Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash hamda hisobga olish muddatlarini muvofiqlashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 26-yanvardagi PQ-23-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, paxta xom ashyosini yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash va ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 26-yanvardagi PQ-23-son qarorining 10-bandida qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash hamda hisobga olish muddatini paxta xom ashyosi boʻyicha amalga oshiriladigan hisob-kitob muddatiga muvofiqlashtirish belgilanganligi;
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-son qarori bilan tasdiqlangan Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 31-bandiga muvofiq qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olmasdan tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar tomonidan yetishtirilgan paxta xom ashyosini shartnomada belgilangan narxlarda sotib olish va yakuniy hisob-kitoblarni hosil yigʻib olingan yilning 31-dekabriga qadar amalga oshirish majburiyatiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2023-yil hosilidan boshlab, paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan paxta xom ashyosi toʻliq elektron tarozi orqali qabul qilinadi;
b) qoʻshilgan qiymat soligʻini paxta xom ashyosi boʻyicha yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddatiga qadar toʻlash va hisobga olishga ruxsat etiladi;
v) 2026-yil 1-aprelga qadar paxta-toʻqimachilik klasterlari va qishloq xoʻjaligi korxonalari (fermer xoʻjaliklari) oʻrtasidagi hisob-kitoblar hamda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan paxta hosili uchun yakuniy hisob-kitoblar oʻz muddatida amalga oshirilmagan taqdirda, yuzaga kelgan soliq qarzdorligini qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi hisoblangan qishloq xoʻjaligi korxonalari (fermer xoʻjaliklari)ga uch oy muddatga teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi.
paxta-toʻqimachilik klasterlariga qabul qilib olingan paxta hosili uchun elektron hisobvaraq-fakturada koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qishloq xoʻjaligi korxonalari (fermer xoʻjaliklari) tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi budjetga toʻlab berilganidan soʻng hisobga olishga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda mazkur qarorning 2-bandida belgilangan talablardan kelib chiqqan holda, qoʻshilgan qiymat soligʻini boʻlib-boʻlib toʻlash va hisobga olishning avtomatlashtirilgan dasturini ishga tushirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
“Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi bilan birgalikda 2023-yil 5-sentabrga qadar hududlar va klasterlar kesimida paxta xom ashyosini yigʻib olish bilan bogʻliq maʼlumotlar shakllantiriladigan axborot tizimi ishga tushirilishi hamda 2023-yil 15-sentabrdan boshlab “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilinishini;
Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Agroplatforma” axborot tizimi orqali paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar soliq organlarining axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini hamda soliq organlariga doimiy taqdim etib borilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
379-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 09/23/379/0610-son; 14.12.2023-y., 06/23/205/0934-son)