Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrogʻi va emblemasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 19-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3466]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-martdagi PF-5379-son “Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrogʻi va emblemasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. AZIZOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-oktabr,
113-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Raisining 2023-yil 14-oktabrdagi 113-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrogʻi va emblemasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (bundan buyon matnda Xizmat deb yuritiladi) bayrogʻi va emblemasini tayyorlash, undan foydalanish, saqlash va yoʻq qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Xizmat bayrogʻi va emblemasi Xizmatning rasmiy ramzlari hisoblanadi.
2. Xizmat bayrogʻi va emblemasi oʻlchamidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-martdagi PF-5379-son “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida keltirilgan namunalarga muvofiq boʻlishi kerak.
3. Xizmat bayrogʻi va emblemasi Xizmat harbiy xizmatchilari uchun Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni, Oʻzbekistonning davlat suverenitetini, hududiy yaxlitligini va xavfsizligini himoya qilish muqaddas burch ekanligini eslatib turishga xizmat qiladi.
2-bob. Xizmat bayrogʻi va emblemasini tayyorlash va undan foydalanish
4. Xizmat bayrogʻi va emblemasini tayyorlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Xizmat bayrogʻidan quyidagi bino va inshootlarda foydalaniladi:
Xizmat markaziy devoni binosida va rahbariyati xizmat xonalarida;
Xizmatning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, ularning tumanlar (shaharlar) boʻyicha boʻlimlari (boʻlinmalari), Xizmatning chegara qoʻshinlari, shuningdek Xizmatning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa organlar binolarida;
Xizmatning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, ularning tumanlar (shaharlar) boʻyicha boʻlimlari (boʻlinmalari), Xizmatning chegara qoʻshinlari, shuningdek Xizmatning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa organlar boshliqlarining xizmat xonalarida;
Xizmat tarixi muzeyi, maʼnaviyat va maʼrifat xonalarida hamda majlislar zallarida;
Xizmat ishtirokida yoki tashabbusi bilan tashkil etilayotgan sport musobaqalari va boshqa tadbirlar oʻtkazilayotgan bino va inshootlarda.
6. Xizmat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayroqlari bilan bir vaqtda koʻtarilganda oʻng tomondan koʻtariladi (binoning fasad qismiga qarab turganda).
Xizmat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayroqlari bilan bir tekis joylashtiriladi.
7. Xizmat bayrogʻi binolarning asosiy kirish joyida yoki buning uchun maqbul boʻlgan boshqa joyda yoxud tegishli tutqichi boʻlgan dastada yoki flagshtokda bayroqning dastasi binoning old tomoni bilan koʻpi bilan 45 gradusli burchak hosil qiladigan tarzda koʻtariladi.
Koʻtarib qoʻyilgan Xizmat bayrogʻining matosi yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda boʻlishi kerak.
8. Xizmat bayrogʻi tasviri quyidagi hollarda qoʻllanilishi mumkin:
Xizmat avtotransport vositalari, maxsus va harbiy texnikalarida;
Xizmat harbiy xizmatchilarining harbiy formali kiyim-kechaklarida va farqlovchi nishonlarida;
Xizmat harbiy xizmatchilari uchun oʻtkaziladigan oʻquv-tarbiya jarayonida;
Xizmat rasmiy veb-saytlarida.
9. Xizmat emblemasi quyidagilarda joylashtiriladi:
Xizmat markaziy devoni binosida va rahbariyati xizmat xonalarida;
Xizmatning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, ularning tumanlar (shaharlar) boʻyicha boʻlimlari (boʻlinmalari), Xizmatning chegara qoʻshinlari, shuningdek Xizmatning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa organlar binolarida;
Xizmat ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarning xizmat guvohnomasida.
