Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish qoidalariga madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishni kuchaytirishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mamlakatimizda turizm xizmatlarini jadal rivojlantirish, ayniqsa, infratuzilmani yaxshilash, ziyorat turizmi va ichki turizm imkoniyatlarini kengroq ishga solish, shuningdek, madaniy meros obyektlari muhofazasini kuchaytirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, shuningdek, yondosh infratuzilmani tashkil etishda mazkur obyektlarga zarar yetkazilishi mumkin boʻlgan holatlarning oldini olish hamda ularning turistik jozibadorligi saqlab qolinishini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish zarurati paydo boʻlmoqda.
Moddiy madaniy meros obyektlarini asrash, ularning oʻzgartirilishi mumkin boʻlmagan oʻziga xos xususiyatlarini va tarixiy muhitini saqlab qolish hamda ularga tashqi omillar taʼsirini kamaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 30-apreldagi PQ-232-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 787-son qarori bilan tasdiqlangan Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish qoidalariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
chiqindi toʻplash hamda ikkilamchi xomashyoni qabul qilish shoxobchalarini moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralari chegaralaridan tashqarida joylashtirish;
moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlari hududida qattiq maishiy chiqindilarni vaqtinchalik toʻplash va saqlash joylarini binolar fasadining transport va piyoda tranzit kommunikatsiyasi koʻrinmaydigan zonasida tashkil etish, bunda chiqindi tashish maxsus avtotransport vositalarining mazkur obyektlarga shikast yetkazmaslik choralarini koʻrish;
moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlariga shikast yetkazilishining oldini olish maqsadida ular joylashgan hududlarga besh tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli transport vositalarining kiritilishiga yoʻl qoʻymaslik.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
370-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 370-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 13-bandning birinchi xatboshisi “masofada” soʻzidan keyin “shuningdek, moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralari chegaralaridan tashqarida” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. 25-bandda:
a) quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlari hududida qattiq maishiy chiqindilarni vaqtinchalik toʻplash va saqlash joylari binolar fasadining transport va piyoda tranzit kommunikatsiyasi koʻrinmaydigan zonasida (imkon qadar) tashkil etiladi va bunda chiqindi tashish maxsus avtotransport vositalarining mazkur obyektlarga shikast yetkazmaslik choralari koʻriladi”;
b) ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. 44-bandda:
a) quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlariga shikast yetkazilishining oldini olish maqsadida ular joylashgan hududlarga besh tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli chiqindi tashish maxsus avtotransport vositalari kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi”;
b) uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. 473-band “tashkil etishi” soʻzlaridan keyin “hamda moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralari chegaralaridan tashqarida joylashishi” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2023-y., 09/23/370/0597-son)