Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Transport vositalarida tashishda harakat xavfsizligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Transport vositalarida tashishda harakat xavfsizligini taʼminlash, avtobusda yoʻlovchi tashish jozibadorligini oshirish, avtomobil va temir yoʻl transportida yuk tashishda atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olish va bu borada nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligining avtobus haydovchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish qurilmalari (taxograf) bilan jihozlangan hamda yoʻnalishda faoliyat koʻrsatish uchun tegishli hujjatlari mavjud boʻlgan (avtomobil transportida yoʻlovchilarni muntazam yoʻnalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma va litsenziya) avtobuslarda shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro muntazam yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni tungi vaqtlarda ichki ishlar organlari hamrohligisiz tashish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2024-yil 1-yanvardan boshlab shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashuvchi avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti tabellar, yoʻl varaqlari, chiptani hisobga olish varaqlari taxograf koʻrsatkichiga asosan hisobga olinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
ikki oy muddatda taxograflarni oʻrnatish, qiyoslash, ularga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va tamgʻalash boʻyicha faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning onlayn reyestrini shakllantirib, Transport vazirligi yagona interaktiv axborot portaliga joylashtirsin;
uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda muntazam yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish qoidalarini buzish, yoʻlovchilarni tashuvchi avtotransport vositalari haydovchilarining mehnat va dam olish rejimiga rioya etmaslik holatlari yuzasidan Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan bayonnoma tuzish va maʼmuriy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritishni toʻgʻrisidagi Qonun loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish uchun zarur qurilmalarni Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda xarid qilsin hamda 2024-yil 1-yanvardan boshlab inspektorlarni ushbu qurilmalar bilan taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
a) Ichki ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining sochiluvchan (qadoqlanmagan) qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, qurilish va maishiy chiqindilarni, shuningdek, boshqa toʻkiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va ogʻir yuklardan tashqari) yuklarni (keyingi oʻrinlarda — sochiluvchan yuklar) N, O3 va O4 toifadagi bortli va oʻzi agʻdaruvchi avtotransport vositalarida majburiy tartibda amaldagi standartlar asosida brezent (zichligi 660 g/m2 dan kam boʻlmagan) yoki polivinilxlorid qoplamali (zichligi 900 g/m2 dan kam boʻlmagan) materiallardan tayyorlangan tent bilan bort sathidan oshirmasdan va bortga mustahkam qotirilib, yuza qismi toʻliq yopilgan tarzda tashish;
b) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning 2023-yil 10-sentabrdan boshlab temir yoʻl transportida mahalliy yuklarni (tosh koʻmir, qoʻngʻir koʻmir, koks, maʼdan va maʼdan konsentratlari) ichki yoʻnalishlarda ochiq turdagi vagonlarda bortidan oshirib yuklanganda, yukni tashishda amaldagi standartlar asosida brezent (zichligi 660 g/m2 dan kam boʻlmagan) yoki polivinilxlorid qoplamali (zichligi 900 g/m2 dan kam boʻlmagan) materiallardan tayyorlangan tent bilan qoplangan holda tashish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalarini ishlab chiqib, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin:
temir yoʻl transportida yuklarning xususiyatlarini inobatga olgan holda yuk tashishni tashkil etish tartibi va shartlari;
temir yoʻl transportida harakat xavfsizligini, yuklar va harakatdagi temir yoʻl tarkibining butligini, shuningdek, ekologik xavfsizlikni taʼminlash talablari;
ochiq harakatdagi tarkibda yuklarni tashishga quyiladigan talablar hamda ochiq harakatdagi tarkibda tashiladigan yuklarning turlari;
yuklarni tashish uchun qabul qilish va topshirish tartibi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi avtotransport vositalarining ochiq turdagi bortlarida sochiluvchan yuklarni amaldagi standartlar asosida brezent yoki polivinilxlorid qoplamali materiallar bilan toʻliq yopilgan holda tashilishini qatʼiy nazoratga olsin hamda huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik choralari qoʻllanilishini taʼminlasin.