10. Xizmat emblemasi tasviri quyidagi hollarda qoʻllanilishi mumkin:
Xizmat avtotransport vositalari, maxsus va harbiy texnikalarida;
Xizmat harbiy xizmatchilarining harbiy formali kiyim-kechaklarida va farqlovchi nishonlarida;
Xizmat tarixi muzeyi, maʼnaviyat va maʼrifat xonalarida hamda majlislar zallarida;
Xizmat harbiy xizmatchilari uchun oʻtkaziladigan oʻquv-tarbiya jarayonida;
Xizmat faxriy yorliqlarida hamda ichki va xalqaro yozishma hujjatlarida;
Xizmat rasmiy veb-saytlari va nashrlarida;
Xizmat idoraviy koʻkrak va esdalik nishonlarida.
11. Xizmat bayrogʻi va emblemasi tasviridan quyidagi hollarda foydalanishga ruxsat etiladi:
Xizmat buyurtmasi boʻyicha chop etiladigan bosma mahsulotlarda;
Xizmat tomonidan, shuningdek u bilan hamkorlikda suratga olinadigan kino, video va fotomateriallarda;
Xizmat buyurtmasiga koʻra tayyorlanadigan idoraviy, axborot va esdalik sovgʻa mahsulotlari hamda qadoqlangan paketlarga tushirilgan tasvir sifatida, shu jumladan logotip, kubok, sport medallari, vimpellar va diplomlarda.
12. Xizmat bayrogʻi va emblemasi butun hamda rangi buzilmagan holda koʻtariladi va joylashtiriladi.
13. Xizmat bayrogʻi va emblemasining oʻlchami, oʻrnatilgan yoki joylashtirilgan joylariga mos kelishi kerak.
14. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tovarlarni ishlab chiqarish (ishlarni bajarish va xizmat koʻrsatish) va realizatsiya qilishda Xizmat bayrogʻi va emblemasi tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish taqiqlanadi, bundan Xizmat buyurtmasiga asosan tovarlarni ishlab chiqarish (ishlarni bajarish va xizmat koʻrsatish), shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
15. Yuridik shaxslarning ramziy belgilari Xizmat bayrogʻi va emblemasi bilan aynan oʻxshash boʻlishi mumkin emas.
3-bob. Xizmat bayrogʻi va emblemasini saqlash va yoʻq qilish
16. Xizmat bayrogʻi va emblemasini saqlash, hisobini yuritish, berish va ishlatish Xizmat Raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, ularning tumanlar (shaharlar) boʻyicha boʻlimlari (boʻlinmalari), Xizmatning chegara qoʻshinlari, shuningdek Xizmatning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa organlar boshliqlari tomonidan tayinlanadigan moddiy javobgar shaxslar tomonidan taʼminlanadi, bundan ushbu Nizomning 9-bandi toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holat mustasno.
17. Xizmat bayroqlari va emblemalari keyinchalik foydalanish uchun yaroqsizligi aniqlanganda, moddiy javobgar shaxs ularni almashtirish boʻyicha zarur choralar koʻradi.
18. Binoning old tomonida joylashtirilgan Xizmat bayrogʻini almashtirish uning eskirishiga koʻra, bir yilda koʻpi bilan toʻrt marta amalga oshiriladi. Bino ichida va majlislar zallaridagi bayroq uch yilda bir martadan koʻp boʻlmagan muddatda almashtiriladi. Agar belgilangan muddat tamom boʻlgandan keyin Xizmat bayrogʻi qoniqarli holatda boʻlsa, u almashtirilmaydi.
19. Xizmat emblemasi koʻpi bilan besh yilda bir marta almashtiriladi. Agar ushbu muddat oʻtgach belgi qoniqarli holatda boʻlsa, u almashtirilmaydi.
20. Dastlabki koʻrinishini yoʻqotgan yoki foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolgan Xizmat bayrogʻi va emblemasini yoʻq qilish qayta foydalanishni istisno etish maqsadida yoqish, eritish va maydalash yoʻllari orqali amalga oshirilishi shart.
Foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolgan Xizmat bayrogʻi va emblemasini yoʻq qilish toʻgʻrisida tegishli dalolatnoma moddiy javobgar shaxs tomonidan tuziladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
21. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2023-y., 10/23/3466/0790-son)