Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga chet el fuqarolarini oʻqishga qabul qilish oldidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish haqidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 10-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1862-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PF-6110-son “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2008-yil 25-avgustdagi 376-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1862, 2008-yil 24-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 39-son, 403-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga chet el fuqarolarini oʻqishga qabul qilish oldidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish haqidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. INOYATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 17-iyul,
26-son
Kelishildi:
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I. ABDURAHMONOV
2023-yil 27-iyun
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. UMAROVA
2023-yil 7-iyul
Tashqi ishlar vaziri B. SAIDOV
2023-yil 15-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 17-iyuldagi 26-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga chet el fuqarolarini oʻqishga qabul qilish oldidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish haqidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “moliya organlari” degan soʻzlar “iqtisodiyot va moliya organlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 6-band “pasport” degan soʻzdan keyin “yoki identifikatsiya ID-kartasi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
3. 7-bandning birinchi xatboshisidagi “umumiy amaliyot shifokori” degan soʻzlar “oilaviy shifokor” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 8-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Chet el fuqarolari oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari va oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish jarayonida oilaviy shifokor va boshqa shifokor mutaxassislar: otolaringolog, oftalmolog, nevropatolog, xirurg, urolog, ginekolog, psixiatr koʻrigi va flyuorografiya tekshiruvidan, tegishli klinik tahlillari oʻtkaziladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2023-y., 10/23/1862-1/0588-son)