Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
MANNON UYGʻUR NOMIDAGI TOShKENT DAVLAT SANʼAT INSTITUTI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 4-iyundagi PQ-1771-sonli “Oʻzbekiston Davlat sanʼat va madaniyat institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat instituti faoliyatini tubdan yaxshilash, teatr sanʼati, kino, televideniye, sanʼatshunoslik hamda mazkur sohaning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish, shuningdek, talabalarning ijodiy isteʼdodi va qobiliyatini har tomonlama toʻliq yuzaga chiqarish uchun zarur moddiy-texnik baza va shart-sharoit yaratish maqsadida:
1. Toshkent shahar hokimiyatining Toshkent shahar, Mirobod tumani, Mironshoh koʻchasi, 123-uy manzili boʻyicha barpo etilayotgan binolar kompleksini Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutiga bepul oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati va ushbu obyekt qurilishini amalga oshirayotgan pudratchi tashkilotlar, sanʼat sohasidagi oliy oʻquv yurtlari oʻquv-ijodiy jarayonlarining oʻziga xosligi va alohida talablarini, institutni auditoriyalar, master-klasslar, yaʼni “mahorat sinflari”, studiyalar va boshqa zarur xonalar bilan taʼminlashni inobatga olgan holda, institut tasarrufiga berilayotgan binolar kompleksi va inshootlarning loyiha-smeta hujjatlariga tegishli tuzatish va qoʻshimchalar kiritsin.
Institut tasarrufiga berilayotgan oʻquv binosini rekonstruksiya qilish boʻyicha yuqorida qayd etilgan barcha ishlar 2005-yilning 1-sentabrigacha yakunlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda mazkur binolar kompleksini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va texnik taʼlim vositalari, uskunalar, mebel, darsliklar, oʻquv-metodik adabiyotlar bilan jihozlash, institutning yangi binodagi faoliyatini toʻliq taʼminlash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun zarur mablagʻlarni ajratish boʻyicha barcha masalalarni koʻrib chiqsin va hal etsin.
4. Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutining Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan taqdim etilgan, boshqaruv va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari soni 253 kishi, jumladan, boshqaruv xodimlari 45 kishi qilib belgilangan tashkiliy tuzilmasi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bir oy muddatda quyidagi ishlarni amalga oshirsin:
Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat instituti tuzilmasini ilovaga binoan tasdiqlangan tuzilmaga muvofiqlashtirsin;
fakultet dekanatlarini shakllantirsin, kafedralar sonini maqbul darajaga keltirgan holda, ularning roʻyxati va nomlanishini qaytadan koʻrib chiqsin;
institutning shtatlar jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
institutning professor-oʻqituvchilar tarkibini tanlov asosida yuqori malakali mutaxassislar bilan mustahkamlasin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari R. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 21-iyul,
PQ-128-son
Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutining tashkiliy tuzilmasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 28-29-son, 208-modda)