Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining
qarori
Toʻlov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 3-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3266-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2020-yil 24-iyundagi 357-V va 13-son qarori (roʻyxat raqami 3266, 2020-yil 30-iyun) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2020-y, 10/20/3266/1110-son) bilan tasdiqlangan Toʻlov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-mart,
357-V-5-son
Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshligʻi D. RAXIMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 24-fevral,
7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 3-martdagi 357-V-5-son va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2023-yil 24-fevraldagi 7-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Toʻlov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 1-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ichki nazorat xizmati — toʻlov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarining ichki nazorat tizimini boshqarishga javobgar boʻlgan toʻlov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarining maxsus boʻlinmasi;”;
toʻrtinchi — oʻn oltinchi xatboshilar tegishli ravishda beshinchi — oʻn yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oʻn birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ichki nazorat tizimi — jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etishga qaratilgan tashkiliy tuzilma, metodika va tartib-taomillar majmui;”;
quyidagi mazmundagi oʻn sakkizinchi va oʻn toʻqqizinchi xatboshilari bilan toʻldirilsin:
“yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmasi — chet davlatning qonunchilikka muvofiq yuridik shaxs tashkil etmagan holda tashkil etilgan va oʻz ishtirokchilarining (paychilarning, ishonch bildiruvchilarning yoki boshqa shaxslarning) yoxud boshqa benefitsiarlarning manfaatlarini koʻzlab daromad (foyda) olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan tashkiliy tuzilma (fondlar, sherikliklar, shirkatlar, trastlar, jamoaviy investitsiyalar va (yoki) ishonchli boshqaruvning boshqa shakllari);
akkaunt — toʻlov tizimi operatori yoki elektron pullar tizimi operatori yoxud toʻlov tashkilotining mobil ilovasida mijoz toʻgʻrisidagi maʼlumotlar majmuini oʻz ichiga oladigan hisobga olish yozuvi.”.
2. Quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“41. Toʻlov tizimi operatori yoki elektron pullar tizimi operatori yoxud toʻlov tashkilotining nazorati ostida yoki ahamiyatli taʼsiri doirasida bitta yoki bir nechta pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar boʻlgan taqdirda ichki qoidalar guruhiy yondashuv asosida ishlab chiqilishi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni boshqarish va mijozlarni lozim darajada tekshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni almashish qoidalari va tartib-taomillari;
komplaens nazoratni, auditni va (yoki) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish funksiyalarini guruh darajasida taʼminlash, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadlari uchun zarur boʻlgan hollarda filiallardan va shuʼba korxonalardan ularning mijozlari, hisobvaraqlari va operatsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olinishini taʼminlash;
maxfiylikni va maʼlumotlardan foydalanishni yetarli darajada himoya qilish.”.
3. 8-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ichki nazorat masʼul xodimi sifatida faqat toʻlov tizimi operatorining, elektron pullar tizimi operatorining yoki toʻlov tashkilotining ijro etuvchi (ijroiya) organi aʼzosi yoki rahbarining oʻrinbosari tayinlanishi mumkin.”.
4. 11-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Masʼul xodim muntazam ravishda malakasini oshirish boʻyicha maxsus oʻquv kurslarda ishtirok etib borishi lozim.”.
5. 27-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27. Yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlar bajarilayotganda quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlarni;
yuridik shaxsning rahbariyati haqidagi, shuningdek taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar.
Ushbu Qoidalar bilan yuridik shaxslar uchun oʻrnatilgan talablar yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmasiga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Mazkur maʼlumotlar tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishni avtomatlashtirilgan tizimi orqali olinadi, ushbu tizimdan maʼlumotlarni olish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, ular bevosita mijozni oʻzidan olinadi.”.
6. 28-bandda:
birinchi xatboshidagi “Yuridik shaxs va yuridik shaxs boʻlmagan tashkilotlarni” degan soʻzlar “Yuridik shaxslarni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “yuridik shaxs yoki yuridik shaxs boʻlmagan tashkilotning” degan soʻzlar “yuridik shaxsning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 31-bandning toʻrtinchi xatboshisidan “va yuridik shaxs boʻlmagan tashkilotlar” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
8. 33-bandda:
birinchi xatboshidagi “kamaytirish boʻyicha tegishli choralarni koʻrishlari kerak” degan soʻzlar “minimallashtirish yuzasidan tegishli rejalarni ishlab chiqishi va amalga oshirishga doir choralarni koʻrishlari kerak” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlaridan oʻzlarida oʻtkazilgan tavakkalchiliklarni baholash natijalarini soʻrab olishga haqli.”.
9. 34-band quyidagi mazmundagi “g1” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g1) akkauntlariga 20 ta va undan ortiq bank kartalari biriktirilgan shaxslar;”.
10. 37-bandda:
quyidagi mazmundagi oltinchi — oʻn birinchi xatboshilari bilan toʻldirilsin:
“1 ta akkaunt yoki elektron hamyondan bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan oshadigan umumiy summadapul mablagʻlarini bir yoki bir nechta bank kartalariga yoxud elektron hamyonlarga oʻtkazilishi;
1 ta elektron hamyonga bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablagʻlarini bir yoki bir nechta bank kartalaridan yoxud elektron hamyonlardan kelib tushishi;
5 ta va undan ortiq elektron hamyondan bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 1 ta xorijiy elektron hamyonga pul mablagʻlarini oʻtkazilishi;
5 ta va undan ortiq elektron hamyonga bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 1 ta xorijiy elektron hamyondan pul mablagʻlarini kelib tushishi;
1 ta akkauntdan (elektron hamyondan) mobil ilova orqali bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 5 ta va undan ortiq xorijiy bank kartasiga yoki xorijiy elektron hamyonga pul mablagʻlarini oʻtkazilishi;
1 ta elektron hamyonga bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 5 ta va undan ortiq xorijiy bank kartasidan yoki xorijiy elektron hamyondan pul mablagʻlarini kelib tushishi;”;
oltinchi xatboshi tegishli ravishda oʻn ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
11. 42-bandning oltinchi xatboshisidan “yoki yuridik shaxs boʻlmagan tashkilot” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
12. 44-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44. Shubhali operatsiya haqidagi xabar Ichki nazorat xizmati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 402-son qarori bilan tasdiqlangan Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq maʼlumotlarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq maxsus vakolatli davlat organiga beriladi.”.
13. 47-bandning toʻrtinchi xatboshisidan “operatsiya toʻxtatib turilgan kunning oʻzida” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
14. 66-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Toʻlov tizimlari operatorlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarida masʼul xodim yoki Ichki nazorat xizmatining faoliyati ichki audit xizmati yoki tashqi audit tomonidan tekshirib boriladi.”.
15. 2-ilovada:
nomidan “, yuridik shaxs boʻlmagan tashkilotlar” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
1-banddagi “Yuridik shaxslar va yuridik shaxs boʻlmagan tashkilotlarni” degan soʻzlar “Yuridik shaxslarni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
“j” kichik banddan “, yuridik shaxs boʻlmagan tashkilot” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2023-y., 10/23/3266-3/0188-son)