Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini va qatʼiy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni roʻyxatdan oʻtkazishda, qayta roʻyxatdan oʻtkazishda, majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan toʻlovlar stavkalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 11-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2303-4]
Aholini avtomototransport vositalarining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari bilan oʻz vaqtida taʼminlash uchun roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish hamda ularni qoʻshimcha himoya elementlari bilan taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011-yil 23-noyabrdagi 174-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2303, 2011-yil 21-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 51-son, 552-modda) bilan tasdiqlangan Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini va qatʼiy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni roʻyxatdan oʻtkazishda, qayta roʻyxatdan oʻtkazishda, majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan toʻlovlar stavkalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq 2023-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-avgust,
396-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUChKAROV
2023-yil 10-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2023-yil 10-avgustdagi 396-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini va qatʼiy hisobdagi blankalarni berishda, avtomototransport vositalari, ularning tirkamalari (yarim tirkamalari)ni roʻyxatdan oʻtkazishda, qayta roʻyxatdan oʻtkazishda, majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan toʻlovlar stavkalariga kiritilayotgan
OʻZGARTIRIShLAR
1. 1-banddagi “1,5” raqami “3,5” raqami bilan almashtirilsin.
2. 2-banddagi “tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun” hamda “75 foizi” degan soʻzlar tegishli ravishda “tirkamalarga (yarim tirkamalar) ROʻDRB uchun” hamda “1,75 baravari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 4-banddagi “1” raqami “3,5” raqami bilan almashtirilsin.
4. 5-banddagi “50 foizi” degan soʻzlar “1,75 baravari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 1-bobning izohida:
ikkinchi va uchinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yoʻqotilgan bir dona yoki bir juft ROʻDRB oʻrniga yangi bir juft ROʻDRB berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravari miqdorida undiriladi;
yoʻqotilgan bir dona ROʻDRB (mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun) oʻrniga yangi bir dona ROʻDRB berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,75 baravari miqdorida undiriladi;”;
toʻrtinchi xatboshidagi “transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazishda ROʻDRBlarini saqlab qolish uchun belgilangan toʻlov stavkasining 50 foizi” degan soʻzlar “ROʻDRBni oʻn ikki oy muddatdan soʻng yana bir yil muddatga saqlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 5-bobning izohida:
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2023-y., 10/23/2303-4/0599-son)