Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining
Qarori
Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 3-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2886-10]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining 2017-yil 17-apreldagi 343-V va 14-son qarori (roʻyxat raqami 2886, 2017-yil 23-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 21-son, 401-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-mart,
343-B-12-son
Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshligʻi D. RAXIMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 1-mart,
8-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 3-martdagi 343-V-12-son va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2023-yil 1-martdagi 8-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ichki nazorat xizmati — tijorat bankining ichki nazorat tizimini boshqarishga javobgar boʻlgan tijorat bankining maxsus boʻlinmasi;”;
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tijorat bankining ichki nazorat tizimi — jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etishga qaratilgan tashkiliy tuzilma, metodika va tartib-taomillar majmui;”;
quyidagi mazmundagi oʻttiz ikkinchi va oʻttiz uchinchi xatboshilari bilan toʻldirilsin:
“elektron hamyon — elektron pullar saqlanadigan va ulardan foydalanish imkonini beradigan elektron pullar tizimining dasturiy taʼminoti, mikroprotsessor (chip) va dasturiy-texnik vositalar;
akkaunt — bankning mobil ilovasida mijoz toʻgʻrisidagi maʼlumotlar majmuini oʻz ichiga oladigan hisobga olish yozuvi.”.
2. 11-band quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ichki nazorat xizmati rahbari sifatida faqat bankning boshqaruv aʼzolaridan biri tayinlanadi.”.
3. 49-band quyidagi mazmundagi xatboshilari bilan toʻldirilsin:
“mijozning bank kartasidan bank mobil ilovasi orqali bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablagʻlarini bir yoki bir nechta bank kartalariga yoxud elektron hamyonlarga oʻtkazilishi;
mijozning bank kartasiga bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablagʻlarini bir yoki bir nechta bank kartalaridan yoxud elektron hamyonlardan kelib tushishi;
5 ta va undan ortiq bank kartasidan (elektron hamyondan) bank mobil ilovasi orqali bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 1 ta xorijiy elektron hamyonga pul mablagʻlarini oʻtkazilishi;
5 ta va undan ortiq bank kartalariga (elektron hamyonlarga) bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 1 ta xorijiy elektron hamyondan pul mablagʻlarini kelib tushishi;
1 ta bank kartasidan (elektron hamyondan) bank mobil ilovasi orqali bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 5 ta va undan ortiq xorijiy bank kartasiga yoki xorijiy elektron hamyonga pul mablagʻlarini oʻtkazilishi;
1 ta bank kartasiga (elektron hamyonga) bir vaqtda yoki koʻp marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 5 ta va undan ortiq xorijiy bank kartasidan yoki xorijiy elektron hamyondan pul mablagʻlarini kelib tushishi.”.
4. 55-band quyidagi mazmundagi “l1” va “l2” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“l1) yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmasi;
l2) akkauntlariga 20 ta va undan ortiq bank kartalari biriktirilgan shaxslar;”.
5. 62-bandda:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
6. 70-banddan “shubhali operatsiya aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay,” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
7. 71-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“71. Har bir xabar toʻgʻrisidagi maʼlumot maxsus jurnalga kiritiladi.
Maxsus jurnal elektron shaklda yuritiladi.”.
8. 72 va 91-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
9. 74-bandning beshinchi xatboshisidan “operatsiya toʻxtatib turilgan kunning oʻzida” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
10. 82-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“82. Maxsus jurnalga operatsiya haqidagi barcha maʼlumotlar kiritiladi, xususan maxsus jurnalga kiritiladigan maʼlumot tartib raqami va sanasi, mijoz nomi (mijoz xos raqamini koʻrsatgan holda), operatsiya turi, summasi va amalga oshirilgan sanasi, mijoz kontragenti haqidagi maʼlumotlar, operatsiya yuzasidan maʼlumot taqdim qilgan boʻlinma nomi, operatsiya boʻyicha amalga oshirilgan choralar toʻgʻrisida maʼlumot, shu jumladan xabar berilgan sana va raqami va boshqalar.”.
11. 84-banddan ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
12. 90-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“90. Ichki nazorat xizmati faoliyatida ishlatilgan hujjatlardan (Markaziy bank va maxsus vakolatli davlat organi bilan yozishmalar, shu jumladan maxsus vakolatli davlat organiga berilgan elektron shakldagi xabarlar, mijozlarning elektron shaklidagi anketalari, jurnallar va boshqalar) foydalanish imkoniyatini chegaralash maqsadida bunday hujjatlar va ularning roʻyxati bevosita Ichki nazorat xizmati (masʼul xodim) tomonidan maxsus jihozlangan xonada yoki seyfda qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlar davomida, lekin kamida besh yil mobaynida saqlanishi kerak.”.
13. 3-ilovaning 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Mijoz anketasini toʻldirgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2023-y., 10/23/2886-10/0189-son)