Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Taʼlim tashkilotlarida koʻp yil xizmat qilgan pedagog kadrlarni yanada qoʻllab quvvatlash, ularning mehnatini ragʻbatlantirish, attestatsiya jarayonlarini soddalashtirish hamda majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar roʻyxatini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2023-yil 1-apreldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq quyidagilar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:
pedagogik faoliyat boʻyicha 25 yil va undan koʻp ish stajiga ega boʻlgan pedagog xodimlar;
yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan koʻp boʻlmagan muddat qolgan pedagog xodimlar.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
3. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Y. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 23-mart,
120-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 120-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“pedagogik faoliyat boʻyicha 25 yil va undan koʻp ish stajiga ega boʻlgan pedagog xodimlar;
yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan koʻp boʻlmagan vaqt qolgan pedagog xodimlar”;
toʻrtinchi — oʻn uchinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi — oʻn beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.03.2023-y., 09/23/120/0161-son)