Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirining
buyrugʻi
Avtomobilda tashuvchining foydalanish xizmati va texnika xizmati toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 19-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1936-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrdagi 738-son “Avtomobil transportida yoʻlovchi tashish yoʻnalishlari boʻyicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2009-yil 3-martdagi 19-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1936, 2009-yil 6-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 15-son, 192-modda) bilan tasdiqlangan Avtomobilda tashuvchining foydalanish xizmati va texnika xizmati toʻgʻrisida nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-iyun,
15-son
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2023-yil 26-iyundagi 15-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Avtomobilda tashuvchining foydalanish xizmati va texnika xizmati toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom avtotransport vositasida yoʻlovchi va yuk tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi mustaqil xoʻjalik yurituvchi subyektlarning foydalanish xizmati hamda texnika xizmatiga oid vazifalarni belgilaydi.”;
2. 6-bandning “d” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning hududiy transport boshqarmalariga yangi yoʻnalishlar ochish va/yoki mavjudlarini oʻzgartirish, harakat yoʻnalishi, yoʻnalish masofasi va harakatlanish jadvaliga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflar beradi;”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.07.2023-y., 10/23/1936-2/0495-son)