rahbarlik qilish vazir oʻrinbosari — Stipendiya komissiyasi raisi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Stipendiya komissiyasi faoliyatini tashkiliy jihatdan taʼminlash uning kotibi zimmasiga yuklanadi.
7. Stipendiya komissiyasi stipendiyaga nomzod sportchilar maʼlumotlarini koʻrib chiqish va ularning roʻyxatini shakllantirish boʻyicha quyidagi vazifalarni bajaradi:
Sport turlarini rivojlantirish respublika markazlari hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (bundan buyon matnda masʼul ijrochilar deb yuritiladi) tomonidan taqdim qilinadigan stipendiyaga nomzod sportchilarning roʻyxatini koʻrib chiqish;
Keyingi tahrirga qarang.
stipendiyaga nomzod sportchilar roʻyxatidagi sportchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning haqiqiyligini va mazkur Nizomning ilovasida belgilangan mezonlarga mosligini tekshirish;
oʻziga yuklangan vazifalarning bajarilishini taʼminlash uchun masʼul ijrochilardan zarur axborotlarni soʻrab olish;
stipendiya tayinlash uchun barcha zarur hujjatlar va maʼlumotlarning masʼul ijrochilar tomonidan oʻz vaqtida taqdim etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari asosiy yoki zaxira tarkibiga kiritilgan sportchilar roʻyxatini doimiy ravishda monitoring qilib borish;
sportchilarga stipendiya tayinlash yoki stipendiya toʻlashni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
8. Stipendiya komissiyasi yigʻilishlari har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi. Yigʻilishlarda kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan kollegial tarzda qarorlar qabul qilinadi.
9. Stipendiya komissiyasi yigʻilishlari aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
10. Stipendiya komissiyasi qarorlari yigʻilishda ishtirok etayotgan aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi tomonidan maʼqullangan taqdirda, qabul qilingan hisoblanadi.
3-bob. Stipendiyaga nomzod sportchilar roʻyxatini koʻrib chiqish, ularning maʼlumotlarini tekshirish va stipendiya tayinlash
11. Masʼul ijrochilar har chorak birinchi oyining 5-sanasiga qadar mazkur Nizom ilovasida belgilangan mezonlar asosida sport terma jamoalari tarkibidagi sportchilardan stipendiyaga nomzodlar roʻyxatini tuzadi va Stipendiya komissiyasiga taqdim qiladi.
Bunda, mazkur Nizomning ilovasida belgilangan mezon talablariga mos keluvchi hamda sport terma jamoalari tarkibiga kiritilgan barcha sportchilarning stipendiyaga nomzodlar roʻyxatiga toʻliq kiritilishiga masʼul ijrochilar javobgar hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Masʼul ijrochilar stipendiyaga nomzod sportchilar roʻyxati bilan birgalikda Stipendiya komissiyasi koʻrib chiqishi uchun mazkur Nizomning ilovasida belgilangan mezonlar asosida sportchilarning musobaqalarda erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qiladi.
13. Stipendiya komissiyasi stipendiyaga nomzod sportchilar haqida boshqa zarur maʼlumotlarni (shaxsiga oid maʼlumotlar, sport terma jamoalari tarkibidagi holati boʻyicha maʼlumotlar va boshqalar) “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali oladi.
14. Stipendiya komissiyasi masʼul ijrochilar tomonidan taqdim qilingan stipendiyaga nomzod sportchilar roʻyxatini va ularning musobaqalarda erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlarni 15 kun ichida koʻrib chiqadi.
15. Hujjatlarni koʻrib chiqish jarayonida Stipendiya komissiyasi masʼul ijrochilar tomonidan taqdim qilingan stipendiyaga nomzod sportchilar roʻyxatidagi sportchilarning haqiqatdan ham sport terma jamoalari tarkibida ekanligini va ularning musobaqalarda erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlari haqiqiyligini, shuningdek mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan holatlarni tekshiradi.
16. Stipendiya komissiyasi yigʻilishida umumiy ovoz berish yoʻli bilan stipendiya tayinlash va toʻlash toʻgʻrisida yoki stipendiya tayinlashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha sport terma jamoalari tarkibiga kiritilgan hamda mazkur Nizomning ilovasida belgilangan mezonlarga mos keluvchi sportchilarga stipendiya tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Stipendiyalar stipendiya tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan oydan boshlab bir yil muddatga mazkur Nizomning 32-bandida belgilangan miqdorga qatʼiy rioya qilgan holda tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Stipendiya komissiyasi qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
18. Stipendiya komissiyasi qarori Vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.
4-bob. Stipendiya komissiyasi qarori yuzasidan berilgan murojaatlarni koʻrib chiqish
Oldingi tahrirga qarang.
19. Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining buyrugʻi bilan Stipendiya komissiyasi qarori yuzasidan berilgan murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha apellyatsiya komissiyasi (bundan buyon matnda apellyatsiya komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 20-fevraldagi 2-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3499, 23.02.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son)
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga Vazirlikning Stipendiya komissiyasi faoliyatida ishtirok etmagan masʼul xodimlari kiritiladi.
Apellyatsiya komissiyasi aʼzolari soni toq sonda hamda kamida besh kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
20. Stipendiya komissiyasi qaroridan norozi boʻlgan masʼul ijrochilar yoki stipendiyaga nomzod sportchilar yoxud ularning qonuniy vakillari (bundan buyon matnda murojaatchi deb yuritiladi) Stipendiya komissiyasining qarori qabul qilingan kundan boshlab, besh kun davomida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega.
21. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishlari aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
22. Apellyatsiya komissiyasi qarorlari yigʻilishda ishtirok etayotgan aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi tomonidan maʼqullanganda, qabul qilingan hisoblanadi.
23. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan kelib tushgan murojaatlar uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
24. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishlarida yoki qaror qabul qilinayotgan vaqtda murojaatchining ishtirok etish huquqi taʼminlanadi.
25. Apellyatsiya komissiyasi murojaatchining apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha murojaatchining talablarini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
26. Apellyatsiya komissiyasi tegishli qaror nusxasini murojaatchiga bir kun muddatda pochta orqali yoki elektron shaklda uning elektron pochta manziliga yetkazilishini, agar murojaatchi Apellyatsiya komissiyasi qarori qabul qilinayotgan vaqtda ishtirok etgan boʻlsa, shaxsan oʻziga topshirilishini taʼminlaydi.
5-bob. Stipendiyani tayinlash va toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar
27. Stipendiya toʻlovlari uchun mablagʻlar “sportchi” lavozimi uchun belgilangan ish haqi, terma jamoalar va ularning zaxirasi, sportchilar energiya sarfini qoplash va jismoniy resurslarini tiklash uchun ajratiladigan maqsadli toʻlovlarni maqbullashtirish hisobidan qoplanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Vazirlikning xarajatlari smetasida inobatga olinadi.
28. Stipendiya toʻlovlari uchun mablagʻlar hisobi Vazirlikda ochiladigan maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida yuritiladi.
29. Vazirlik Stipendiya komissiyasining stipendiya tayinlash va toʻlash haqidagi qarori asosida stipendiya toʻlovi uchun talab etiladigan mablagʻlarni Vazirlikning xarajatlar smetasida stipendiya toʻlovi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan masʼul ijrochilarning xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritish orqali ajratadi.
30. Stipendiyani toʻlash masʼul ijrochilar tomonidan sportchilarning bank kartalariga yoki depozit hisobvaraqlariga moliyaviy mablagʻlarni oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Bunda, moliya yili yakuni boʻyicha foydalanilmay qolgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
31. Sportchilar uchun stipendiya toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi — soʻmda amalga oshiriladi.
32. Stipendiya miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 baravari etib belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Stipendiya komissiyasining stipendiya tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan oydan boshlab sportchiga stipendiya hisoblanadi va toʻlab boriladi.
34. Stipendiya tayinlangan sportchilar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida eʼtirof etilish huquqiga ega boʻladi.
35. Masʼul ijrochilar har yarim yilda stipendiya tayinlangan sportchilarning sport natijalarini monitoring qilib boradi va Stipendiya komissiyasiga axborot kiritib boradi.
6-bob. Stipendiya toʻlashni toʻxtatish asoslari va tartibi
36. Stipendiya tayinlangan sportchilarga stipendiya toʻlash quyidagi asoslarga koʻra toʻxtatilishiga yoʻl qoʻyiladi:
1) stipendiya tayinlangan sportchilar sport terma jamoalari tarkibidan chiqarilganda;
2) stipendiya tayinlangan sportchilarga Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sovrindor boʻlganligi uchun umrbod oylik toʻlovlar tayinlanganda.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Mazkur Nizomning 36-bandida keltirilgan holatlar aniqlangan vaqtdan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan Stipendiya komissiyasi mazkur Nizomning 8 — 10-bandlarida belgilangan tartibda stipendiya toʻlashni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
38. Stipendiya toʻlovlarini toʻlash Stipendiya komissiyasining stipendiya toʻlashni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan oyning oxirgi sanasidan toʻxtatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Yakuniy qoida
39. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi stipendiyasini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligining stipendiyasiga nomzod sportchilarning oxirgi bir yilda Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha xalqaro musobaqalardagi ishtirokiga oid asosiy
MEZONLAR
T/r | Musobaqalar nomi | Oʻrinlar |
Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha | ||
1. | Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari (oʻsmirlar, kattalar) | 1 — 8 oʻrin |
2. | Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari (kattalar) | 1 — 4 oʻrin |
3. | Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari (yoshlar va oʻsmirlar) | 1 — 3 oʻrin |
4. | Jahon chempionati (oʻsmirlar, yoshlar, kattalar) | 1 — 6 oʻrin |
5. | Osiyo chempionati (oʻsmirlar, yoshlar, kattalar)* | 1 — 3 oʻrin |
6. | Markaziy Osiyo chempionati (kattalar)** | 1-oʻrin |
Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan noolimpiya sport turlari boʻyicha | ||
1. | Jahon chempionati (oʻsmirlar, yoshlar, kattalar) | 1 — 3 oʻrin |
2. | Osiyo chempionati (yoshlar, kattalar) | 1 — 3 oʻrin |
3. | Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari (kattalar) | 1 — 3 oʻrin |
Izohlar:
Sport vazirligi stipendiyasi 16 yosh va undan kattalar uchun tatbiq etiladi.
* Osiyo-Okeaniya chempionati uchun ham tatbiq etiladi.
** Musobaqalarda kamida 5 ta mamlakatning vakillari va (yoki) terma jamoalari qatnashgan boʻlishi kerak.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2024-yil 27-noyabrdagi 8-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3479-1, 04.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2024-y., 10/24/3479-1/1014-son)
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2023-y., 10/23/3479/0921-son; 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son; 10.12.2024-y., 10/24/3479-1/1014-son; 08.05.2026-y., 10/26/3479-2/0470-son)