Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Toshqulovga “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Toshqulovga “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Mazkur Qaror va parlament soʻrovi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Toshqulovga yuborilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-noyabr,
3689-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri
A. Toshqulovga
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida
PARLAMENT SOʻROVI
Hurmatli Akbar Djurabayevich,
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimiz rivojlanishining siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi. Unda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Keng koʻlamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi norma ijodkorligi jarayoni sifatiga ham bogʻliq.
Oʻtgan davrda tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishini takomillashtirishda muhim boʻlgan norma ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
“Aqlli tartibga solish” modeli, “paket” prinsipi joriy etildi, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi, gender-huquqiy, ilmiy va lingvistik ekspertizadan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
2023-yil 8-avgustda “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Shuningdek, oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni unifikatsiya qilish hamda amalda oʻz ahamiyati va dolzarbligini yoʻqotgan hujjatlarni bekor qilish boʻyicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2019-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-sentabrga qadar jami 1 634 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilgan. Natijada yaxlit idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar soni 1 500 tadan 1 128 taga yoki 25 foizga qisqartirilgan.
Shu bilan birga “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida vazirlik va idoralar, agar ularga qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish boʻyicha vakolatlar berilgan boʻlsagina, normativ-huquqiy hujjat qabul qilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi talab mustahkamlab qoʻyildi.
Qonun loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish hamda koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) loyihalarning sifatli va oʻz vaqtida kiritilishi, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, havola qiluvchi normalar qoʻllanilishining asosliligi, huquqiy ekspertizadan oʻtkazish jarayonini takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilib, qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali kiritish imkoniyati yaratildi.
Norma ijodkorligi sohasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalar ham bor.
Jumladan, qonun loyihalarini vazirliklar va idoralarning yuridik xizmati tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazish hanuzgacha sifatsiz amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yilda huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan 2 121 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 1025 tasi, 2023-yilning birinchi yarim yilligida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan 822 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 386 tasi, amaldagi qonunchilik hujjatlari va yuridik texnika qoidalariga zid ekanligi, korrupsiyaviy omillar mavjudligi bois normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organga yoki loyihani tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilotga qaytarilgan.
Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining 24 tasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining 16 tasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining 20 tasi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining 13 tasi qonunchilik hujjatlari va yuridik texnika qoidalariga zid ekanligi, korrupsiyaviy omillar mavjudligi va boshqa eʼtirozlar bilan qaytarilgan.
2022-yilda vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 344 ta loyihalarda 534 ta, 2023-yilning I yarim yilligida esa loyihalarning 150 tasida 228 ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlangan.
Maʼlumki, 2021-yildan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholash tizimi joriy etildi, bunda tartibga solish taʼsiri baholashdan oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining toifalari belgilab qoʻyildi.
Biroq, masʼul vazirlik va idoralar tomonidan 2022-yil va 2023-yil birinchi yarim yilligida 243 ta shunday normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazilmagan.
Shu bilan bir qatorda, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasidagi faoliyati boʻyicha qilingan tahlillar bu borada eʼtibor kuchaytirilishi lozim boʻlgan ayrim jihatlar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Birinchidan, Qonunchilik palatasiga ayrim qonun loyihalarini kiritish boʻyicha koʻrsatilgan muddatlardan kechikib kiritilishi holatlari mavjud. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-noyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-244-sonli Farmonida nazarda tutilgan tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi soddalashtirilishiga qaratilgan normalarning qonun hujjatlarida aks ettirilishini nazarda tutuvchi “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi soddalashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonun loyihasi (QL-1050-son) kechikib, yaʼni 2023-yil 23-avgustda Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yuqoridagi farmonida qonun loyihasida nazarda tutilgan tartiblar 2023-yil 1-martdan eʼtiboran amaliyotga joriy qilinishi belgilangan.
Ikkinchidan, qonun loyihalari bilan kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar tegishli qonunlarni boshqa normalariga zid ekanligi yoki tegishli modda, qismlar notoʻgʻri koʻrsatilganligi, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida koʻrsatilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning Yagona uslubiyoti qoidalariga binoan rasmiylashtirilmagan holda kiritilayotgan holatlar mavjud.
Uchinchidan, Qonunchilik palatasiga kelib tushayotgan ayrim qonun loyihalari deputatlar tomonidan qaytadan tayyorlanmoqda. Loyihalardagi kamchiliklarni bartaraf etish jarayoni xalq vakillarining qonun ijodkorligi faoliyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Tahlillarga koʻra, joriy yilning 9 oyida Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 75 ta qonun loyihalari koʻrib chiqilgan boʻlib, loyihalarni takomiliga yetkazish jarayonida qonun loyihalariga qoʻmitalar tomonidan huquqiy, tahririy tusdagi oʻzgartirishlar kiritilib, qonun loyihasining dastlabki matni 2 foizdan 50 foizgacha oʻzgartirilgan.
Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Raqobat toʻgʻrisida”gi QL-936-sonli qonun loyihasiga masʼul qoʻmita tomonidan 60 ta huquqiy, 206 ta tahririy tusdagi oʻzgartirishlar kiritilib, dastlabki matni 40 foizga oʻzgartirilgan.
Toʻrtinchidan, parlament nazorati davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-oktabrdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5263-sonli Qarori bilan qator qonunlarda korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni bartaraf etish rejalari belgilangan boʻlsada, hanuzgacha ular oʻzgarishsiz qolmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida ekspertlar, olimlar, mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining ishtirokini kengaytirish maqsadga muvofiq. Bu mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini taʼminlash hamda qonun loyihalarining har tomonlama puxta va xalqchil boʻlishiga yordam beradi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida jamiyat hayotining barcha sohalarini tartibga soluvchi milliy qonunchilik amaliyotida yangi institutlarning joriy qilinayotganligi qonun ijodkorligi faoliyatining sifatini yaxshilash boʻyicha ishlarni yanada kuchaytirishni, qonun tashabbuskorligi subyektlaridan amaldagi barcha kodekslarni, qonunlar va boshqa qonun hujjatlarini yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga moslashtirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirishni taqozo qilmoqda.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Sizdan 10 kun muddatda yozma ravishda quyidagi masalalar yuzasidan 2021 — 2023-yillar kesimida asoslantirilgan tushuntirish berishingizni soʻraymiz:
1. Qonun loyihalarini vazirliklar va idoralarning yuridik xizmati tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazish samaradorligi.
2. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qoʻllashga taʼsir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish hamda asossiz cheklovlar, ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillar va tartibga solishning eskirgan mexanizmlarini bartaraf etishga qaratilgan ishlar.
3. Qonun loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish hamda koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga loyihalarning sifatli va oʻz vaqtida kiritilishi, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, havola qiluvchi normalar qoʻllanilishining asosliligi, huquqiy ekspertizadan oʻtkazish jarayonini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili.
4. Normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizasi amaliyotini muvofiqlashtirish borasida olib borilgan ishlar.
5. Normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholash mexanizmi va bu borada amalga oshirilgan ishlar holati.
6. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini alohida qonun bilan tartibga solishning zaruriyati.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi