Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash va ularning tarmogʻini kengaytirish maqsadida:
1. Tadbirkorlik subyektlariga, ularning xohishiga koʻra, 2018 — 2022-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun tuzilgan bitimlarga muvofiq ajratilgan imtiyozli kreditlar boʻyicha imtiyozli davr muddatini 2024-yil 1-oktabrga qadar uzaytirishga ruxsat etilsin.
Bunda:
imtiyozli davr davomida tadbirkorlik subyektlari tomonidan kredit boʻyicha faqat foiz toʻlovlari amalga oshiriladi;
imtiyozli davrda toʻlanishi lozim boʻlgan asosiy qarz boʻyicha toʻlovlar kredit davrining qolgan qismiga teng miqdorda taqsimlanadi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
a) davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar loyiha tashabbuskorlariga quyidagi tabaqalashtirilgan foiz stavkalarida va shartlarda ajratiladi:
Toshkent shahrida — 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka boʻyicha;
Nukus shahri, viloyatlar maʼmuriy markazlari va viloyatga boʻysunuvchi shaharlarda — 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka boʻyicha;
tumanlarda — 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka boʻyicha;
b) mazkur bandning “a” kichik bandida belgilangan imtiyozli kredit shartlari va foiz stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-apreldagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5071-son qaroriga asosan tabaqalashtirilgan foiz stavkalari boʻyicha ajratilgan imtiyozli kreditlarga ham tatbiq etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
3. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2018 — 2022-yillarda imzolangan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar boʻyicha amalga oshirilmagan loyihalarni manzilli tahlil qilib:
Oldingi tahrirga qarang.
ikki oy muddatda xususiy sherikning imkoniyatlarini hisobga olgan holda, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini 2025-yil 1-martga qadar ishga tushirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin;
(3-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-152-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/152/0773-son)
oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan xususiy sheriklar bilan tuzilgan bitimlarni belgilangan tartibda bosqichma-bosqich bekor qilish choralarini koʻrsin.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim bekor qilingan loyihalarning obyektlarini kelgusida ushbu obyektlarda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini yoʻlga qoʻyish sharti bilan auksion savdolari orqali sotish yuzasidan;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
7. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 27-sentabr,
PQ-316-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-sentabrdagi PQ-316-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3651-son qarorida:
a) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Belgilansinki:
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalari boʻyicha tuziladi. Mazkur qaror 1-bandining sakkizinchi — oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda tanlov oʻtkazilmaydi;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2023-yil 1-oktabrdan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etishda davlat sherigi sifatida xususiy sherik bilan bitim tuzadi (2023-yil 1-oktabrga qadar tuzilgan bitimlar uchun davlat sherigi etib Maktabgacha taʼlim agentligi belgilanadi) hamda bitim shartlari xususiy sherik tomonidan lozim darajada bajarilishini monitoring qiladi;
Maktabgacha taʼlim agentligi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etishda davlat sherigi sifatida xususiy sherik bilan bitim tuzadi hamda bitim shartlari xususiy sherik tomonidan lozim darajada bajarilishini monitoring qiladi”;
b) 11-bandning uchinchi xatboshisidagi “Maktabgacha taʼlim agentligiga” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 1-ilovada:
2-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat sherigi — oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish loyihalari boʻyicha — Maktabgacha taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik deb yuritiladi), boshqa shakldagi davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish loyihalari boʻyicha — Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik deb yuritiladi)”;
15-banddagi “Agentlik rasmiy saytining” soʻzlari “Vazirlik rasmiy saytining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
17-bandning birinchi xatboshisi va 27-banddagi tegishli kelishikdagi “Agentlik” soʻzi tegishli kelishikdagi “Vazirlik” soʻzi bilan almashtirilsin;
96-banddagi “xususiy sherik litsenziya olgan kundan” soʻzlari “tomonlar tarafidan imzolangan vaqtdan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
100-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“100. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti shaklidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun xususiy sherik axborot tizimi orqali elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza toʻldirilishida axborot tizimi tomonidan soʻralgan maʼlumotlar kiritiladi. Xususiy sherik axborot tizimiga kiritiladigan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun shaxsan javobgar boʻladi”;
101-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“101. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilishi rad etilmasa, axborot tizimida avtomatik shakllantirilgan bitim xususiy sherik va davlat sherigi tomonidan elektron raqamli imzo orqali imzolanadi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻz faoliyatini davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim davlat sherigi tomonidan imzolanganidan keyin boshlashga haqli”;
118-bandning birinchi xatboshisidagi “Agentlik” soʻzi “Tegishliligi boʻyicha Vazirlik va Agentlik” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-yanvardagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4581-son qarorida:
a) 3-bandda:
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun ajratiladigan hamda xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan kreditlar:
Toshkent shahrida — 10 yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka boʻyicha;
Nukus shahri, viloyatlarning maʼmuriy markazlari va viloyat boʻysunuvidagi shaharlarda — 10 yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka boʻyicha;
tumanlarda — 10 yil muddatga, shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka boʻyicha beriladi”;
“v” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) 2021-yil va kelgusi yillarda tuziladigan bitimlar xalqaro moliya institutlaridan jalb etiladigan imtiyozli kreditlar (qarzlar), shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval ajratilgan kreditlar boʻyicha xususiy sherik tomonidan qaytariladigan asosiy qarzlar hisobidan moliyalashtiriladi”;
b) 6-bandning birinchi xatboshisidagi “Maktabgacha taʼlim vazirligi” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2023-y., 07/23/316/0729-son; 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son; 04.10.2024-y., 06/24/152/0773-son)