Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Aviatsiya faoliyatini samarali tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy aholi va sayyohlarni ichki aviaqatnovlarda tashishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash maqsadida:
1. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Uzbekistan Airways” AJ hamda “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruv organlarining:
“SILK AVIA” MChJ ustav kapitalidagi “Uzbekistan Airports” AJning 100 foiz ulushini uning brendini saqlab qolgan holda “Uzbekistan Airways” AJ tarkibidagi “Uzbekistan Helicopters” MChJ ustav kapitaliga oʻtkazish;
“Uzbekistan Airports” AJning 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemasini “SILK AVIA” MChJga begʻaraz oʻtkazish;
“SILK AVIA” MChJ faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida “ATR72-600” rusumli havo kemalari sonini oshirish;
“Uzbekistan Airways” AJ tarkibidagi “Uzbekistan Helicopters” MChJ zimmasiga mahalliy aviaqatnovlarning sonini oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, yangi yoʻnalishlarni yoʻlga qoʻyish hamda “ATR72-600” rusumli havo kemalari parkini rivojlantirish vazifalarini yuklash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
“Uzbekistan Airports” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi “SILK AVIA” MChJdagi ulushning qoldiq (balans) qiymatiga kamaytiriladi hamda “Uzbekistan Airways” AJdagi davlat ulushi va “Uzbekistan Airways” AJning “Uzbekistan Helicopters” MChJdagi ulushi ushbu qiymatga oshiriladi;
“Uzbekistan Airports” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJ vakillaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan aniqlanadigan “SILK AVIA” MChJga oʻtkazilayotgan 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemalari bilan bogʻliq xarajatlar summasiga kamaytiriladi;
mazkur qarorga asosan aktivlarni bir tashkilotdan boshqa tashkilotga oʻtkazish tovarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma sifatida eʼtirof etilmaydi va iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtiriladi;
“Uzbekistan Airports” AJ va “Oʻzmilliybank” AJ oʻrtasida imzolangan kredit shartnomasi asosida toʻlangan 13,62 million AQSh dollarining (12,5 million AQSh dollari miqdoridagi asosiy qarz va 1,12 million AQSh dollari miqdoridagi kredit foizi) soʻmdagi ekvivalentiga teng miqdorda “Uzbekistan Airports” AJning 2022-yil yakuniga koʻra olgan sof foydasidan Davlat budjetiga toʻlashi lozim boʻlgan dividendlari uch yil davomida teng ulushlarda boʻlib toʻlanishiga ruxsat beriladi, bunda kechiktirilgan dividend summasi Markaziy bankning toʻlov kunidagi kursida hisobga olinadi.
3. Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining:
“Oʻzmilliybank” AJ tomonidan “Uzbekistan Airports” AJga 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemasini xarid qilish uchun berilgan 50 million AQSh dollari miqdoridagi kreditning tegishli qismini “Uzbekistan Airways” AJga kredit shartlarini qayta koʻrib chiqqan holda qayta rasmiylashtirish;
“Uzbekistan Airports” AJning garov taʼminoti sifatida taqdim etilgan koʻchmas mulkini garovdan chiqarib, 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemasi uchun ajratilgan kredit qiymatining 125 foizi miqdoridagi “Uzbekistan Airways” AJning mulki hamda xarid qilinayotgan havo kemalarini garov taʼminoti sifatida taqdim etish;
asosiy qarz, foizlar, komissiya va boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq kelgusidagi xarajatlarni “Oʻzmilliybank” AJ bilan imzolangan kredit shartnomasida koʻrsatilgan miqdordan kelib chiqqan holda, “SILK AVIA” MChJ hamda “Uzbekistan Airways” AJ hisobidan toʻlash;
“Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJ vakillaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan “Uzbekistan Airports” AJning “SILK AVIA” MChJ boʻyicha tuzilgan barcha shartnomalari va moliyaviy xarajatlarini xatlovdan oʻtkazib, ushbu xatlov asosida aniqlangan shartnomalar boʻyicha “Uzbekistan Airways” AJni “Uzbekistan Airports” AJning huquqiy vorisi etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
4. Transport vazirligi aholi va xorijiy sayyohlarning talab hamda ehtiyojlaridan kelib chiqib, hududlarni oʻzaro bogʻlash maqsadida talab yuqori boʻlgan hududlarni aniqlab, ularda aviaqatnovlar sonini oshirish va yoʻnalishlarni muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratgan holda, har yili bir marta ichki aviaqatnovlar yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
bir oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJning “SILK AVIA” MChJdagi 100 foiz ulushi “Uzbekistan Helicopters” MChJga oʻtkazilishini hamda mazkur qarorga muvofiq jamiyatlar ustav kapitallari oʻzgartirilishini;
“Uzbekistan Airways” AJning sof foydasidan davlat ulushiga hisoblanadigan dividendlarni mazkur qarorga muvofiq jamiyatga rasmiylashtiriladigan kreditni qaytarish uchun yoʻnaltirish va mazkur dividendlar hisobidan jamiyat ustav fondidagi davlat ulushini oshirish masalasi jamiyat boshqaruv organlarida koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.
Qarorning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 16-oktabr,
PQ-337-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-oktabrdagi PQ-337-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-412-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. “Oʻzmilliybank” AJ tomonidan “Uzbekistan Airways” AJga 50,0 mln AQSh dollari miqdorida ajratiladigan kredit boʻyicha:
“Uzbekistan Airways” AJning 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemalari uchun ajratilgan kredit qiymatining 125 foizi miqdoridagi mulki hamda xarid qilinayotgan havo kemalari garov taʼminoti sifatida taqdim etiladi;
asosiy qarz, foizlar, komissiya va boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar “Oʻzmilliybank” AJ bilan imzolangan kredit shartnomasida koʻrsatilgan miqdordan kelib chiqqan holda, “SILK AVIA” MChJ hamda “Uzbekistan Airways” AJ hisobidan qoplanadi”.
2. 7-bandning birinchi xatboshisidagi “bilan birgalikda” soʻzlari “bilan birgalikda 2023-yil yakuniga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.10.2023-y., 07/23/337/0784-son)