Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
QMQ 2.01.04-2018 “Qurilish issiqlik texnikasi” qurilish meʼyorlari va qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 19-aprelda hisobga olindi, hisob raqami 161]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga asosan buyuraman:
1. QMQ 2.01.04-2018 “Qurilish issiqlik texnikasi” qurilish meʼyorlari va qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-aprel,
75-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2023-yil 2-mart
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDAShEV
2023-yil 26-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi B. YuSUPALIYEV
2023-yil 21-fevral
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. UMAROVA
2023-yil 1-mart
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I. ABDURAXMONOV
2023-yil 27-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2023-yil 6-apreldagi 75-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
QMQ 2.01.04-2018 “Qurilish issiqlik texnikasi” qurilish meʼyorlari va qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1.2-bandda:
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) quruq holatdagi issiqlik oʻtkazuvchanlik koeffitsiyenti 0,05 Vt/(moS) dan oshmagan samarali issiqlik izolatsiyalovchi materiallardan ratsional foydalanish;”;
quyidagi mazmundagi “e” kichik band bilan toʻldirilsin:
“e) koʻp xonadonli turar joy binolari podyezdlarining kirish eshiklariga hamda barcha turdagi jamoat binolarining tashqi kirish eshiklariga oʻzi yopiluvchi mexanizmlar (dovodchik) oʻrnatilgan boʻlishi lozim.”;
yettinchi xatboshi sakkizinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. 1.6-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Toʻsuvchi konstruksiyalarning issiqlik izolatsiyalovchi qatlamlarida quruq holatdagi materiallarning issiqlik oʻtkazuvchanlik koeffitsiyenti 0,06 Vt (moS)dan oshmagan boʻlishi kerak.”.
3. 2.1-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Energiya tejamkorlik talablarini taʼminlash uchun turar joy, davolash-profilaktika va bolalar muassasalari, oʻquv yurtlari, internatlar qurilishi, rekonstruksiyasi va kapital taʼmirida 2b-jadvalga muvofiq issiqlik himoyasining ikkinchi darajasini qabul qilish lozim.
Chordoqli orayopma (undagi shaxta va moʻrilar) va chordoqsiz tom yopmalarda 2v-jadvalga muvofiq issiqlik himoyalashning uchinchi darajasi qabul qilinadi.”.
4. 2.11-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Turar joy, davolash-profilaktika, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim, oliy taʼlim tashkilotlari va boshqa turdagi jamoat binolarida deraza, balkon eshiklar va fonarlarda uch qavatli oyna-paket konstruksiyalarni qoʻllash GOST 24866-2014 asosida amalga oshirilishi lozim.”.