7. Belgilansinki, temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalari talablariga rioya etilishi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar ushbu qaror asosida transport vositalarida tashish qoidalariga kiritilgan oʻzgartirishlar amaliyotda qoʻllanilishini tahlil qilsin, zaruratga koʻra ularni takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov, transport vaziri I.R. Maxkamov hamda ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-avgust,
406-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-avgustdagi 406-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablarni tasdiqlash haqida” 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son qarorida:
a) 1-ilovaning 19-bandi sakkizinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
b) 2-ilovaning 30-bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Turistlar avtobuslari xavfsizlik talablariga (taxograf va navigatsiya qurilmalari, majburiy va (yoki) ixtiyoriy sugʻurta polislari, yorugʻlik qaytaruvchi maxsus moslama (liniya), ikki nafar haydovchi va ularda mobil aloqa mavjudligi) javob bergan taqdirda kuzatib borilmaydi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 1-avgustdagi 213-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yuklarni tashish qoidalarining 881-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“881. Sochiluvchan (qadoqlanmagan) qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, qurilish va maishiy chiqindilarni, shuningdek, boshqa toʻkiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va ogʻir yuklardan tashqari) yuklarni N, O3 va O4 toifadagi bortli va oʻzi agʻdaruvchi avtotransport vositalarida majburiy tartibda amaldagi standartlar asosida brezent (zichligi 660 g/m2 dan kam boʻlmagan) yoki polivinilxlorid qoplamali (zichligi 900 g/m2 dan kam boʻlmagan) materiallardan tayyorlangan tent bilan bort sathidan oshirmasdan va bortga mustahkam qotirilib, yuza qismi toʻliq yopilgan tarzda tashiladi.
Bunda tent bortni har tomonidan 200±50 mm dan kam boʻlmagan holda yopilishi va mahkamlovchi moslamalar bilan qotirilishi lozim.”.
3. Vazirlar Mahkamasining “Yoʻlovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 22-maydagi 424-son qarorining 1-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tungi vaqtlarda viloyatlararo, shaharlararo, xalqaro va turistik yoʻnalishlar (keyingi oʻrinlarda — yoʻnalishlar) boʻyicha avtobuslarda yoʻlovchilarni, shuningdek, bolalar guruhlarini, umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari oʻquvchilari faqat maxsus jihozlangan xizmat avtomobillaridan foydalangan holda, ichki ishlar organlari hamrohligida tashiladi. Bunda avtobuslar haydovchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish qurilmalari (taxograf) bilan jihozlangan hamda yoʻnalishda faoliyat koʻrsatish uchun tegishli hujjatlari mavjud boʻlgan (avtomobil transportida yoʻlovchilarni muntazam yoʻnalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma va litsenziya) avtobuslarda shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro muntazam yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni tungi vaqtlarda ichki ishlar organlari hamrohligisiz tashishga ruxsat etiladi.”
4. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarining 162-bandida:
a) beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“sochiluvchan (qadoqlanmagan) qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, qurilish va maishiy chiqindilarni, shuningdek, boshqa toʻkiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va ogʻir yuklardan tashqari) yuklarni N, O3 va O4 toifadagi bortli va oʻzi agʻdaruvchi avtotransport vositalarida majburiy tartibda amaldagi standartlar asosida brezent (zichligi 660 g/m2 dan kam boʻlmagan) yoki polivinilxlorid qoplamali (zichligi 900 g/m2 dan kam boʻlmagan) materiallardan tayyorlangan tent bilan bort sathidan oshirmasdan va bortga mustahkam qotirilib, yuza qismi toʻliq yopilgan boʻlsa. Bunda tent bortni har tomondan 200±50 mm dan kam boʻlmagan holda yopishi va mahkamlovchi moslamalar bilan qotirilishi lozim.”;
b) oltinchi-sakkizinchi xatboshlar tegishlicha yettinchi-toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2023-y., 09/23/406/0625-son)