Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda isteʼmol qilayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, hisobga olish, tekshirish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 31-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2215-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi PF-6275-son “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2011-yil 17-yanvardagi 18-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2215, 2011-yil 11-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 15-son, 154-modda) bilan tasdiqlangan Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda isteʼmol qilayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, hisobga olish, tekshirish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. INOYATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 24-iyul,
28-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 24-iyuldagi 28-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni muntazam ravishda isteʼmol qilayotgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, hisobga olish, tekshirish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddimadan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 210-modda) va “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 39-son, 341-modda) qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-yanvardagi 13-son “Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 3-son, 23-modda) muvofiq” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2. 3-banddagi “voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar” degan soʻzlar “Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya hamda Bolalar masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2023-y., 10/23/2215-1/0542-son)