Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlarini daxlsizlik huquqidan mahrum etish boʻyicha kiritilgan taqdimnomalarni koʻrib chiqish tartibini takomillashtirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi SQ-360-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentiga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)lar Kengashlariga bir oy muddatda ushbu oʻzgartish va qoʻshimcha asosida oʻz reglamentlarini qayta koʻrib chiqish hamda tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)lar Kengashlariga oʻz faoliyatini reglament asosida olib borishlari yuzasidan doimiy ravishda amaliy yordam koʻrsatib borsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
5. Mazkur Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2023-yil 29-may,
KQ-510-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 29-maydagi KQ-510-IV-sonli Qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimcha
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi SQ-360-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentiga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 98-modda chiqarib tashlansin;
2) quyidagi mazmundagi XII1 bob bilan toʻldirilsin:
“XII1 bob. Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik olish toʻgʻrisida kiritilgan taqdimnomani koʻrib chiqish
991-modda. Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala tegishincha viloyat, tuman, shahar prokurorining yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan mahalliy Kengash tomonidan oʻn kun ichida hal etiladi.
Senator etib saylangan deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda hal etiladi.
992-modda. Deputatni javobgarlikka tortishga rozilik olish toʻgʻrisida quyi prokuror tomonidan kiritilgan taqdimnomani yuqori turuvchi prokuror chaqirtirib olishi mumkin.
993-modda. Deputatni jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga rozilik olish toʻgʻrisidagi prokuror taqdimnomasi mahalliy Kengashga kelib tushgandan keyin mahalliy Kengash kotibiyati tomonidan rasmiylashtiriladi va shu kunning oʻzida mahalliy Kengash raisiga hamda Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiya raisiga taqdim etiladi.
994-modda. Taqdimnoma Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyaga kelib tushgandan keyin ikki kun ichida komissiya majlisida muhokama qilinadi.
Muhokama jarayonida daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik soʻralgan deputatning oʻzi ham ishtirok etadi.
995-modda. Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiya majlisida taqdimnomani muhokama qilish yakunlari bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
Bayonnomada majlis boʻlib oʻtgan sana, vaqt, joy, komissiya aʼzolarining va daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik soʻralgan deputatning ishtiroki, raislik qiluvchi, prokuratura vakilining familiyasi, ismi, lavozimi, muhokama jarayonida bildirilgan fikr-mulohazalar mazmuni va ovoz berish natijalari batafsil yoritiladi.
Bayonnomada Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyaning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish yoki rad etish boʻyicha xulosasi aks ettiriladi hamda ushbu masalani mahalliy Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritish nazarda tutiladi.
996-modda. Mahalliy Kengash kotibiyati taqdimnomani rasmiylashtirgandan keyin uni koʻrib chiqish boʻyicha kelgusi oʻn kun ichida oʻtkaziladigan sessiya kun tartibiga kiritish yuzasidan mahalliy Kengash raisiga taklif kiritadi.
Agarda navbatdagi sessiya yaqin uch kun ichida oʻtkazilishi belgilangan va bu sessiya Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyaning majlisi oʻtkaziladigan kundan oldin boʻlsa yoki yaqin oʻn kun ichida sessiya oʻtkazilishi rejalashtirilmagan boʻlsa taqdimnomani muhokama qilish boʻyicha navbatdan tashqari sessiya chaqiriladi. Bunda sessiyani chaqirish boʻyicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etilishi shart.
997-modda. Mahalliy Kengash sessiyasida daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik soʻralgan deputatning oʻzi ham ishtirok etadi, taqdimnoma prokuratura vakili ishtirokida muhokama qilinadi.
Mahalliy Kengash sessiyasida taqdimnomani koʻrib chiqish masalasi muhokama qilinayotganda daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik soʻralgan deputatning raislik qilishi mumkin emas.
Muhokama yakunlari boʻyicha deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish yoki rad etish boʻyicha ovoz berish jarayoni oʻtkaziladi. Sessiyada ishtirok etayotgan deputatlarning taklifiga asosan ovoz berish yopiq shaklda oʻtkazilishi ham mumkin.
998-modda. Mahalliy Kengash sessiyasida deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik olish boʻyicha taqdimnomani koʻrib chiqii1 jarayoni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik soʻralgan deputatning roziligi bilan sessiya ochiq yoki yopiq shaklda oʻtkazilishidan qatʼiy nazar videotasvirga olinadi hamda videomateriallar mahalliy Kengash kotibiyatida saqlanadi.
999-modda. Mahalliy Kengashning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish yoki rad etish masalasiga doir qarori rasmiylashtirilgandan keyin darhol tegishli prokurorga yuboriladi.
9910-modda. Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik olgan prokuror ish yuritish tamomlangan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida mahalliy Kengashga ishni tergov qilish, sudda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida xabar qilishi shart.
Mahalliy Kengashning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berishni rad etgani unga nisbatan jinoyat ishi yuritilishini yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni nazarda tutadigan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuritilishini istisno etadigan va bunday ishlarni tugatishga olib keladigan holat hisoblanadi”.